Farzand salomatligi – bebaho
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham salmoqli ishlarni amalga oshirayotir. Xususan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, har tomonlama qo‘llab – quvvatlash, nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish hamda sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda, jamg‘arma tomonidan ishlab chiqilgan bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida davolash maxsus dasturi doirasida bu yil fevral oyida 13 nafar bola jamg‘arma tomonidan Germaniyaga davolanish uchun jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu hamkorlikning davomi sifatida joriy yilning 3-10 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 martdagi Dasturi doirasida Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti mutaxassislari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida, shuningdek, 8-9 aprel kunlari Fondning tibbiy-ijtimoiy markazida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi bemor bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– O‘zbekistonda aholi sog‘lig‘ini saqlash, ta’lim-tarbiya, madaniy-ma’rifiy sohalar taraqqiyotiga bemisl e’tibor qaratilayotganidan bilish mumkinki, bu yurtning kelajagi buyuk, – deydi Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti gumanitar loyihalar bo‘yicha koordinatori Liza-Katolina Nootxoff. – Gapim tasdig‘i sifatida hali hech bir davlatda bolalar salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmaganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingizda tibbiyotning turli yo‘nalishlari ona va bola salomatligini asrash, ayniqsa, lab-tanglay va ortopedik jarrohlik amaliyoti jadal ravnaq topmoqda. Bolalarni sog‘lomlashtirishga oid ushbu dastur har ikki mamlakat shifokorlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish imkonini berayotgani ahamiyatlidir.
Ta’kidlash joiz, jismoniy holati og‘ir deb topilgan bemor bolalar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan vaqtga jo‘natiladi.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri