Yaxshi niyat – yarim davlat, qolgan yarim davlat – farzandimiz
Ko‘p qavatli uylar yonidan o‘tayotib, ayol kishining o‘g‘liga “Qachon bir ishni eplab bajargansan, o‘zi. Qo‘lingdan hech ish kelmaydi”, deb tanbeh berayotganining guvohi bo‘ldim. Bolaning holatini ko‘rib, negadir unga rahmim keldi. Aslidaku, hech qanday ona bolam yomon bo‘lsin demaydi. Chin dildan koyimaydi. Ammo…
Psixologlarning ta’kidlashicha, ota-ona bola oldida muammolarga yechim izlashdan ko‘ra u bilan ko‘proq muloqot qilishga harakat qilishi, unga shirin so‘zlar bilan murojaat qilib, “Sen yaxshisan” deyishi, uni yaxshi ko‘rishini kuniga kamida o‘n marta takrorlab turishi lozim ekan. Bu bolani ruhlantirib, ota-onaga yaqinlashtirar hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchini kuchaytirarkan.
Xitoy yozuvchisi Shu Min Bining “Bolajon, nega seni uraman?” deb nomlangan hikoyasida shunday jumlalar bor: “Bir kuni dugonam bilan chaq-chaqlashib o‘tirganimizda, unga: “Bu hayotda men biror kimsani urib ko‘rgan emasman”, dedim. O‘shanda birdan sen og‘zimga urding: “Oyi siz tez-tez bir odamni urasiz. U ham bo‘lsa – men”, – deding. Shu payt xona jim-jit bo‘lib qoldi. Undan keyin mehmon bilan suhbatimizni anchagacha davom ettirdik. U bilan ko‘p narsalar haqida gaplashdik, lekin barcha gaplar u qulog‘imdan kirib, bunisidan chiqardi. Bolajon, aytgan so‘zlaring yuragimda bir qurt kabi o‘rmalardi…”
Bizga ba’zan arzimas bo‘lib tuyulgan narsalar aslida hayotda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi xayolimizga kelmaydi. Farzandimiz oldida aytilishi kerak va nokerak narsalarni ham aralashtirib so‘zlayveramiz. Ba’zi ayollar hatto bolalari oldida erini ko‘p pul topmaslikda ayblaydi. Bu bilan ular bolalari orasida otasiga nisbatan hurmatni yo‘qotishayotganini bilishmaydi. Oila davrasida nafaqat er xotinni yo xotin erni yomonlashi, balki o‘zgalar haqida ham g‘iybat so‘zlarni ishlatishi durust emas.
Hazrat Alisher Navoiyning shunday satri bor:
Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim,
Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.
Qanday bola bilmaganini ham so‘ramasdan o‘tiraveradi? Albatta jur’ati yetmagan bola. Jur’atsizlik esa hadeb tanbeh eshitaverishdan ham kelib chiqishi mumkin.
– Har bir insonning, ayniqsa, endigina hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o‘rtaga qo‘yilgan maqsadlariga erishish, o‘zlariga, ularning g‘ayrat-shijoatiga, to‘la-to‘kis fidokorligiga va cheksiz mehnatsevarligiga bog‘liq ekanini anglab yetishlari shart, – deydi psixolog Zamira Mamanazarova. – Ayrim ota-onalar bolalarini “Sen odam bo‘lmaysan”, deya koyishadi. Bunday tanbehlar bolaning berahm, shafqatsiz, qo‘pol bo‘lib voyaga yetishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xalqimizda shunday gap bor, “Bolani so‘kaversang beti, uraversang eti qotar”.
Olimlarning fikricha homila ona qornidayoq onasining tovushini eshitadi, bo‘layotgan qo‘pol so‘zlar, baqirish, janjallar ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada u arazchi, bezovta va yomon xulqlarga moyil bo‘lib rivojlanadi. Aksincha osoyishta sharoitda ulg‘aygan bola sog‘lom va sokin fe’l bo‘lib tug‘iladi. Bola tug‘ilganidan so‘ng ham uning qalbida yomonlikni yuzaga keltiradigan muomala hamda muhitga qarshi kurashish darkor. Shuning uchun yoshlarga oilada, o‘quv muassasalarida bilim va odob o‘rgatishda ular qalbida ijobiy fazilatlarni shakllantirishga erishish lozim.
Demak, ota-onalar o‘z farzandlaridan norozi bo‘lib, ular bilan bog‘liq ko‘ngilsiz vaziyatdan tajang bo‘lib, “Qo‘lingdan bir ish kelmaydi”, deya har gapida takrorlayvermasligi kerak. Axir buning natijasida farzandida jur’atsizlik, o‘z fikrini erkin ayta olmaslik kabi odatlar shakllanishi mumkinligini unutmang.
E’tibor NORBO‘TAYEVA