IJODIY SALOHIYATIMIZ NAMOYISHI
“Art Week Style.uz – 2012” san’at haftaligi yakunlandi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, milliy hayot tarzimiz uchun yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan asrashning muhim sharti sifatida milliy san’atimiz va madaniyatimizni ravnaq toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu jihatlar “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan 4-9 oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Art Week Style.uz – 2012” san’at haftaligida ham o‘z ifodasini topdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilgan “Oltin Gepard” ikkinchi xalqaro Toshkent kinoforumi, “Theatre.UZ/2012” xalqaro teatr festivali, VI xalqaro Toshkent fotobiyennalesi kabi yirik loyihalarda musiqa, kino, teatr, fotografiya, tasviriy san’at, dizaynerlik, moda, me’morlik kabi ko‘plab soha va yo‘nalishlar qamrab olindi.
Bir hafta mobaynida Yoshlar ijod saroyi, Milliy san’at markazi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi kabi madaniyat maskanlarida rang-barang foto va tasviriy san’at ko‘rgazmalari, taqdimot marosimlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar jahonning nomdor modelyer va dizaynerlari bilan bir sahnada o‘z ijodiy ishlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi. Oliy ta’lim dargohlarida bo‘lib o‘tgan mahorat saboqlari, anjuman va uchrashuvlar, jonli muloqotlar, amaliy seminarlar liboslar dizaynerligi, to‘qimachilik sanoati bo‘yicha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
San’at va ma’rifat bayrami doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tgan xalqaro anjumanda mamlakatimiz me’moriy obidalaridagi muqaddas bitiklarning xalqimiz ma’naviyatining yuksalishi va Sharq tamadduni rivojidagi ahamiyati haqida fikr almashinildi. Xalqaro madaniyat karvonsaroyida Buyuk ipak yo‘li mamlakatlari madaniy merosini asrab-avaylashning dolzarb masalalari, sohaga oid ilmiy loyiha natijalari atroflicha muhokama etildi.
Hafta mobaynida Toshkentdagi san’at saroylarida jahonning nomdor musiqachilari, ijodiy jamoalari ishtirokida konsertlar bo‘lib o‘tdi. Ularga asosan bolalar musiqa va san’at maktablarining iste’dodli yoshlari taklif etilgani navqiron avlodni musiqaning eng nodir namunalaridan bahramand etish imkonini berdi.
Haftalikning eng yirik va yorqin tadbirlaridan bo‘lgan Milliy liboslar festivalida yosh dizaynerlarning turli hududlarimizning o‘ziga xos liboslar to‘plami namoyish etilgan bo‘lsa, “Underground” namoyishida yoshlar erkin mavzu va uslubda o‘z ijodini tomoshabinlarga havola etdi. Mahorat saboqlari o‘zaro fikr va tajriba almashishda alohida ahamiyat kasb etdi.
“An’anaviy mahorat va ijod” xalqaro anjumanida yurtimiz va xorijiy oliy ta’lim maskanlari o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi. Milliy san’at markazida bo‘lib o‘tgan Azerbayjon gilamlari ko‘rgazmasi, sartaroshlik san’ati bo‘yicha xalqaro tanlov san’at bayramiga yanada rang-baranglik baxsh etdi.
– San’at haftaligi tadbirlari juda qiziqarli, maroqli va yuksak ma’rifiy ahamiyati bilan menda unutilmas taassurot qoldirdi, – deydi Ispaniyaning Yosh dizaynerlar uyushmasi prezidenti Laura Viktoriya Valensiya. – Bunda aholining turli qatlamlari, kasb-kori, yoshi, millati turlicha bo‘lgan odamlar faol qatnashgani e’tiborlidir. Bularning barchasi O‘zbekistonda inson omili, uning ijodiy-ma’naviy kamolotiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan dalolatdir.
– Bunday jonli, qiziqarli, zavqli, rang-barang tadbirlarga boy san’at haftaligi har qanday ijodkorni ruhlantirib yuboradi, – deydi aktyor Mark Dakaskos (AQSH). – Barcha ko‘rgazma va namoyishlar, premyeralarda mamlakatingiz ijodkorlari san’atning qay yo‘nalishida bo‘lmasin, o‘z maktabi, milliy an’ana va qadriyatlariga yuksak sadoqat va mehr bilan faoliyat ko‘rsatayotgani tahsinga loyiq.
Yoshlar ijod saroyida “Art Week Style.uz – 2012” san’at haftaligining yakuniy tadbirlaridan biri sifatida “Dom stilya” modalar uyi ijodkorlarining liboslar to‘plami namoyish etildi. Milliy liboslar festivali va “Underground” namoyishida ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan modelyer va dizaynerlarga diplom va sertifikatlar topshirildi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri