Ko‘katli aladi
Bahor kelishi bilan oila a’zolarining salomatligi haqida qayg‘uradigan har bir xonadon bekasi ularni yangidan-yangi bahoriy taomlar bilan siylashni xush ko‘radilar. Har bir taomingizning xushxo‘r hamda ishtahaochar bo‘lishida vitaminlarga boy ko‘katlarning o‘ziga xos ahamiyati bor. Ariq bo‘yi va dalalarda o‘sadigan ko‘katlar sizning sog‘lig‘ingiz uchun foydali bo‘lishi mumkin. Aytaylik, jag‘jag‘ hamda ismaloqdan tez fursatda quyidagicha aladi tayyorlanadi.
Kerakli masalliqlar: 2 bog‘ jag‘jag‘, 2 bog‘ ismaloq, 1 bog‘ sarimsoq piyoz, 6 ta tuxum.
Tayyorlanishi:
Ko‘katlarni mayda qilib to‘g‘raymiz. Alohida idishga 6 dona tuxumni chaqib, yaxshilab suyultiramiz. Tuxumni ko‘katlar ustiga solib, ta’bga ko‘ra tuz solamiz va obdon aralashtiramiz. Tovani olovga qo‘yib yog‘ solamiz va qiziganidan keyin 2 osh qoshiq aralashmadan solib o‘rta olovda pishiramiz.
Qizarib pishgan aladilarni likopchalarga joylab, ko‘katlar bilan bezatib dasturxonga tortamiz.
Gulnoza EGAMBERDIYEVA