Yaxshi ot uloqda sinaladi

To‘rig‘i xastalanib qoldi-yu, Eshonqulov domlaning oromi yo‘qoldi, uxlab uyqusida, ishlab ishida tayin bo‘lmadi. Tunlari ham ko‘zi ilashdi, deguncha zorlanib, ojizgina kishnayotgan oti ko‘z o‘ngiga keladi, “birodarlik shu ekanda, daralarni gumbirlatib ko‘pkariga kirganimda e’tiborim bor edi, endi keraksiz bisotga aylandimmi”, deb zorlanayotgandek ko‘rinadi. Yoru-birodarlari kim necha bor:

– Endi buningdan umid yo‘q, tanasi butligida so‘yib yubor, ancha pulga sotish mumkin, – deb sin solishdi.

Domla ularga na “ha”, na “yo‘q”, deb javob qaytaradi. Axir ular otni “birodarim”, “qismatdoshim” deya qalbiga yaqin olganini qayerdan bilishsin! “Bolam” deya ataganini odam o‘g‘li o‘z qo‘li bilan qassobga topshirib bilarmidi?! Axir u bejizga yoshligidan olib tarbiya qilgan o‘g‘illigi – qayin ukasining farzandi Nuriddinni ham, to‘riqni ham bir nom bilan – “Jeskar” deb atamagandi. O‘zini yaxshi-yomon kunlarida askarday himoya qiladigan ikki qo‘rg‘on, deb biladi ikkovini.

Yo‘q, kim nima desa desin, yigirma yillik birodarini yuvib-tarab, kafanlab so‘nggi yo‘liga kuzatadi, ma’rakalarini joyiga qo‘yadi, bu dunyoi dunda uning “ikki Jeskari”dan boshqa kimi bor? Umrlik yostiqdoshi desa, uni ham bezuryodlik tiriklayin go‘rga tiqdi. Rang-ro‘yi bir hol, quruq suduri sudralib yuribdi.

– Bilaman, Jeskarni sotib yuborishga ko‘nglingiz bormaydi, lekin harom o‘ldirib uvoliga qolish ham yaxshi emas. Mol zoti insonga xo‘rak uchun yaratilgan. Do‘stlaringizning maslahatini oling, – deydi ba’zida kampiri.

– O‘zing ayt, – deydi domla tutoqib, – bu dunyoda To‘riqdan boshqa kimimiz bor, ertaga senu menim nomimizni shu jonivor bahona eslashmasa, nima deb eslashardi?!

Shu bilan oradagi munozara nihoyasiga yetadi. Eshonqulov domla yaktagini yelbag‘ay olib, To‘rig‘i yoniga oshiqadi. Mana jonivor, kun sayin ustixoni borib suyagiga qadalayapti.

– Eh, Jeskar, endi senam meni yolg‘izlatib ketmoqchimisan, og‘ayni degani ham shunchalik nomard bo‘lama, hech vaqt birodar-birodariga shu qadar xiyonat etama?!

Xasta tulpori bilan suhbat qurayotgan domlani uchqur xayollar olis-olislarga yetaklab ketdi…

* * *

Degmoron qishlog‘idagi ko‘pkaridan hafsalasi pir bo‘lib chiqqan bog‘uchorbog‘lik Ro‘zimurod chubar (chekkagir chavandoz bo‘lgani uchun shunday laqab berishgan) otining boshini qizilmozorlik uzoqroq qarindoshi Jo‘raboy domlanikiga burdi.

Tog‘lik mehmonni qadrlaydi.

Mehmonsiz o‘tgan kunini kun sanamaydi.

Mehmonning vaqtiga qarab jonliq o‘ldiradi (qo‘y, echki so‘yadi ma’nosida).

Hech bo‘lmaganda, ovqat tortilmasdan mehmonning xabarini olmaydi.

Jo‘raboy domla mehmonini quchoq ochib, qarshi oldi:

– Keling qarindosh, boshingizdan sochala sepaylik, qanday shamollar biz tomonga uchirdi?

– Degmorondan ko‘pkaridan qaytayotgandim, sizni bir ziyorat qilay dedim.

– E-e, yashang, ko‘pkaridan gapiring, ko‘pkaridan, bo‘rimi tulki?

– Hech bunday quruq qo‘l bilan qaytmasdim, sovrin olmaganim desam, yelkalarim haligacha zirqirab og‘riyapti. Lekin ko‘pkarida bir ot ko‘rdim, ot emas lochin ekan.

– Egasi kim ekan, balki men tanirman?

– Egasiniyam surishtirdim, manzilini ham bildim. Siz uni taniysiz, hamkasabangiz ekan, Duobda yasharkan. Ikki otman labiga qistirgan “Astra” papirosini buruqsitib, har so‘zning oldiga “nu” deb qo‘sharkan. Bechora befarzand emish.

– Siz Homid akani aytayapsiz shekilli, u kishi asli o‘zimizdan, Duobdagi maktabga muallim bo‘lib borib, doimiy yashab qolgan.

– O‘zimam sizga kelsam, mushkulim bitishini bilgandima.

– Hozirgi zamonda mushkul ish qoldimi, ayting dardingizni?

– O‘zingizdan qolar gap yo‘q qarindosh, endi bir elchilik qilasiz.

– Tushunmadim, qanaqa elchilik?

– O‘rtaga tushib shu otni olib bermasangiz bo‘lmaydi, mayli, egasi ko‘ngliga siqqanini so‘rasin.

Jo‘raboy domla mushkul ahvolga tushdi. Qarindoshining mushkulini bitiraman desa, buyoqda Homid domlasi. Otini ot emas, farzand deb biladi. Bezuryodlik alamini shu otga suyanib yengadi.

Birodarlar, otga ishqibozlik yomon ekan.

Bu ko‘yga tushgan odam mol-dunyosini ham bir tiyinga olmas ekan.

Uning do‘stu-birodari ham, topgan-tutgan boyligi ham sevimli oti bo‘larkan.

Yo‘q, ehtimol ishqiboz deb noto‘g‘ri atagandirmiz.

Aslida otning ishqibozlari emas, jinnilari bo‘larkan.

Ishonmasangiz, Eshonqulov domla bilan bir gurunglashib ko‘ring.

Dardi-dunyosini unutmasa mana, Jo‘raboy malim kafil.

– Bo‘lmaydi qarindosh, men Homid akaga otingizni soting deb borolmayman. U kishining ovunchi ham, sevinchi ham shu to‘riq ot. Eshitgandirsiz, otini Jeskarim deb suyadi. Qo‘y oshna, bitmaydigan ishga qo‘l urib, o‘zingni ham, meni ham xijolatga qo‘yma.

Ro‘zimurod chubarning boshlagan ishidan qaytish cho‘ti yo‘q edi:

– Sizga ishonib kelgandan so‘ng bunchalik bo‘lmabdi-da qarindosh, bir og‘iz so‘rab berish shunchalik qiyinma, bermasa o‘zimizniku ushlab qolmas.

– Bilmagandan so‘ng gapiraverasiz-da, oshna…

…Jo‘raboy domla bu ishga bosh qo‘shmadi.

Oyda-yilda bir marta eshigini qoqib kelgan uzoq qarindoshining ko‘nglini qoldirdi.

Qarindosh uni tushunmadi, etagini jahl bilan silkitib, xonadonini tark etdi.

Balki yuzko‘rmas bo‘lib ketar endi, lekin “Homid akaning dilini vayron etgandan”…

…“Mayli, hozir xafa bo‘lsayam, vaqt kelib anglab yetar”, deb dilini ovutdi…

* * *

Kalta qishlog‘ilik Suyun chavag‘on davralardan orttirganini o‘rtaga tashlab, elga ikki kunlik ko‘pkarili to‘y e’lon qildi.

Eshitganlar yaqin-yiroqdan yog‘ilib kelaverdi.

Chavandoz ko‘pmi ishqiboz, ishqiboz ko‘pmi chavandoz, hisobiga yetib bo‘lmadi.

Tog‘ odami ikki makon tutadi.

Birisi yashaydigan hovlisi.

Ikkinchisi toshloq bo‘lsa-da, meniki deb belgilagan tomorqasi.

Suyun chavandoz ko‘pkari chopilayotgan yalanglikning yonidagi o‘ziga tegishli yerning atrofiga ikki metrcha balandlikda tosh devor terib chiqqandi.

Kurashu-ko‘pkarining o‘ziga xos udumi bor.

Davrani yosh polvonlar boshlab beradi.

Shu bois dastlab shovloq beriladi.

Shovloq – shoh uloq degani.

Shovloqqa oq uloq so‘yib tashlanadi.

Bu yo‘lingiz oq, Xo‘jai Xizir madadkor bo‘lsin degani.

Shovloqda toykashlarga uch-to‘rt sovrin aytiladi.

Toykash – hali katta davralarga kirolmaydigan ot.

Uloqchi ot kuniga yigirma-yigirma besh kilo yemni ko‘rdim demaydi.

Toykashning uzzukun yegani arang ikki-uch kiloga yetadi.

Suvoriysi ham shunga yarasha – havaskor.

Bo‘lajak chavag‘on toykashlarda qatnashib pishadi.

Keyin oqsoqollardan biri fatvo berdi:

– Kiyganlaringiz kimxob, ichganlaringiz sharob, yeganlaringiz kabob, do‘stlar arbob, dushmanlar xarob, qilgan ishlaringiz savob bo‘lsin, olinglar oldirmanglar, yenginglar yengilmanglar, Hammangizga Hazrati Alining piri yor bo‘lsin, omin!

Katta ko‘pkari boshlandi, davraga kaltalik Ziyodulla Xo‘jayorov chil tulporini minib bakovullik qildi:

– Ahay-ah-xey-y-y chavog‘onlar, gapimni qulog‘ingga yaxshilab quyib ol, bu davrada g‘irromlik ketmaydi, Suyun yaxshi niyat bilan boshingizni biriktirdi, uning sizlarga atagani ko‘p, olgan olganniki, davra esa zo‘rniki. Birinchi solimni aytaman…

To‘yning ovozasi yetti iqlimga ketgani uchun hamma o‘ralardan chavandozlar kelgandi. To‘yning birinchi kuni ellikdan ortiq solim tashlandi, zotni halollagan chavandozlar yayradi, ulushga erisholmaganlar tishini qayradi, kechga tomon chavandozlaru muxlislar ertangi kun xayollari bilan qo‘noq joylariga tarqadi. Tuni bilan u uydan, bu uyga do‘mbirasini qo‘ltiqlab aylangan Komil baxshining ovozi osmon toqini to‘ldirgan yulduzlar jilvasi ostida yangradi.

Ikkinchi kun davra bakovuli birin-ketin katta sovrinlarni e’lon qildi, taqimiga bostirib olgan takani chavandozlar orasidan olib o‘tib, maydon o‘rtasiga tashlayverdi, zo‘rlarning zo‘rligi ojizlarning yuragini g‘ashlayverdi.

Davra uzra muxlislarning olqishi bir zum bo‘lsin tinim bilmadi, ular qo‘llarini paxsa qilib, navbatdagi zotni ayiradigan chavandozlar haqida jadalni avj oldirishdi:

– Mana, ko‘rasizlar, bosh sovrin ko‘kabuloqliklarda ketadi.

– Biznikilar nima, kepak yeyishgan deb o‘ylaysanmi?!

– Hah, hayqirig‘ingga o‘lib qolay.

– Qaddingni tik tut chavag‘on, joning bormi o‘zi…

Kim necha tanalar chavandozlar qo‘lida burda-burdaga bo‘lindi, maydon osmonida go‘sht nimtalarini ko‘zlagan o‘laksaxo‘r qushlar paydo bo‘ldi, guyoki bir maydonda ikki xil ko‘rinishdagi tortishuv namoyon bo‘lganga mengzadi. Zo‘r kelgan qushlar boshqalari ustidan g‘olibliklarini ko‘z-ko‘z qilayotgandek bir o‘ljasini titkilasa, bir qaddini rostlab, atrofga namoyishkorona sin solardi.

Davraning bosh sovrinida taka yarim soatcha surdak bo‘lganidan so‘ng “baxmal to‘riq”ni mingan qizilsoylik Majid chavandoz solimni taqimiga bosib, to‘y egasining atrofi baland tosh hayot bilan o‘ralgan tomorqasiga kirib ketdi. Uning izidan yuzlarcha chavandoz ot surdi. Taka yana surdakka tushdi. Majid chavandoz tulporlar to‘dasidan ajralishning yagona yo‘lini tanladi, u ancha xavfli bo‘lsa-da, “Baxmal to‘riq”ning jilovini devor tomonga burdi, jonivor raqiblarini tang qoldirib, chavandozlarning qalbiga hayrat solib, baland hayotdan sakrab o‘tdi. Kim necha otlarning zarb bilan tosh devorga urilganidan to‘shi yorildi.

O‘shanda “Baxmal to‘riq”qa mehri tushgan Surxonlik chavandoz Homid domlaning uyiga hali moyi artilmagan “Villis”ni minib keldi:

– Domla moshina sizniki, ot meniki bo‘lsin, – dedi u o‘rtaga kalitni otarkan.

Doimiy odatiga ko‘ra cho‘ntagidan “Astra” sigaretini chiqarib o‘t oldirgan domla halqa-halqa tutunlarni ichiga yutarkan, mehmonlardan uzr so‘radi:

– Xafa bo‘lmang mehmon, shinavandaligingizni tan oldim, ammo, ot sotilmaydi.

* * *

“Bahmal to‘rik” haqida gap ketganda biz borgan davralarning hammasida og‘izdan bol tomib so‘z yuritildi:

– Darxonlik Semangir boboning to‘yini eslaysizlarmi, – so‘z boshladi davraning boshidan beri miq etmay o‘tirgan, umrining qirq yilini suruv izidan yurib, cho‘ponlikka bag‘ishlagan Sattor bobo Normurodov. – “Bahmal to‘riq”ni galma-galidan mingan o‘zimizning Alpon bilan Panji yigirma bir sovringa ega chiqqandi.

“Novabuloq”dagi ko‘pkarida mashhur chovag‘onlar – Rustam Bekmurod “Chil” oti bilan, Barot Qulay “Baxmal to‘riq”da nishablikda solim tortishib, Rustam Bekmurod takaning bir oyog‘idan pastga, Barot Qulay qarama-qarshi tomonga ot surib, noo‘ng‘ay holatda g‘olib chiqqani kimning hayratini oshirmaydi.

Birodarlar, bejizga bakovullar katta davralarda solimni halollagan chavandozni emas, otning tusini e’lon qilishmas ekan.

Ko‘pkarida hal qiluvchi vazifani nafaqat chavandozning chapdastligi, balki uning ostidagi arg‘umoqning davra ko‘rganligi bajarar ekan.

Yaxshi ot egasining nomini davralarda ulug‘lar ekan.

Abdunabi ABDIYEV

Yana o‘qing:  Saxovat SAODATGA ELTADI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: