MTMdan maktab sari
Maktabga borish bolalarning hayotida juda katta voqeadir. Bilim maskani hayoti bolalarga yangi bir dunyoni ochib beradi, shu davrdan boshlab bolalarninig asosiy faoliyatlari o‘zgaradi. O‘qish, fan asoslarini puxta o‘zlashtirishga kirishadi.
Buning uchun bolalarda barqaror diqqat, o‘tkir zehn, iroda va shuningdek, mustaqillik, ishchanlik, batartiblik xislatlari bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasida bolalarning jismoniy o‘sishlariga qanchalik e’tibor berilsa, ularning aqliy va axloqiy rivojlanishiga ham shunchalik e’tibor beriladi. Bolalarning maktabga chiqishlari doimo nazarda tutilib, ular bilan o‘tkaziladigan ta’lim mashg‘ulotlarda ularning idroki, diqqati, tasavvur va xotiralari, xayol hamda tafakkurlari tizimli ravishda taraqqiy ettirib boriladi.
Ta’kidlash joiz, bolalarni maktabdagi o‘qish jarayoniga tayyorlashda ularning nutqini o‘stirish zaruriy shartlardan hisoblanadi. Bolalarning ravon so‘zlashlari maktabga tayyor ekanliklarini ko‘rsatuvchi eng ishonchli dalildir. Shuning uchun ularning o‘z ona tillarini yaxshi, puxta o‘rganishlariga, ya’ni so‘z boyligini shakllantirishga, to‘g‘ri talaffuz qilishlariga, to‘la hamda to‘g‘ri jumla tuza olishlariga alohida ahamiyat berish kerak.
Bog‘cha bolalarini maktabga tayyorlashda ularning qiziqishlaridan foydalanish zarur. Katta guruh bolalari maktab hayoti bilan juda qiziqa boshlaydilar. Bog‘cha bolalaridagi bunday qiziqishni tarbiyachi qo‘llab-quvvatlashi va yanada orttirib borishi kerak. Buning uchun maktab va unda o‘qish haqida suhbatlar o‘tkazish, hamda yaqin atrofdagi maktabga sayohat uyushtirish yaxshi natija beradi.
E’tiborga olish lozimki, bog‘chadagi yetti yoshga to‘lgan bolalarning hammasi ham maktabdagi o‘qish mashg‘ulotlariga tayyor bo‘lavermaydi. Ayrim bolalar yangi sharoitga tez kirishib keta olmaydi. Ularda o‘qish mashg‘ulotlari, dars tayyorlash uchun qandaydir xususiyat yetishmayotgandek bo‘ladi. Bu o‘rinda shunday savol tug‘iladi: Bolalarni qaysi vaqtda psixologik jihatdan maktabdagi o‘qish jarayoniga tayyor deb hisoblash mumkin? Ayrim psixologlarning fikricha, bola maktabda o‘qish uchun atrofdagi narsa va hodisalarga doir anchagina tasavvur va tushunchalarga ega hamda ma’lum darajada aqliy jihatdan rivojlangan bo‘lishi lozim. Boshqa bir hayotiy misollarda bolaning o‘qishga tayyor ekanini aniqlashdagi asosiy narsa iroda sifatlarining yetilganligidir, deb ta’kidlanadi. Bu fikr bir yoqlamalikka yo‘l qo‘yishdan boshqa narsa emas.
Yetti yoshga to‘lish go‘daklikning tugallanishi va o‘smirlikning boshlanish davriga to‘g‘ri keladi. Xuddi ana shu davrdan bolalarda o‘z-o‘zini anglash shakllana boshlaydi. Shuning uchun ham shu davrdan boshlab bolalarni tizimli o‘qitishga o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Bola yetti yoshga to‘lganda u jismoniy jihatdan ancha o‘sadi, o‘zini idora qilishga, nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyishga, xulq-atvor qoidalarini o‘zlashtirishga intiladi. U o‘z kuchiga yarasha mehnat qila oladigan bo‘ladi. Bu davrda bolaning turmush tajribasi anchagina ortadi. Xotirasi va tasavvurlari o‘sib, ko‘pgina she’r va hikoyalarni yodlay oladi. Yetti yoshli bolaning nutqi ma’lum darajada rivojlanib, so‘z topqirligi oshadi. Natijada u o‘z o‘rtoqlari va kattalar bilan erkin suhbat qila oladi.
Yetti yoshga to‘lgan bolalarda turli harakatlar ham mustahkamlanadi. U qaychi, igna, qalam, ruchka kabi qurollardan foydalanish malakasini egallay boshlaydi. Biroq bu davrda ham bolada beixtiyor faollik ham ustunlik qiladi. Shu sababli bolani qiziqtiradigan yoki unga kuchli ta’sir qiladigan narsalar diqqatini o‘ziga jalb qiladi.
Yetti yoshli bola maktabga chiqqandan keyin uning hayotida o‘yinqaroqlik juda katta o‘rin egallaydi. Bola o‘qish mashg‘ulotlaridan bo‘sh paytida har xil o‘yinlarni o‘ynashda davom etaveradi. Bunday paytda bola o‘z-o‘zini iroda qilishga, o‘z harakatlarini o‘yin qoidalariga bo‘ysundirish, javobgarlikni sezish, jamoa manfaatini ustun qo‘yishga odatlanadi. O‘yin va maktabgacha ta’lim muassasidagi didaktik mashg‘ulotlar jarayonida bolalarning aql-idroki, xotira va tafakkuri o‘sadi. Bular, o‘z navbatida, bolaning maktabda o‘qiy olishi uchun psixologik zamin tayyorlaydi.
Muhabbat MAMADIYOROVA,
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi 41-umumta’lim maktab o‘qituvchisi