Navro‘z – yangi umid, yangi orzu-istaklar ayyomi

…Navro‘zi olam biz uchun eng qadimiy, asl milliy, turli mafkura va siyosatlardan holi, urf-odatlarimizga va qadriyat­larimizga javob beradigan bayram, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Nega deganda, Navro‘z o‘z ruhi va g‘oyalari bilan har qaysi inson ona zaminning, tabiatning ajralmas uzviy qismi ekanini, tabiatning naqadar go‘zal ekanini his qilib, uni e’zozlab, hamnafas bo‘lib yashashga undashi bilan bizga qadrlidir.

Islom KARIMOV

Navro‘z – ma’no-mazmuni va falsafasi bilan hayotimizga jo bo‘lgan yasharish va yangilanish pallasi, sharqona yangi yil debochasi, boqiy qadriyatlar ayyomidir. Necha ming yillab tarixga ega bo‘lgan bu bayram tomoshalarida xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analar, turli marosimlar namoyish etiladi. Shu tariqa milliy merosimiz avlodlar qalbiga singib boradi. Ushbu ayyomning qadimiy tarixi, milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq jihatlari, madaniy-ma’rifiy hayotimizda tutgan o‘rni xususida folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimovning fikrlari bilan qiziqdik.

– Afsonalarga qaraganda, Odam ato Momo Havo bilan uchrashgan kun Navro‘z deb tan olingan emish. Firdavsiyning “Shohnoma”sida Yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Alisher Navoiy “Tarixi mulki ajam” (Ajam shohlar tarixi) asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari so‘ngida ulug‘ Navro‘z nishonlanganini bayon qiladi. Folk­lorshunos olim sifatida ushbu bayram tarixi xususida qanday fikr bildirasiz?

– Insoniyat tarixini Odam ato va Momo Havo bilan bog‘lash an’anasi mavjud. Aslida ularni bir katta timsol deb anglash o‘rinli. Qaysidir ma’noda Nav­ro‘zni birinchi odam va uning jufti bilan bog‘lab talqin etishda jon bor. Chunki odamzod yer yuzida paydo bo‘libdiki, vaqt­ning o‘tishi, kun-tun, hafta, oy, yil tushunchalarining davriyligini kuzatgan, tajribalari bilimga aylangan. Yilning avvali belgilangan. Biz yashayotgan hududda quyoshning chiqib-botishi, fasl­larning almashuvi, aynan kun va tun ikki bora 21-22 mart va 21-22 sentyabr kunlarida teng kelishi, ko‘klam (yoz) va kuz (qish)ning boshi ekanini qadimdan bilganlar. Ana shu tenglikning ko‘klamgi, butun tabiat uyg‘onuvchi davrini yilboshi deb belgilash an’anasi paydo bo‘lgan. Shu sababli ham Navro‘z tarixini ilk ajdodlarga bog‘lash mumkin. Bevosita manbalarga murojaat qilsak, dalillarni to‘rt-besh ming yillik sanalarga bog‘lanuvchi qoyatoshdagi suratlarda, arxeologik topilmalar, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy va boshqa allomalar asarlarida uchratamiz.

Yana o‘qing:  Korrupsiyaga qarshi kurashish – farovon hayot kafolati

Inson hech qachon tabiatdan ayro holda yashamagan. U o‘zini tabiatning ajralmas bir qismi, deb anglagan, talqin etgan. Tabiat va inson ko‘nglidagi o‘zgarishlar bir-biriga bog‘liq kechadi, deb bilgan. Amallarini shunga moslab marosimlariga tartib bergan Navro‘z bilan bog‘liq barcha an’ana va udumlar mazkur uyg‘unlikning mevasi hisoblanadi. Xal­qona taqvimga ko‘ra yoz va qishning o‘zagini “to‘qson” kunlik davr tashkil etadi. Qish to‘qsonning so‘ngi uch kunida “Ayyom ajuz” kiradi. U iliq yoki sovuq kelishi mumkin. Xalq uni “kampir” timsolida tasavvur etadi. Ya’ni, uni “shamollarning onasi” ham de­yishgan. Ajuzmomo hovuzga kirsa, sovuq bo‘ladi, tandirga kirsa, issiq bo‘ladi, deyishgan. Ajuz kunlari olti kun, u cho‘zilib “qattiq kun” bo‘lishi ham mumkin. Keyin keluvchi Ahman, Dahman, Ezim, Qirman, Nos kunlari esa Ajuz momoning o‘g‘illariga tegishli deb anglangan. Shundan keyin Navro‘z boshlangan va “Navro‘zdan so‘ng qish bo‘lmas”, deb hukm chiqarilgan. Navro‘z arafasi, Navro‘z kunlari o‘tuvchi barcha marosimlar mohiyatida inson va tabiat birligi, uyg‘unligi o‘z ifodasini topgan.

Firdavsiyning “Shohnoma”sida keltirilgan dalil, bu fors xalqlarida shoh Jamshid nomi bilan bog‘langan. Aslida yilning ilk kunini belgilab bayram qilish an’anasi dunyoning barcha xalqlarida mavjud. Bu o‘rinda har bir xalq yashayotgan hududning tabiati, shart-sharoitidan kelib chiqilgan. Qadimiy misrliklar Nil daryosi toshadigan vaqtni yilboshi, deb bilganlar, o‘z bilim-tajribalarini o‘zlarining ilohlari, ilk ajdod, sulola boshlovchilariga bog‘lab talqin etishgan. Qadimiy xitoy, Yevropa xalqlarida ham shunday. Yoz va qishni o‘lib-tiriluvchi tabiat haqidagi mifologik talqinda baholash barcha xalqlar tasavvurlarining o‘zagini tashkil etadi. Bizning xalqimizda ham ayni tasavvur-tushunchalar Navro‘z marosimlari, qo‘shiq-raqslarida va badiiy talqin olgan “Go‘ro‘g‘li” dostonimizda turibdi. Go‘ro‘g‘li qabrdan chiqadi va 120 yil yashagandan so‘ng g‘orga kiradi. Go‘ro‘g‘li – o‘lib-tiriluvchi tabiatning timsoli sanalgan. Davrlar o‘tib, u tabiat timsolidan xalq qahramoniga aylangan. Ko‘rib turibmizki, Navro‘z bayrami xalqimizning qon-qoniga singib, hayot tarziga aylangan qadimiy bayramdir.

– Rizq-ro‘z va baraka ayyomi sifatida xalqimiz hayotida o‘ziga xos o‘rin egallagan Navro‘z bayramining milliy qadriyatlarimizda tutgan o‘rni haqida nimalar deya olasiz?

– Navro‘z qanchalik qadimiy bo‘lsa-da, unga munosabat ham har bir davrda o‘zgacha kechgan. Misol uchun sobiq sho‘ro davrida ko‘plab qadriyatlar qatorida Navro‘z ham “qatag‘on” qilingan. Chunki xalqning asl qadriyatlari, uning o‘zligini, kim ekanligini, tarixini, madaniy-ma’naviy boyligini ko‘rsatuvchi bu xil qadriyatlar sho‘ro mafkurasiga zid edi. Lekin xalq bu bayramni unitib yubormadi, yashirincha bo‘lsada nishonlashga harakat qildi. Navro‘z o‘zining asl mohiyati bilan, chinakkam bayram sifatida qadr topishi mustaqillikka erishgandan so‘ng amalga oshdi. Istiqlol bizga Navro‘zni, unitilayotgan udumlarni, an’analarni qaytarib berdi, Navro‘zga yangi bir quvvat bag‘ishladi.

Yana o‘qing:  Sog‘lom hayot kerak bugun jahonga

Joriy yilning 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2014 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori ham xalqimizning ma’naviy olamida yana bir ulkan qadam bo‘ldi, deb ayta olamiz. Bu ulug‘ bayramimizni keng nishonlar ekanmiz, o‘zligimizni tanish sari odimlayotgan bo‘lamiz.

– Yaqinda sakkiz yoshli jiyanim bilan qirda yurib, “Boychechagim boylandi…” qo‘shig‘ini xirgoyi qilsam, u menga hayratomuz qaradi. Xalq ijodida bolalar sevib, ijro etadigan qo‘shiqlarimiz bir qancha. Bu qo‘shiqlar hozirgi kunda bolalar hayotida yo‘qolib ketmayaptimikin?…

– Ushbu qo‘shiqlarni bolalar yodidan ko‘tarilayotganiga ular ayb­dor emas. Negaki, keksa avlod vakillari yashagan davr mezonlari bilan bugungi globallashuv davrini solishtirib bo‘lmaydi.

Hozir axborotlar turli texnik vositalar yordamida kurrai zaminni soniyada aylanib, tar­qalayotgan davr bolalarimiz ongi, qiziqishlarini ham egallamoqda. Shu sababli ushbu dolzarb masalaga alohida keng dasturlarga tayanib munosabatda bo‘lish talab etiladi. Xalq qadriyatlarini tar­g‘ibot etishning zamonga mos oqilona yo‘lini topish kerak bo‘lmoqda. Bugunning bolasi nimaga qiziqadi, ana shu qiziqishlari doirasida qadriyatlarni tar­g‘ib etish lozim. Bu jarayonda multfilmlar, teleko‘rsatuvlar, turli elektron o‘yinlardan foydalanish mumkin. Chunki qanchalik bolalar tiliga, ularning ongu shuuriga mos tarzda yondashib ish tutilsa, harakatlarimiz o‘z samarasini beradi.

– Ma’lumki, har bir bayramda bolalarning quvonchi cheksiz bo‘ladi. Ana shunday ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan ayyom – Nav­ro‘zdir. Bu bayramning bolalar ongu tafakkurida, ma’naviy dunyo qarashining shakllanishida tutgan o‘rni haqida fikrlaringiz….

– Aslida bayram nima? Bayramni bir kishi nishonlamaydi. Jamuljam, xalq bilan birga shodiyona qilinadi. Albatta, bayram bolalarning hayotida katta o‘rin egallaydi. Chunki har qanday tantananing cheksiz quvonchini bolalar oladi. Bayram, tantanalarning bolalar hayotida tutgan o‘rni ham benihoya katta. Navro‘z azaldan kishi ruhiyatida yangilanish, tozarish yaratuvchi bayram sifatida qabul qilinib o‘zgacha kayfiyat bilan kutib olingan, hozir ham shunday. Bunda oila, qon-qarindoshlar jamlanib, dasturxonga ko‘klam taomlari tortilib, birdamlikda, bir-birlariga mehr ulashib, o‘tkaziladi. Demakki, bayram bola xotirasida muhrlanadigan hodisa va unda oila muqaddasligiga, og‘a-ini, opa-singilning mehr ulashish kabi bardavom qadriyatlariga nisbatan ishonch mustahkamlanadi. Ushbu yig‘in insonda quvvatni yangilaydi.

Yana o‘qing:  Ko‘z nuqsoni va tug‘ruq

Qadimda Navro‘z kuni dala-qirlarga chiqilgan, katta sayil, tomoshalarga yangi kiyimlar ki­yilgan, keksalarni ziyorat qilingan, ajdodlar ruhi yodga olingan. Ushbu an’analar bugungi kunda ham bor. Demakki, Navro‘z an’analari mohiyatini yosh avlodlarga keng tushuntirishimiz lozim ekan. Ular ko‘rish barobarida ko‘rganlari mohiyatini ham anglab yetsinlar. Navro‘z bayramini maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablarda teatrlashgan holatda keng nishonlashni yo‘lga qo‘yish lozim. Ana shunda bolalarimiz asl qadriyatlarimiz ruhida ma’nan sog‘­lom bo‘lib voyaga yetadi.

Navro‘z NORBOBOYEV suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: