Darslarga ijodiy yondashuv
mashg‘ulotlar qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi
Har bir darsning hayotiy reja asosida tashkil etilishi mashg‘ulotning sifatli olib borilishini ta’minlash barobarida o‘quvchilar vaqtini to‘g‘ri taqsimlashda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qituvchining mahorati darsni qanday rejalashtirganiga bog‘liq. Bu esa murabbiydan katta tajriba, tinimsiz izlanish va chuqur bilimni talab etadi. Dars jarayonida yuz beradigan har qanday holatga, mavzu yuzasidan bo‘ladigan savollarga, turli o‘yin usullarini tashkil etishga o‘qituvchi puxta tayyorgarlik ko‘rishi lozim.
Qariyb 15 yildirki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berib kelaman. Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, o‘tiladigan mavzu yuzasidan dars reglamentini tuzib chiqaman. Natijada 45 daqiqalik mashg‘ulot ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. O‘yin yoki savol-javob tarzida olib borilgan mashg‘ulotlarda o‘quvchilar faolligi oshganini ko‘p bor kuzatganman. Bunda past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar ham guruhi sha’nini himoya qilish uchun o‘qib-izlanishga va o‘tilgan dars mavzusini diqqat bilan tushunib olishga harakat qiladilar.
Ekologik tarbiyaga bag‘ishlangan darslarda “Do‘stingiz qushning bolasini olamiz, desa qanday yo‘l tutasiz?”, “Xazonlarni yoqmoqchi bo‘lgan do‘stingizni ko‘rganda nima qilasiz?” kabi savollar tuzib, ulardan javob olaman. Suvni ifloslantirmaslik, hayvonlarga, qushlarga, tabiatga do‘stona munosabatda bo‘lishga undovchi savollar beraman. Azon qatlamining teshilishida zaharli tutunlarning ta’siri haqida tushuncha beraman. Ko‘p hollarda tabiat va odobnoma darsini qo‘shib, o‘quvchilarga biz tabiatning ajralmas bo‘lagi ekanimizni tushuntiraman.
Maftuna Izzatullayeva, Ruhshona Yusupova, Gulnoza Qodirova, Dildora Salohiddinova kabi izlanuvchan o‘quvchilarim sinfdoshlarini ham faol bo‘lishga undashadi. O‘qituvchining darslarga ijodiy yondashuvi har bir mashg‘ulotning qiziqarli bo‘lishiga o‘quvchining mavzuni puxta o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir etadi.
Shahnoza BOBOYEVA,
Chirchiq shahridagi 11-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi