Ayol borki, olam charog‘on, Qaynab turar hayot bulog‘i…
Qaysi yurtda inson qadr-qimmati ulug‘lansa, mamlakat obod, el turmushi farovon bo‘ladi. Qaysi oilada ayol e’zozda bo‘lsa, xonadonga fayzu baraka yog‘iladi. Ayol mehru muhabbati, nazokati, ezgu fazilati va munis nigohi, mehnati bilan ko‘nglimizni chog‘, hayotimizni munavvar etib turadi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqidan quyidagi satrlarni keltirish o‘rinlidir: “Qachon oila baxtli bo‘ladi? Qachonki, ayol baxtli bo‘lsa. Qachon ayol baxtli bo‘ladi? Avvalambor, uning bolalari, oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i sog‘-omon bo‘lsa. Qachon ayol hayotdan rozi bo‘ladi? Qachonki, oilasi tinch, ro‘zg‘ori farovon bo‘lsa, ertangi kundan ko‘ngli to‘q bo‘lsa”.
Ayol chinakam matonat sohibasidir. U aqlu irodasi, jasorati bilan hayot davomiyligini ta’min etadi. Bolani dunyoga keltirib, bor mehru muhabbati bilan voyaga yetkazadi. O‘zining orzu-umidlarini farzandlarining salomatligi, odobi, bilimi va oydin kelajagi – baxtu kamolida ko‘radi.
Bugun yurtimizda ayollarning ham siyosiy, ham ijtimoiy nufuzini ko‘tarish, oila va jamiyatdagi faol ishtirokini ta’min etish uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Inchinun, bu sa’y-harakatlar erishilayotgan yutuqlarda namoyon bo‘lmoqda. Ayni kunlarda 842 ming nafarga yaqin qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yuksak iqtidorli qizlarimiz jahon arenalarida ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritib, jonajon diyorimiz nomini dunyoga yoymoqda.
Yurtimiz xotin-qizlarining o‘z salomatligini mustahkamlash borasida qayg‘urayotgani, intilayotgani oilalarda sog‘lom turmush tarzi darajasining oshib borayotganidan dalolatdir.
Yana bir misol, mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan aholining 50 foizga yaqinini aynan xotin-qizlar tashkil etayotgani, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va roli muhim ekanini ko‘rsatmoqda. Bu kabi misollarni esa ko‘plab keltirish mumkin.
Darhaqiqat, ayol qo‘li tekkan cho‘p yaproq yozadi, nigohi tushgan bog‘ bo‘stonga aylanadi. Sababi ayon, ayolda bahor faslining fazilati, ezgu xislati, latofati bor. Yangilanish va yasharish faslining xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishida ham ana shunday hikmat mujassamdir.
F.HAYITOV