Reabilitatsiya salomatlikni tiklash demakdir
– Doktor, qizimda skolioz xastaligi bor. Umidimiz sizdan, uni davolashingiz uchun huzuringizga olib keldik.
Kasalxonaga keltirilgan bemorning kasallik tarixi o‘rganilib, tahliliy analizlar olindi. Achinarlisi, oilaviy muammolar va ota-onaning e’tiborsizligi oqibatida yosh qizda xastalikning 4-darajasi holati aniqlandi. 2-guruh nogironi, 20 yoshli Dilnoza darhol “Umurtqa pog‘onasi kasalliklari bo‘limi”ga yotqizildi. Afsuski, vaqtida shifokorga murojaat qilinmaganlik tufayli xastalikni bartaraf etishning birdan-bir yo‘li murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish edi. Shifokorlar jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga kirishdilar.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli Nogironlarni Reabilitatsiya qilish va protezlash Milliy markazida nogironlarning tibbiy, ijtimoiy va kasb jihatdan tiklash, nogironlarni RYATD (reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi) asosida reabilitatsiya qilish ishlari samarali amalga oshirilib kelinmoqda.
Markaz nogironlar reabilitatsiyasidan tashqari, ularni tibbiy-ijtimoiy va kasb kasalliklari bo‘yicha reabilitatsiya qilish orqali to‘laqonli turmush kechirish hamda o‘z huquq va potensial imkoniyatlarini ruyobga chiqarish, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish va kasbiy faoliyatning har xil turlariga doir qobiliyatlarini tiklashga ko‘maklashadi.
Bu borada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirib kelayotgan Nogironlarni Reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli 2010 yilda Yaponiya granti asosida zamonaviy maxsus-tibbiy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlangan edi. Hozirgi kunda markazda terapiya, nevrologiya, jarohatlar oqibatlarini davolash, umurtqa pog‘onalari kasalliklari, shuningdek, funksional diagnostika, fizioterapiya, biokimyoviy laboratoriya, LFK hamda ikkita xo‘jalik hisobidagi bo‘limlar faoliyat ko‘rsatib, 60 nafardan ziyod mutaxassis shifokorlar, 120 nafardan ortiq o‘rta tibbiyot va yana yuzga yaqin ishchi-xodimlar malakali reabilitatsiya xizmatini ado etmoqdalar.
Markazga TMEKlar tomonidan reabilitatsiya qilish uchun yuborilgan bemorlar bu yerda lozim bo‘lgan tekshiruv va tahliliy jarayonlardan, laboratoriya tekshiruvlari, rentgen, ultratovush va boshqa tibbiy tekshiruvlardan o‘tadilar. Kerakli holatlarda esa jarrohlik amaliyotlari qo‘llaniladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, yaqinda byudjet mablag‘lari hisobidan qurib, ishga tushirilgan 54 o‘rinli ikki qavatli yangi binoda “Umurtqa pog‘onasi kasalliklari bo‘limi”ning ko‘chirib o‘tkazilgani nogironlarga yanada to‘laqonli reabilitatsiya xizmati ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratib berdi. Yorug‘ va issiq xonalar, maxsus karavot va mebellar, televizor, bog‘lov va muolaja xonalari, dam olish zali, shinam oshxona va uch mahal yuqori kaloriyali sifatli taomlar bemorlar salomatligini tiklashda qo‘shimcha omil bo‘lmoqda.
Bo‘lim rahbari, tajribali ortoped-travmatolog Vohid Farmonqulovning kasb mahorati tufayli olib borilayotgan sifatli reablitatsiya ishlari yosh va izlanuvchan shifokorlarni bugungi tezkor davrda ishga mas’uliyat bilan yondashishga, izlanish va zamonaviy tibbiyot ilmini egallashda zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Markazda davolanish kursi 10-15 kunni tashkil etgani holda bepul dori-darmonlar ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlarning o‘z vaqtida dori-darmon qabul qilishi, fizioterapevtik muolajalarini olishlari shifokorlarning doimiy nazoratida. O‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, o‘z ustida ishlash, yangiliklarni o‘zlashtirib borishlari uchun maxsus o‘quv kurslari, suhbat va seminarlar, amaliyot darslari olib borilmoqda.
Markazda nogironlar reablitatsiyasi, ularning mehnat faoliyatini tiklash, nogironlikning oldini olish va jarrohlik amaliyotlarini sifatli bajarishda samarali faoliyat yuritib kelayotgan professorlar Alisher Sattorov, Vafo Omonov, ortoped-travmatologlar Bahodir Karimov, Aziz Qobilov, Bahodir Safarov, Amir Rajabov, Adham Boysunov, Jasur Ergashev, davolovchi shifokorlar Elyor Ahrorov, G‘ulom Boymurodov kabi qo‘li yengil shifokorlarning inson salomatligi yo‘lidagi izlanish va fidoyiliklarini alohida ta’kidlash zarur.
Bo‘limda mavjud amperpuls, elektrofarez, OKUF, magnitterapiya, UVCH, UGT, darsenval, umurtqani tortish va cho‘zish apparatlari, uqalash muolajalari esa salomatlikni tiklashda muhim omil bo‘lmoqda. Chunki nogironlar tibbiy-ijtimoiy reablitatsiyasi keng qamrovli kompleks tadbirlar asosida tibbiy dori-darmonlar, fizioterapiya, LFK, psixolog, adaptatsiya mashqlari o‘tkazish, lazerterapiya, parafin-azokeritapplikatsiyasi va boshqalar yordamida amalga oshiriladi.
Jumladan, markazda fizioterapevt Nargiza Xoliqova tomonidan keng qo‘llanilayotgan lazerterapiya bemorlarda qon aylanishini yaxshilab, to‘qimaning oziqlanishi, modda almashinuvining yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu tibbiy uskuna ishlatishga qulay bo‘lib, bevosita kasallik nuqtalariga lazer nuri yuboriladi. Shuningdek, Yaponiya uslubida ish boshlagan adaptatsiya xonasida fizioterapevt insult, nevrologik va bosh miya, umurtqa pog‘onasi kasalliklari asoratlari tufayli harakati cheklanib qolgan bemorlarga o‘nta qoida asosida ijtimoiy turmushga ko‘nikma hosil qilinib, ergoterapiya ishlari olib borilmoqda.
Nogironlarning mehnat faoliyati, harakat davomiyligini tiklashda davolash fizkulturasining ham o‘rni beqiyos. Bir yildirki, markazda o‘z tajribalarini baham ko‘rayotgan yaponiyalik fizioterapevt Kenji Tokizake nogironlar reabilitatsiyasida dunyoda keng tarqalgan uslub – kundalik faoliyatni rivojlantirishga erishmoqda. Maqsad, reabilitatsiya qilishda ergoterapiya – tananing yuqori qismi, qo‘l harakati, kundalik faoliyat va mental, logaped – nutq, og‘iz bo‘shlig‘i, afaziya, diyefagil, xotira buzilishi, diqqat yetishmasligi kabi holatlarni tiklashdir. Bu nafaqat tana faoliyatini, yuqori miya va nevrologik holatlarni ham davolashni ko‘zda tutadi. Bunday noan’anaviy davolash usuli nogironlik foizini kamaytirishga, kasallik yoki jarohatlanishdan so‘ng to‘shakka mixlanib qolmaslikka yordam beradi.
Shuningdek, nogironlarga ruhiy autotrening, psixoterapiya, psixokorreksiya, psixoprofilaktika, adaptatsiya kabi usullar orqali ularni ruhiy bardamlikka undash, protez mahsulotlariga o‘rgatish va boshqa hayotiy ko‘nikmalar orqali ijtimoiy hayotga tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Muhimi, nogironni oilada o‘z mustaqil harakatini boshqara olishga, o‘z-o‘zini idora qila olish va boshqalarga muhtoj bo‘lib qolmaslikka ko‘maklashishdan iborat.
“Salomatlik – tuman boylik”, deydi dono xalqimiz. Inson salomat bo‘lsagina, hayotga, yashashga intiladi. Intilish esa harakatdan iborat.
Shunday ekan, bugungi kunda ana shunday bemorlarga sidqidildan xizmat ko‘rsatib, o‘z fidoyiligini namoyish etayotgan nogironlarni jamiyatda tibbiy-ijtimoiy va kasb bo‘yicha reabilitatsiya qilish orqali ularni to‘laqonli turmush kechirishlarida tibbiy yordam ko‘rsatayotgan salomatlik posbonlariga hamisha omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz!
Maryam AHMEDOVA