Farzand istiqboli – baxtning timsoli

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyat filiali rahbari Nargiza Sharipova bilan suhbatimiz onalar va bolalar salomatligi, sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirish va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari haqida bo‘ldi.

– Nargiza Umidovna, farzand salomatligi haqida gap borar ekan, eng avvalo, onalar sog‘ligini mustahkamlash muhimligini ko‘p marta e’tirof etamiz. Mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi sharofati bilan yaxshi natijalar qo‘lga kiritilyapti. Ushbu dastur maqsadlaridan kelib chiqqan holda fondning viloyat bo‘limi qanday faoliyat olib bormoqda?

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2014 yilni Sog‘lom bola yili deya e’lon qilinishi ayni dilimizdagi ezgu niyatlarni o‘zida ifoda etdi. Shuni alohida qayd etib o‘tishni istardimki, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi ham mamlakatimizda tizimli ravishda tatbiq etilayotgani bois ko‘zlangan natijalarga erishilyapti. Sog‘lom millatni shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzi masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Dunyoga kelayotgan farzandlarning ona qornidaligidayoq salomatligi qat’iy nazorat qilinyapti, sog‘lom tug‘ilishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Shu bois, keyingi 3 yil ichida bolalarimizning rivojlanish darajasi yuksalganligini kuzatish mumkin. Fond o‘tgan yillar davomida kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalarga o‘zining tizimli ravishda moliyaviy, moddiy va tibbiy yordamlarini ko‘rsatib kelyapti. Viloyatimizdagi bolalar, muruvvat, mehribonlik va qariyalar uylari bizning doimiy e’tiborimizda. Joriy yilning o‘zida 17 ming 922 nafar aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. 6 million 628 ming so‘mdan ortiq dori-darmonlar, gigiyenik anjomlar, kiyim-kechaklar tarqatildi. Qirq nafar bemorga nogironlik aravachalari berildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab va kollejlarda olib borilayotgan tibbiy ko‘riklarga hamda tibbiy-ma’rifiy tadbirlarga malakali shifokorlar jalb qilinib, bolalarning salomatligi muntazam ravishda nazorat qilib borilyapti.

Oliy Majlis huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan grant mablag‘i yordamida “Bir yil davomida Orolbo‘yi hududi Urganch tumani aholisining salomatligini muhofaza qilish maqsadida tibbiy sanitar, profilaktika yordamini ko‘rsatish” loyihasini amalga oshiryapmiz.

– Irsiy kasalliklar va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?

– Inson salomatligi ko‘p jihatdan uning genotipi bilan belgilanadi. Genotip deganda inson organizmidagi bir-biri bilan o‘zaro murakkab munosabatda bo‘lgan genlarning yig‘indisiga aytiladi. Irsiy kasalliklar irsiy axborotlarni nasldan naslga tashuvchi genlarning o‘zgarishlari natijasida yuzaga keladi.

Yana o‘qing:  Izlanishlar e’tirofga zamin yaratadi

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda ota-onalar tashqi qiyofasidan sog‘lom bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq, ularning farzandlari tug‘ma irsiy kasallik bilan tug‘ilishi xavfi yuqori bo‘ladi. Chaqaloqlarning kasallik bilan tug‘ilishi, bolalarning muddatdan oldin tug‘ilishi, ayollar va erkaklarning bepushtligi, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘limning bir qismi irsiy omillar bilan bog‘liq.

Ma’lumki, homila o‘z genlarining teng yarmini onasidan, ikkinchi teng yarmini otasidan oladi. Irsiy kasallik tashuvchi genlarning ko‘pchiligi organizmda yashirin holda saqlanadi. Agar insonda bitta kasallik geni mavjud bo‘lsa, buning salbiy tomoni uning o‘zida yuzaga chiqmaydi. Biroq, u kasallik genini tashuvchi hisoblanib, uni o‘z farzandiga beradi. Bemorlarda sog‘lom genlar mavjud bo‘lmaydi.

Kasal yoki sog‘lom genlarning berilishi uch ko‘rinishda bo‘ladi. Birinchi holatda homila ikkita sog‘lom gendan iborat urug‘dan rivojlanganda u salomat tug‘iladi. Ikkinchi holatda homila ota-onadan birining sog‘lom, ikkinchisining kasallik genini saqlovchi urug‘idan rivojlanadi. Natijada bola sog‘lom, lekin kasallik genini tashuvchi bo‘lib tug‘iladi. Uchinchi holatda homila ota-onaning kasallik genini saqlovchi urug‘laridan rivojlanadi va xastalik bilan tug‘iladi. Shuning uchun ham qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh xavfli hisoblanadi.

Go‘dakning tug‘ma rivojlanish nuqsoni bilan dunyoga kelishi, aqliy zaiflik, jismoniy rivojlanishdan orqada qolishi, tez-tez qaytalanuvchi va davolash qiyin bo‘lgan bronx-o‘pka kasalliklari, o‘pka shamollashidan bolalarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi, buyrak kasalliklari, eshitish qobiliyatlarining susayishi, suyak tizimiga, (ko‘krak qafasi deformatsiyasi, umurtqa qiyshayishi, tez-tez suyak sinishlari), yurak qon-tomir kasalliklari, ko‘z va tayanch harakat tizimi nuqsonlarining qo‘shilib kelishi, raxit kasalligi va uni davolashning og‘ir kechishi, oilaviy nevrologik xastaliklarda (mushaklarning rivojlanmasligi, to‘g‘ri yura olmaslik, titrash) asoratlari bilan namoyon bo‘lishi mumkin.

– Onalarga maslahatlaringiz.

– Har bir inson ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ri tashkil qilishga, tibbiy madaniyatli bo‘lishga, o‘z hayotini sog‘lom shakllantirishga astoydil harakat qilib, oilasi va farzandlari istiqboli haqida jiddiy qayg‘urishi zarur. Shuning uchun har qanday ayol – u ona, u singil, u opa yoki buvi bo‘lsin, albatta o‘ziga tibbiy saboqlarni puxta o‘zlashtirib olishi kerak. So‘zimni muhtaram Prezidentimizning ushbu so‘zlari bilan yakunlamoqchiman. “Ongli yashaydigan har bir odam yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne’mat bo‘lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha kelajakni o‘ylab, ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”. Azizlar, yaxshi umid bilan yashang va orzularga intiling!

Yana o‘qing:  Mard o‘g‘il keltirgan sharaf

– Maroqli suhbatingiz uchun rahmat.

Dilbar Bekjonova suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: