Yaxshilik yaxshi

Kollejdagi mashg‘ulotlar kech tugadi. Kech kuz bo‘lgani uchun allaqachon qorong‘u tushgandi. Buning ustiga shivalab yomg‘ir yog‘ib turibdi. Avtobusdan tushgach uyoq-buyoqqa alangladim. Aksiga olib hech kim yo‘q. Uygacha ikkita ko‘chadan o‘tishim kerak. Avvallari kech qolmaganim uchun qorong‘uda yurish qo‘rqinchli edi. Oyim tog‘amnikiga to‘yga ketgan. Bo‘lmasa allaqachon bekatga chiqib olgan bo‘lardilar. Yomg‘ir shamol aralash yog‘ayotgani uchun daraxt shoxlarida qolgan yakkam-dukkam yaproqlar chirt-chirt uzilib yerga tushyapti. Bittasi boshimga tushdi. Cho‘chib boshimni ushladimu taqqa to‘xtab qoldim. Ro‘paramda esa kattakon it turardi. Yuzimga tomgan muzday tomchidan o‘zimga keldim.

Shoshib-pishib portfelimdan non oldimda unga tashladim. It shoshmasdan kelib nonni tishladi-da chetga o‘tdi. Yo‘limda ravona bo‘ldim. Allaqanday ovozni ilg‘ab ortimga tisarilib qaradim. Boyagi it orqamdan lo‘killab kelyapti. To‘xtasam u ham to‘xtadi. “Ha olapar, qorning to‘ymadimi” dedimda, qolgan nonni ham irg‘itdim. It nonni “xop” etib tutib oldida, yutib yubordi. “Olapar” meni uyimgacha kuzatib qo‘ydi. Kelinoyim meni eshikni oldida kutib olgach, it sekin orqasiga qaytdi.

– Juda katta it ekan, tashlanmadimi ishqilib? Telefon qilsangiz bekatda kutib olardim. Yahshiyam hech narsa qilmabdi. Naq oyimdan baloga qolardim-a. Kiring, kiyimingizni almashtirib chiqing, ovqat tayyor, – dedi kelinoyim.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. “Olapar” esimdan ham chiqib ketdi. Kuz o‘tdi, qish o‘tdi, Olapar boshqa ko‘rinmadi.

Navro‘z bayramidan keyin, Do‘mbiroboddagi shifoxonaga amaliyot o‘tash uchun bordik. Amaliyot rahbarimiz ham, shifoxonadagi ustozimiz Ra’no Anvarovna ham juda talabchan. Biror soat ham vaqtli chiqib ketolmaymiz. Shanba kuni Amaliyot soatimiz tugab uyga otlanayotganimda, terapiya bo‘limiga og‘ir bemorni keltirishdi.

– Shodiya, sen operatsiyada qatnash, ko‘zing pishadi, o‘rganasan, – dedi Ra’no Anvarovna, – Menga ko‘maklashasan.

Bemor ko‘richak bo‘lgan ekan, operatsiya uncha uzoqqa cho‘zilmadi. Lekin operatsiyada birinchi marta qatnashganim uchunmi, yoki qondan qo‘rqqanimgami ancha tobim qochib qoldi. Ko‘nglim aynib, ichim g‘alati bo‘laverdi. Biroq, buni Ra’no Anvarovnaga aytishga uyaldim. Xonaga kirib xalatimni yechdim. Burchakdagi tumbochka ustida turgan grafindan muzdek suv quyib ichdim. Yuzimni yuvib, bir pas stulda o‘tirdim. So‘ng beholgina o‘rnimdan turib tashqariga chiqdim. Sekin-sekin yurib bekatga bordim. Uydagilarga qo‘ng‘iroq qilish uchun sumka titkilayotganimda, avtobusim kelib to‘xtadi.

Yugurib unga chiqib oldim. Hayriyat, bo‘sh o‘rindiqlar ko‘p ekan. Darrov o‘tirib muzday derazaga peshonamni qo‘ydim. Vujudimni muzday ter bosdi…

– Shodiya, Shodiya, keyingi bekat sizniki,– chiptachi bola meni tanigani uchun ogohlantirib qo‘ydi, – mazangiz bo‘lmayaptimi, rangingiz oqarib ketibdi. Yordam kerakmasmi? – dedi u menga qarab.

Yo‘q, yo‘q yaxshiman, – shoshilib o‘rnimdan turib sumkamni bag‘rimga bosgancha avtobusdan tushib oldim. Hozir uyga yetib olsam o‘tib ketadi. Yotaman-u uxlayman, xayolimda faqat shu fikr aylanardi.

Bahor shabadasi dimog‘imga nastarin hidini ufirdi. Sal o‘zimga kelganday bo‘ldim. Kun botay deb qolibdi. Sumkamni titishga holim yo‘q. Oyoqlarimni arang sudrab yo‘lga tushdim. Xolamning uyigacha yetib olsam bo‘ldi… Oyimni chaqirishadi. Birdan og‘zim achchiq suvga to‘ldi, ko‘z oldim qorong‘ulashib ko‘cha chetidagi daraxt panasiga o‘tdim. Bir vaqt kimdir yuzimni silaganday bo‘ldi. Ko‘zimni zo‘rg‘a ochdim. Kattakon it yuzlarimni yalayotgandi. Qo‘rquvdanmi, og‘riqdanmi hushimdan ketdim. Ko‘zimni ochsam uyda yotibman. Bu yog‘ini oyim aytib berdilar. Oyim kechikkanimdan xavotirlanib ko‘chaga chiqib qarasalar bitta kattakon it u darvozamizdan bu darvozamizga yugurib yurganmish. Avvaliga oyim qo‘rqib ketibdilar. Lekin itning bezovtalanishi bejiz emasligini sezib, “Olapar, olapar tinchlikmi”, debdilar. It onamga bir pas qarab turibdi-da lo‘killab yo‘lga tushibdi. Keyin to‘xtab orqasiga qarabdi. Oyim unga beixtiyor ergashibdilar. It oyimni xolamning ko‘chasiga yetaklabdi. Xolamning uyi yaqinidagi chinor tagida uch-to‘rt kishi to‘planib turgan ekan. It vovullab ularga tashlanibdi. Kishilar itdan cho‘chib o‘zlarini chetga olishibdi. Oyim borib qarasalar u yerda men yotgan ekanman. Oyim darrov meni bag‘riga bosibdi.

– Sizning qizingizmi,– oyimga yaqinlashibdi bir ayol. – Biz uning sumkasidan telefonini olib mana bu raqamga telefon qildik,– debdi. Shu choq akam mashinada yetib kelibdi…

– Qara, jonivorga bergan bir burda noning seni qutqarib qoldi-ya. It odamning do‘sti deganlari bejiz emas ekan. Sho‘rlik it mashinamiz ketidan uygacha keldi,– dedi oyim.

Nonushta qilib, o‘zimga kelgach, Ra’no Anvarovnaga qo‘ng‘iroq qilib, ahvolni tushuntirdim. U “mayli buguncha dam olaqol” dedi. Men hovliga chiqdim. Quyosh charaqlab turibdi. Havo biram yoqimli. Uyga kirgim kelmadi. Bir pas ko‘cha aylanish uchun tashqariga chiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, darvozamizdan besh-olti qadam narida Olapar darvozaga termulib yotardi. U meni ko‘rib o‘rnidan turdi…

Yana o‘qing:  Maqsad yo‘llarida tolib bo‘lmaydi

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: