Tasavvur va tasvir uyg‘unligi

yosh rassom mahoratini yuksaltiradi

Yurtboshimiz yoshlar haqida so‘z yuritar ekanlar, kuyunchaklik bilan oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday inson bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liq degan fikrni ko‘p bora ta’kidlaydilar.

Darhaqiqat, biz mamlakatimiz kelajagi va faxri bo‘lgan umidli o‘g‘il-qizlar haqida qayg‘uradigan xalqmiz. Shu bois yurtimizda iqtidorli yoshlarning o‘qishda, kasb-hunar egallashda, yaratuvchilik faoliyatida erishayotgan yutuqlari munosib baholanmoqda.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Dastgohli va kitob grafikasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura ikkinchi bosqich talabasi Charos Payziyeva ana shunday umidli yoshlardan. Uning kuzatuvchan nigohi ijodkorligidan darak beradi. Ranglar uyg‘unligida yaratgan san’at asarlarini ko‘rib, qalbing yorishadi.

Besh nafar farzandini sog‘lom, ma’nan barkamol etib kamolga yetkazgan Charosning ota-onasi Alisher aka va Jannat opa bugun niyatlari ushalayotganiga shukronalar aytishadi. Jannat opa O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi direktori. Charos bolaligidan onasiga ergashib, turli san’at asarlarini tomosha qilib ulg‘aydi. Ehtimol, ana shu unutilmas lahzalar uning beg‘ubor qalbida tasviriy san’atga muhabbat uyg‘otgan va ijodkor bo‘lishiga turtki bo‘lgandir.

Qizalog‘ining tasviriy san’atga qiziqishini anglagan onasi uni to‘qqiz yoshida Respublika bolalar ijodiyot markaziga olib boradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli rassom Hikmat Jalilov rahbarligidagi tasviriy san’at studiyasida Charos rassomlik san’ati sirlarini o‘rgandi. Keyinchalik oliy ta’lim dargohida ham amaliyot darslarida natura (kishilarni turli holatlarda tasvirlash) qalamda va rangda ishlash, kompozitsiya fanidan biron-bir asarga yoki mavzuga bag‘ishlab miniatyura yo‘nalishida asarlar ishlashni o‘rgandi. Etyud janrida – tabiat, hayvonlar, qushlar, odamlarning turli holatlarini tasvirlashni, ashyoda ishlash fanida tarixiy miniatyura asarlaridan nusxa olib, kitobot san’ati fanida biror asarga illyustratsiyalar va muqovalar ishlashni hamda tabiat qo‘ynida tabiat tasvirlaridan nabroska (xomaki reja)lar chizishni qunt bilan o‘zlashtirdi.

Zamon bilan tenglashayotgan yoshlar qatori Charos Payziyeva ham ingliz tili, tarix fanlarini yaxshi o‘rgangan. Ilmiy maqolalar yozadi. Benazir mo‘yqalam sohibi Kamoliddin Behzodga bag‘ishlab nashrdan chiqarilgan “San’at yoshlar nigohida”, “Hozirgi ta’lim tizimida miniatyura san’atini o‘qitish va undagi muammolar” deb nomlangan ilmiy kitoblar sahifalaridan yosh musavvirning maqolalari ham joy olgani quvonarlidir.

Yana o‘qing:  Chaqaloqni yo‘rgaklash

– Har bir inson o‘z orzu-niyatlariga erishishida, avvalo, uni tushunadigan yaqinlariga suyanadi. Men shu davrgacha barcha muvaffaqiyatlarga ustozlarim, ota-onam va albatta turmush o‘rtog‘imning ko‘magi bilan erishib kelmoqdaman. Qaynonam Shoira Payziyeva psixolog, shuning uchun ham meni tushungan holda o‘qishim, ijodiy ishlarim uchun sharoit yaratib berishgan. Oilamizdagi sog‘lom muhit tufayli o‘qishda yuqori reyting natijalariga erishish bilan birga, xalqaro hamda respublika miqyosida rassomlik sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan qator ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazma va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashib kelmoqdaman. Ilk yutuqlarim 2000 yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan BMTning YUNISEF bolalar jamg‘armasi tomonidan “Ona suti – bola sog‘lig‘ining manbai” nomli ilmiy anjuman doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazma-tanlovida “Ona va bola, gul bilan lola” asari uchun birinchi o‘rin hamda YUNISEFning maxsus sovrinini qo‘lga kiritgan edim, – deydi Charos Payziyeva.

Shuningdek, Italiyada tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazma-tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh rassom “Orolni asrang” asari uchun Xalqaro EKOSAN xayriya jamg‘armasining maxsus sovrini, “Temuriylar sulolasi” asari uchun Xalqaro Amir Temur jamg‘armasining maxsus sovrini va diplomi bilan taqdirlangan. Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Shankar – 2005” nomli Xalqaro ko‘rgazma-tanlovi g‘olibi bo‘lib, “Hind malikasi” asari uchun ikkinchi o‘rin va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Charos Payziyeva Toshkentning 2200 yilligiga bag‘ishlangan “Ustoz va shogird” ko‘rgazmasida “Miniatyura va kitob grafikasi” yo‘nalishi bo‘yicha, “Tasviriy san’at haftaligi – 2009” da “Eng yaxshi miniatyura asari” nominatsiyasi buyicha O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Diplomini qo‘lga kiritgan. 2010 yilda Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasiga munosib deb topilgan yuksak iqtidor sohibasi Sohibqiron Amir Temurning tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazma-tanlovda hamda “Tasviriy san’at xaftaligi-2011” da diplom bilan taqdirlangan. Yosh rassom ana shu mehnatlari, ijodiy izlanishlari natijasi o‘laroq 2013-2014 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

Hozirda Charos “Tarix sahnasida ayol siymosi, amaliy va nazariy tahlili” mavzuida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bu mavzuni tanlashiga sabab To‘maris, Bibixonim, Nodirabegim, Zulfiyaxonim kabi o‘zbek ayollarini jangchi, malika, shoira, davlat maslahatchisi sifatida emas, avvalambor, ularni ayol, rafiqa va ona timsolidagi xarakterini tasvirlar orqali ochib berishdir.

Yana o‘qing:  Bolalar shifokorlari uchun

Kelajakda ustozlari “Shuhrat” medali sohibi Mirhamid Sabirov, O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov, akademik, haykaltarosh-rassom Shahnoza Mo‘minovadek yoshlarga saboq berish yosh rassomning ezgu niyatidir. Bugungi kunda qator respublika va xalqaro bolalar san’ati ko‘rgazma tanlovlarida faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgan yosh rassom zamonaviy va an’anaviy yo‘nalishda ijod qiladi. Miniatyura janrining asoschisi Kamoliddin Behzod yaratgan asarlar uni o‘ziga maftun etgani bois Charos Payziyeva tarixiy asarlar qahramonlarini zamonaviy qiyofada yaratishga harakat qiladi. Uning ijodi ana shu qirralari bilan boshqalardan ajralib turadi. Yosh musavvir kelajakda doktaranturada o‘qib, ilmiy izlanishlar olib borish niyatida. Zero, ayol rohatni halovatda emas, balki, mehnatda deb bilsa, qaynoq qalb bilan amalga oshirilayotgan bu mehnatlar ertaga shon-shuhrat, farovonlik bo‘lib hayotimizda aks etishi shubhasiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: