Musharraf ayaning shukronasi

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Bobodehqon” mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Musharraf Abbosova bu yil 96 bahorni qarshiladi. Har kuni biri ishga, biri o‘qishga shoshilayotgan farzandlariyu nevaralariga oq yo‘l tilab, shunday tinch, farovon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytadi.

– Istiqlol tufayli shaharu qishloqlarimiz kundan-kun chiroy ochmoqda, – deydi Musharraf aya. – Yurtimizdagi obodligu ko‘rkamlik qalblarimizni yanada go‘zallashtirmoqda. Farzandlarimiz sog‘lom unib-o‘syapti, intilganning biri ikki bo‘layotir. Shunday kunlarga yetkazganiga shukur. Farog‘atli zamonda yashab, xotirjam hayot kechirishdan katta baxt bormi? Bularning bariga bosh-qosh bo‘layotgan Yurtboshimizning umrlari uzoq bo‘lsin!

Musharraf aya umrining yarmidan ko‘prog‘ini daraxt va gul nihollari yetishtirib, poytaxtimizni obod etishga sarflagan. Hozir nevara-chevaralari, mahalladoshlari ardog‘ida. Farzandlari bilan birga piru badavlat yashayotgan onaxonning duosini olish mahalla yoshlari uchun an’anaga aylangan.

Onaxon bo‘sh vaqtlarida nevara-chevaralarini yoniga chorlab, ibratli hikoyatlar aytib beradi. Xalqimiz erishayotgan yutuqlarni hayotiy misollar bilan tushuntiradi, bugungidek tinch, farovon kunlarning qadriga yetishga undaydi.

– Har yili Navro‘z arafasida hovlimizda doshqozon osib, mahalla ahli bilan sumalak pishiramiz, – deydi onaxonning nevara kelini Farida Saidahmedova. – Ushbu qutlug‘ ayyomda qalblar mehr-muruvvatga, ezgulikka to‘ladi. Qarindosh-urug‘, mahalladoshlar ayamizni yo‘qlab keladi.

Gapga quloq solib o‘tirgan 9 yoshli Dilmurod: “Katta oyi, nega buvim, oyimlar sumalak pishirganda doim yig‘laysiz?”, – deya ayani savolga tutadi. Onaxon yosh boladay kuladi: “Bir zamonlar sumalak pishirish taqiqlangan, ugra oshi qilish uchun uyimizda bir chaksa un topilmagan kunlarni ko‘rdik. Hozir-chi, dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Shunday zamonlarga yetkazganiga shukrona qilaman-da, bolam. Bu sevinch, quvonch, shukronalik yoshlari…”

Musharraf aya har yili bahorda rayhon, jambil ekadi. Bu yoshlikdan qolgan odati. Yoshlarga tarix fanidan saboq bergan, hozir yetmishni qoralab qolgan o‘g‘li bilan nabirayu chevaralariga daraxt va gul ekishning savobli yumushligini ta’kidlashdan tolmaydi.

– Buvijonim uy-ro‘zg‘orga qarashni, ovqat pishirishni o‘rgatgan, – deydi ayaning nabirasi Nozima Saidalixo‘jayeva. – Shirin-shirin taomlar pishirib berganimda qaynonam hamisha buvijonimni alqaydi. O‘gitlariga quloq solib, kam bo‘lganimiz yo‘q.

…Yo‘qlovimizdan ko‘ngli quvonchga to‘lgan onaxon dadil qadamlar bilan bizni ostonaga qadar kuzatib chiqar ekan, duoga qo‘l ochdi:

Yana o‘qing:  Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimiga 20 yil: anjumanda galdagi vazifalar belgilab olindi

– Yaratgan umrimizni uzoq, rizqu nasibamizni ziyoda qilsin! Har bir xonadonda, butun yurtimizda tinchlik-omonlik bardavom bo‘lsin!

Sayyora ShOYEVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: