Homiladorlik mas’uliyati
Farzandim sog‘lom dunyoga kelsin degan har bir ota-ona, avvalo, o‘z salomatligi haqida qayg‘urishi zarur. Ayniqsa, bo‘lajak onalar homilador bo‘lgunlaricha to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Shuningdek, homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollar peshob-tanosil yo‘llari infeksiyalari yuqishidan ham ehtiyot bo‘lishlari shart. Quyida ushbu infeksiyalar va ularning oldini olishga doir chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Peshob yo‘llari infeksiyasi deganda peshob yo‘llari shilliq pardasining bakteriyalarni bostirib kirishiga qarshi yallig‘lanish javob reaksiyasi tushuniladi, u peshobda bakteriyalar va yiringning (ko‘p miqdordagi leykotsitlar) mavjudligi bilan xarakterlanadi. Peshob yo‘llari infeksiyasi ambulatoriya hamda shifoxona amaliyotida eng ko‘p tarqalgan kasalliklardan hisoblanadi.
XX asrga kelib, asosiy infeksion kasalliklarni davolash va profilaktika qilish bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Samarali davolash, emlash va sanatsiyalash usullarini qo‘llash natijasida sil, chechak, o‘lat va ichak infeksiyalari kabi kasalliklarni keskin kamaytirish imkonini berdi. Infeksion kasalliklar bilan shug‘ullanuvchi olimlar esa o‘zlarining e’tiborlarini peshob-tanosil yo‘llari infeksiyasiga qaratdilar.
Peshob-tanosil yo‘llari infeksiyasi ko‘pincha shaxsiy va jinsiy hayot sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida endogen (ichki) va ekzogen (tashqi) infeksiyaning ushbu sohaga kirishi natijasida rivojlanadi.
Bu infeksiyalar bilan bog‘liq asoratlar juda jiddiy hisoblanadi. Masalan, piyelonefrit va sistit kasalliklari bemorga ko‘p azob beradi. Peshob-tanosil yo‘llari infeksiyasi muammolari ko‘p mamlakatlarda iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Peshob yo‘llari infeksiyalari ayollarda erkaklarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Bakteriuriya yosh ayollarda erkaklarga nisbatan 30 marotaba ko‘p uchraydi. 65 yoshga yetgan ayollarning 20 foizda bakteriuriya aniqlanadi.
Ayollarda peshob-tanosil tizimida infeksiya paydo bo‘lishining asosiy sababi uretradan yuqoriga ko‘tariluvchi infeksiya hisoblanadi. Bu ayollar peshob-tanosil tizimining o‘ziga xos anatomik tuzilishga ega ekanligi va to‘g‘ri ichak florasining oraliq sohasiga va qin dahliziga tarqalishiga moyilligi borligi bilan bog‘liq. Jinsiy aloqa ham ayollarda peshob yo‘llari infeksiyasi kelib chiqishida hal qiluvchi omil bo‘lib hisoblanadi.
Peshob yo‘llari infeksiyasi ko‘p hollarda ichak tayoqchasi tomonidan chaqiriladi. Bu bakteriya ambulator bemorlarning taxminan 90 foizda birlamchi peshob yo‘llari infeksiyasiga sababchi deb hisoblanadi va u ichak tayoqchasining adgeziv xususiyatlari, ya’ni qin va peshob yo‘llari shilliq pardasi epitelial hujayralariga xivchinlari (oqsillardan iborat o‘simtalari) bilan yopishib olish qobiliyati bilan bog‘liq.
Asoratlanmagan peshob yo‘llari infeksiyasi bo‘lgan bemorlarni davolash, odatda, ambulatoriya sharoitida olib boriladi va qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ko‘p hollarda bu a’zolarning shilliq pardasini zararlovchi yuzaki infeksiya bo‘ladi. Shuning uchun antibakterial dorilar bilan oson davolanadi.
Asoratlangan peshob yo‘llari infeksiyasini davolash birmuncha qiyin, chunki ular uzoq muddat va surunkali kechishiga moyilligi bilan tez-tez qaytalanib turadi. Peshob yo‘llaridan peshobni normal oqib o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi omilni bartaraf qilish, ya’ni peshobning adekvat passajini tiklash juda muhim hisoblanadi. Yiringli septik jarayon og‘ir kechganda nafaqat asosiy qatordagi dorilar, balki rezerv dorilar ham qo‘shib ishlatiladi.
O‘tkazilgan maxsus skrining tekshiruvlar bakteriuriyaning tarqalganligi homilador ayollarda ham, homilador bo‘lmagan ayollarda ham bir xil ekanligini qo‘rsatdi. Lekin bakteriuriyasi bo‘lgan homilador ayollarda o‘tkir piyelonefritning rivojlanishi darajasi juda yuqori va u 1-4 foiz homilador ayollarda kuzatiladi.
O‘tkir homiladorlik piyelonefriti ko‘p uchrashi sababli u kasallikning alohida shakliga ajratilgan. O‘tkir piyelonefrit homiladorlikning ikkinchi yarmida kuzatiladi. Homiladorlarda quyidagi moyillik omillari piyelonefritning paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi: 1) homiladorlikning 8-haftasidan aniqlanadigan gormonal xarakterdagi (estrogenlar, progesteron va glyukokortikoidlarning ko‘p bo‘lishi), neyrogumoral o‘zgarishlar natijasida yuqori peshob yo‘llari tarangligining pasayishi; 2) peshob nayini, asosan o‘ng tomondagisini, homilador bachadonini mexanik ravishda bosishi; 3) homiladorlarning 5 – 10 foizida asimptomatik (belgisiz) bakteriuriyaning borligi. Oxirgi holat juda muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘tkir piyelonefrit o‘rtacha 30 foiz asimptomatik bakteriuriyasi bo‘lgan homiladorlarda kuzatiladi. Ularda, hatto antibakterial davolashga qaramasdan, o‘tkir piyelonefrit peshobi steril bo‘lgan homiladorlarga qaraganda ko‘proq paydo bo‘ladi. Homiladorlarning o‘tkir piyelonefriti ko‘pincha o‘ng tomonida uchraydi, buni kattalashgan bachadonning o‘ng peshob nayini ko‘proq bosishi bilan bog‘lash mumkin.
Bemor klinikaga tushgandan keyin buyraklardan peshob oqimi xarakterini aniqlash uchun tezda buyraklarni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish kerak. Bunda o‘tkir piyelonefrit bo‘lgan homiladorlarda peshob oqimi buzilmagan bo‘lsa, bemorni sog‘lom yonboshga yotqizib karavotning oyoq qismini ko‘tarib, o‘tkir piyelonefritning xurujini qaytarish uchun antibakterial davolashni o‘tkazish yetarli bo‘ladi. Agar kasal bo‘lgan tomondagi peshob nayidan peshobning oqib o‘tishi buzilgan bo‘lsa, ko‘pchilik bemorlarda antibakterial davoni buyraklarni drenajlash bilan (nefro– yoki piyelostomiya yo‘li bilan) birga qilinganda uning ahvolini anchagina yaxshilashga va piyelonefrit xurujini qaytarishga erishiladi. O‘z vaqtida qilingan operatsiya buyrakda og‘ir yiringli jarayon rivojlanishining oldini oladi va nefro– yoki piyelostomasi bor bo‘lishiga qaramasdan homilaning me’yorda tug‘ilish bilan tugallanadi. Nefropiyelostomik drenajni homilador ayol tuqqanidan keyin peshob yo‘llarining tarangligi tiklangunga qadar (4 – 6 hafta) saqlash kerak.
So‘nggi yillarda homiladorlarda piyelonefrit xurujini qaytarib bo‘lmaganda buyrakni drenajlash uchun ultratovush nazorati ostida bajariladigan teri orqali punksiya qilish yo‘li bilan amalga oshiriladigan nefrostomiya usuli muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Piyelonefritning tez-tez ro‘y beradigan xurujida uning yiringli shaklining profilaktikasi uchun buyrak jomini oddiy kateterlash o‘rniga buyrakka uzoq muddatga (1-2 oy davomida) qo‘yiladigan o‘zini ushlab turadigan kateter-stentdan foydalanilmoqda. Agar peshob nayiga kateter kiritilganda o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq uchrasa, uning sababini aniqlash kerak. Faqat shunday vaziyatda, odatda, peshob nayida tosh borligini aniqlash uchun umumiy urografiya, ko‘rsatmasiga binoan retrograd ureteropiyelografiya qilinadi. Agar tosh bor bo‘lib, uning kattaligi mustaqil ravishda chiqib ketishiga ishonch bo‘lsa hamda u peshob nayining pastki uchdan birida joylashgan bo‘lsa va homila muddati katta bo‘lsa (12 haftadan ortiq) peshob oqimini buyrakdan teri orqali punksiyali nefrostomiya yordamida tiklash maqsadga muvofiqdir. Qolgan hollarda shoshilinch operativ davo – ureterolitotomiya qilinadi.
Homiladorlar o‘tkir piyelonefritini antibakterial davolashning o‘ziga xosligi ma’lum. Homiladorlikning birinchi uch oyligida tetratsiklin va ftorxinolonlarni, ular teratogen (homila rivojlanishiga salbiy ta’sir etadi) bo‘lgani sababli buyurish mumkin emas. Homiladorlikda aminoglikozidlarning quloqqa zararli ta’siri borligi sababli ham tavsiya berish o‘rinsizdir. Uzoq davolash uchun sefalosporlar va aminopenitsillin V-laktamaza ingibitorlari qo‘llaniladi.
Homiladorlarda o‘tkir piyelonefritning oldini olish uchun surunkali piyelonefritga olib keluvchi kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘ri davolash kerak. Piyelonefritning birinchi subklinik (belgisi – asimptomatik bakteriuriyasi bo‘lgan homiladorlarni majburiy davolash lozim. Homiladorlar peshobini har oyda kamida bir marta bakteriologik tekshirish tavsiya qilinadi. Bunda o‘tkir piyelonefritning paydo bo‘lishi bo‘yicha xavfli guruhga ko‘p bolali, homiladorlik davrida qag‘anoq suvi ko‘p bo‘lsa homilasi katta va chanog‘i tor homiladorlar kiritiladi. Ularda piyelonefritning oldini olish homiladorlikning II va III oyligida buyraklarni ultratovush yordamida tekshirib urodinamikaning klinik davrigacha bo‘lgan buzilishini, asimptomatik bakteriuriyani aniqlash va davolashdan iborat.
Homiladorlar o‘tkir piyelonefriti o‘z vaqtida davolansa asoratsiz kechadi. Lekin, homiladorlik vaqtidagi o‘tkir piyelonefrit ilgari boshdan o‘tkazilgan piyelonefrit natijasida bo‘lsa, agar ayol tuqqanidan keyin to‘liq tuzalishiga erishilmasa yoki takroriy homiladorlikda o‘tkir piyelonefrit paydo bo‘lsa, surunkali piyelonefrit rivojlanishi yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Farhod OQILOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor