Azim teraklar
Ko‘k sari bo‘y cho‘zgan azim teraklarning barglari shovullab so‘lim saharni olqishlaydi. “Ku-ku”lagan musichalar simyog‘ochga tizilib olishgan. Gullar tomon oshiqayotgan bir uyum bolarilarning naq qulog‘i tagidan “g‘uvillab” o‘tishi ketmon tutgan Rustam akani shoshirib qo‘ydi. Bir zum ularning ortidan boqib turdi-da o‘zicha – “Ob-bo, g‘ayrati jo‘shganlar-ey, har kungi ishlaringni zap bilasanlarda”, – deya qo‘shib qo‘ydi. So‘ngra ketmoniga suyanib terakzorga taragan suvining maromini kuzata boshladi. Jo‘yakdan oqayotgan suvning shildirashi boboning xayolini olis-olislarga yetaklaydi. O‘zingga shukr, Ollohim, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Ko‘krakka hurlik shamoli ufirib yurtimiz ozod va obod go‘shaga aylandi. Ne-ne sinovli kunlarni boshdan kechirgan bu xalq bugun o‘z erkiga ega bo‘ldi. Kechagina atak-chechak qilgan o‘g‘li Olimjonning bo‘yi bo‘yi bilan tenglashayotganidan Rustam akaning quvonchi cheksiz.
Xalqimiz orasida qadim-qadimdan farzand tug‘ilsa unga atab bir tup daraxt ekish an’ana bo‘lgan. Qadami qutlug‘ kelgan Olimjon tug‘ilganida rahmatli otasi Anvar bobo, Rustamboy nevaram uchun bir dunyo terak qalamchalarini tayyorlab qo‘yganman hovli to‘ridagi devorga tutash taqir yerni tekislab, obdon ishlov bering. So‘ngra obi-tobini keltirib shu qalamchalarni qadaysiz, Siz hashar boshlasangiz qo‘ni-qo‘shni qarab turmas, kamiga mana biz ham qarashamiz, hech bo‘lmasa onangiz bilan tushlikka qo‘lbola palovxonto‘rani tayyorlab beramiz, – degan edi kulimsirab. Ota gapi qonun bo‘lgan oilaning kenja farzandi padarining izni bo‘yicha darhol ishga kirishdi. Hashar o‘z oti bilan hasharda, umumni rizqi shunchalik shirin bo‘larkanmi yoki charchagani uchunmi o‘sha payt tushlikda padari keltirgan oshning ta’mi hali hanuz Rustam akaning og‘zida qolgan.
Umrning tutqich bermas lahzalari birin-ketin yillarni quvib o‘tar edi. Otasi ektirgan qalamchalar endilikda shoh yoysa tangadek quyosh tushmaydigan ko‘kteraklarga, osmono‘par mirzateraklarga, ularga basma-bas o‘sayotgan ildizlari mustahkam oqteraklarga aylangan edi.
Otajon sizni izlab keldim, terakzorda ekanligingizni ko‘nglim sezuvdi, – degan o‘g‘li Olimjonning barvasta bo‘yiga ko‘zi tushgan Rustam akaning yuzu ko‘ziga tabassum yugurdi. Ayni paytda oliygohda tahsil olayotgan o‘g‘li Olimjon ham xuddi bahavo terakzor kabi bu yil yigirma bir bahorni qarshiladi. Istiqlol sabab iqtidorli talabalar safida o‘n kun chet el safarida bo‘lib qaytgan o‘g‘lining tirishqoqligidan otaning ko‘ksi tog‘.
Aslida padarining tashabbusi bilan barpo etilgan teraklarning ancha-munchasini kesib yangi imorat boshlagan qo‘ni-qo‘shnilarga ulashgan Rustam aka, ularning o‘rniga yangi qalamchalarni o‘tqazishni sira kanda qilmaydi. “Birni kessang, mingni ek” – degan dono naqlga hamisha amal qilib kelgani bois, terakzor bexato saqlangan. Olimjon otasining ketmonini qo‘lidan olib ildam suv yo‘lini tarashga tushadi. Egilib qolgan terak shoxlarini avaylab tik turganlariga ildiradi. Ularning yon-atrofidagi o‘t-o‘lanlarni ildiziga tegib ketmasin degan xayolda ehtiyotlik bilan chopishga kirishadi. “Barakalla, o‘g‘lim olim bo‘lishga intilsang” avvalo ko‘z ochib ko‘rgan Vatanni, qadam bosgan tuproqni, ana shu musaffo osmonu beg‘ubor zaminni qadriga yetgin. Bularning zamirida ajdodlarimiz mehnati, chekkan zahmati bor”,– ta’kidlaydi ota o‘g‘liga mehr bilan boqib.
– Otajon, siz bobomning shu ketmonini tutib aslo kam bo‘lmadingiz, men ham sizni o‘gitlaringizga hamisha amal qilaman,– deydi o‘g‘il.
Quyoshning tafti qaytganida birin-ketin hovliga kirib kelgan ota-bolani qarshi olgan onaizor, boyagina tandirdan uzgan issiq nonlari-yu mayiz solib pishirgan palovxonto‘ra bilan oila a’zolarini siylaydi. O‘zaro ahillik, bir-biriga hurmat mujassam oilaning dasturxon atrofidagi gurungi uzoq vaqt davom etadi.
Ha, hayot bergan yorug‘ kunlar shukuhiga, sokin tunlar bag‘ridagi oromlarga kun sayin qut-baraka enayotgan shu Ona zaminga, ana shunday ota-bobolarining an’analariga sodiq mo‘jazgina o‘zbek xonadoniga ko‘z tegmasin deging keladi.
DARDGA DARMON BO‘LDI
“Akbarali, ho Akbarali” xastali ovozda o‘g‘lini chaqiradi Nurali bobo hansirab. “Labbay otajon”, padari huzuriga shoshilib kelayotgan o‘g‘il bexos yo‘l chetida turgan obdastani turtib yubordi. “Obbo” deganicha obdastani qo‘liga olib kiraverishdagi ayvon zinasi tagiga qo‘ydida otasining yoniga chiqdi. Nurali boboning kundan-kunga chehrasi so‘lib borar, ich-ichiga botgan nursiz ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib-yumardi.
– Umrim oxirlab qolganga o‘xshaydi bolam, oxiratim uchun qancha savob yig‘dim bilmayman. Ishqilib hammangiz ortimda qolinglar. Sen oilaning kattasisan, ukalaring va singillaringga bosh bo‘lishing kerak,– deydi qaltiroq qo‘llari bilan bag‘riga boshini qo‘ygan o‘g‘lining yelkasini silab. – Unday demang otajon, katta singlim o‘g‘illariga to‘y qilmoqchi o‘zingiz boshida bo‘lasiz.
– Mayli bolam, ilohim shu kunlarga yetkazsin, mabodo yetolmasam mening o‘rnimni bildirmaysan, – deya soqoliga tomgan ikki tomchi ko‘z yoshini Akbaraliga ko‘rsatmaslik uchun yuzini chetga buradi u.
– Otajon, choy ichasizmi, yumshoq shirguruch tayyorladim, suzib kelaymi? – kelini Zaynabxonning muloyim ovozi ota-bolaning suhbatini bo‘ldi. – Rahmat, qizim, umringizdan baraka toping, tarbiya bergan ota-onangizga rahmat, keyinroq icharman, – bir zumda o‘zini oq yuvib-oq tarab o‘tirgan kelinini alqashga tushadi bobo. – Akbarali kechasi bir tush ko‘ribman, rahmatli onang nuqul qo‘li bilan imlab anavi bog‘ etagidagi terakzorga chorlab turibdi. Bormayman deb boshimni irg‘asam, qovoqlarini solib ortiga burildi-da oq terak oldida bir to‘xtab keyin sekin ketib qoldi. Bu tushda ne sir-sinoat bor ekan? Aytgancha bog‘ni sug‘ordingmi, oxirgi paytlarda suv kelishi ham qiyinlashib qoldi. Otasining savoliga sekin bosh irg‘ab qo‘ygan Akbarali, tuni bilan mijja qoqmasdan bog‘ga suv taraganini aytib o‘tirmadi. Chunki, padari bog‘dagi har bir daraxtni xuddi farzandlari singari avaylab-ardoqlab o‘stirganini o‘g‘il dil-dilidan yaxshi anglaydi.
– O‘g‘lim kel, meni terakzorga bir amallab suyab olib bor. Yonimda bo‘lmasada onangni aslo xafa qilgim yo‘q,-ovozini pastlatib ta’kidlaydi ota.
– Mayli, siz nima desangiz shu, o‘zim opichlab olaman,– duydi padarining titragan ovozidan, bo‘g‘ziga kelgan xo‘rsinishni yashirishga uringan Akbarali.
Ota-bola bir amallab bog‘ yoniga yetib olishdi. Shu oqterakni tagiga o‘tiramiz o‘g‘lim, onang shu yerda bir pas to‘xtab, ortiga bir qayrilgan edi. Nurali bobo yelkasini daraxt tanasiga suyab uzoq vaqt o‘tirdi. O‘g‘li nimalarni gapirdi, u eshitmadi hisob. Ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib nafas olar ekan, o‘zini xuddi jannatga tushib qolganday his etardi. Kechki salqin tushishi bilan tanasi yanada yayradi. Ishtahasi tiklandi chog‘i, choynakdagi qaynoq choydan bosib-bosib ho‘pladi. Hatto uyquga yotish oldidan nabiralariga hazul-huzul qilishni ham uddaladi. Odati bo‘yicha sahar turgan Akbarali padarini supa sahnida hassaga tayanib kulimsirab turganini ko‘rib, beixtiyor chapak chalib yuborar ekan ko‘z o‘ngida bir zum onaizorining siymosi namoyon bo‘ldi.
XIVCHIN
Salohiddin aka oiladagi o‘n nafar farzand ichida beshinchi farzand. Allohga noshukurlik bo‘lmasin-u to‘rtinchi qizi tug‘ilganida xotinining mo‘ltirab turgan ko‘zlariga boqib, rosti yig‘lab yuboray dedi. Eh…, yana qiz. Bittasi o‘g‘il bo‘lsa nima bo‘lardi. Mayli onasi xafa bo‘lma, qiz ham farzand, tirnoqqa zorlar qancha, zo‘rg‘a o‘zini tutib yupatgan bo‘ldi rafiqasini. Ammo Zarifa turmush o‘rtog‘ining holatini ich-ichidan his etib turgani bois, bir og‘iz so‘z demasdan ko‘z yoshlarini artganicha ichkariga kirib ketdi. – Xafa bo‘lmang toy yigit, keyingisi albatta o‘g‘il bo‘ladi,– uning tushkun kayfiyatini yaxshi anglab, dalda berishga urindi shifokor Halima opa. E-voh peshonamga o‘g‘il bitmabdida, xotini yana farzand ko‘rishga rozi bo‘larmikan o‘zi shu qizini ming bir azobda dunyoga keltirdi. O‘sha noxush kayfiyatda shahar shifoxonasidan chiqqan Salohiddin aka qishloqqa bir holatda yetib keldi. Qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘ziga ko‘ringisi kelmay, sekin yurib uyi orqasidagi ariq yoniga kelib o‘tirdi. Adog‘siz xayollar og‘ushida qolgan Salohiddin aka suv yuzida oqib kelayotgan ingichka terak shoxini ko‘rib uni qo‘liga oldi. Shoxni uchidagi singan qismini olib tashlab shartta ikkiga bo‘lib ariq yoqasiga qadadi. Atrofini aylanasiga loy bilan obdon o‘rab qo‘ydi. So‘ngra suv olib chuqurchani to‘ldirdi. Qiziq bu oq terakmi yoki ko‘k terakni shoxi, padari tirik bo‘lganida darhol aytib berardi. Chunki, ular ko‘zi yumuq holatda ham daraxtlarning shoxlarini ushlab qaysi daraxt ekanligini bexato ajrata olardi. Mobodo u yer-bu yerda sinib yotgan terak yoki tol novdasi bormi erinmasdan darhol ariq chetiga ekib qo‘yar edi. Mayli qaysi terak navi bo‘lsada tutib ketsa bo‘lgani. Nasib qilsa, keyingi farzandimiz o‘g‘il tug‘ilsa shoxidan xivchin ot qilib beraman, – o‘zicha diliga tugib qo‘ydi u.
Yarim tunda cho‘chib uyg‘onib ketgan Salohiddin aka yon-atrofiga qarab qorong‘ulik qa’ridan otasini axtara boshladi. Tushimmi yo o‘ngimmi? Boyagina otasi Safar bobo qo‘lidan tutib teraklarni avaylab o‘stirgin bolam, nomi “O‘g‘il terak”,– dedi-ku. Biroz vaqt o‘tib o‘ziga kelgan o‘g‘il qaytib uxlay olmadi. Oradan uch yilcha vaqt o‘tgan bo‘lsada u hamon o‘sha tushni unutolmagani kabi “o‘g‘il terak”ni ham parvarishini kanda qilmaydi. Aksincha yoniga bir necha qalamchalar qadab ular sonini ko‘paytirdi. Ammo tushida o‘sha otasi nom bergan “o‘g‘il terak”ka mehri bo‘lakcha.
– Otajon, suyunchi bering, endi meni ham o‘g‘il ukam bor – tug‘ruqxonaga xolasi bilan ertalab ketgan to‘ng‘ich qizi Gulira’noning shodon ovozidan Salohiddin akaning oyoqlari titrab ketdi. Bir zum nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi-da, o‘ziga kelgach, “o‘g‘il terak” yoniga ildamladi. Uning yo‘g‘onroq shoxidan birini avaylab kesib olar ekan, beixtiyor, “otajon, endi bu terak xivchinini nabirangiz ot qilib minadi” , – deb ko‘ziga yosh oldi.
Jamila HAYDAROVA