Qulay sharoit, yaxshi muolaja

bemorlarning salomatligi tiklanishida muhim o‘rin tutadi, deydi Respublika

ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi Bosh shifokori Abdulla Seyidov.

Qosh qoraya boshladi. Kech bo‘lganini payqagan Gulnoza ishlarini bitkazib uyga otlandi. Tashqariga chiqqach, yengil tin oldi. Bahorning intiqlik bilan kutilgan yoqimli ifori dimog‘iga xush yoqib, ko‘ngli entikib ketdi. U manzili sari dadil ildamladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, boshiga qattiq zarb urilganini angalgan Gulnoza og‘riqning kuchidan yerga yiqildi…

Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng Gulnoza shifoxonada davolanib chiqdi. Ammo bosh qismidagi og‘riq va arzimagan voqealarga tez-tez asabiylashishi onasi Marhamat opani tashvishga sola boshladi. Shifokor ko‘rigi, belgilangan muolajalar dardini biroz yengillashtirsa-da, butkul bartaraf etmadi. Ruhiyatida paydo bo‘ladigan vahima, ortiqcha jizzakilik uni kun sayin holdan toydirardi…

Shifokorlar uni Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasiga yo‘naltirishdi. Gulnoza klinikaning chegaradosh bo‘limida davolandi. Oradan ko‘p o‘tmay, u bosh qismidagi og‘riqdan butkul forig‘ bo‘ldi. Eng muhimi, ko‘nglidagi xotirjamlik, ruhiyatidagi sokinlik hamda o‘ziga bo‘lgan ishonch uni hayotga qaytardi.

Muassasada Gulnoza kabi hayotning turfa pastu balandliklarida ruhi xasta bo‘lgan bemorlar davolanadi. Ularning boshiga tushgan ko‘rgilikning sabablari turlicha bo‘lgani kabi xastalikning ko‘rinishi ham o‘zgacha. Ammo muassasa xodimlari barcha bemorlar salomatligi uchun birdek mas’uldirlar

Aytishadiki, haqiqiy shifokorgina bemorning nafaqat jismidagi xastalikni davolaydi, balki ruhiyatining tiklanishiga ham ko‘maklashadi. Darhaqiqat, Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasidagi malakali mutaxassislar faoliyati bunga misoldir.

MAS’ULIYATNING ZALVORI

– Insonning eng katta boyligi bu irodali qalbi, sog‘lom ruhiyatidir, – deydi shifoxona haqida so‘z yurita turib klinikaning chegaradosh bo‘lim boshlig‘i Guljon Beshkempirova – Jism xastaligini ma’lum muolajalar orqali davolash mumkin. Ammo uning ruhiyatiga kirib borib, xastalikka barham berish nihoyatda mushkul. Bizning faoliyatimizdagi o‘ziga xos qiyinchiliklar ham ana shunda. Bu borada davlatimiz tomonidan yetarlicha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Ta’kidlash joiz, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan barcha sohalar kabi sog‘liqni saqlash sohasi ham bosqichma-bosqich yangi tizimga o‘tishni boshladi. Bu tizimda amalga oshirilayotgan yuksak islohotlar Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasini ham chetlab o‘tmadi. Prezidentimiz tomonidan 2001 yil yanvar oyida tasdiqlangan “Psixiatriya qonuni” ham uning faoliyati hamda moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.

Yana o‘qing:  Go‘zallik va shijoat bahsi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrda qabul qilingan farmoyishiga asosan Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviokompaniyasi tasarrufida bo‘lgan Sergeli tumani, 4-mavzesida joylashgan profilaktoriya binosiga ko‘chirish belgilandi.

Shifoxonani mazkur manzilga ko‘chirish va moddiy texnik bazasini yanada yaxshilash muassasaning bosh shifokori Abdulla Seyidovga yuklatildi. 2012 yil 2 noyabrdan mazkur faoliyat yuzasidan shtab tuzilib, shu kundan boshlab profilaktoriya binosini ruhiy bemorlarga moslashtirish ishlari amalga oshirildi.

2013 yil sentyabr oyida muassasa belgilangan manzilga ko‘chirib o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishini belgilangan tartibda bajarishda shifoxona bosh shifokori – Abdulla Seyidov rahbarligida barcha xodimlari sidqidildan jonbozlik ko‘rsatdi. Hozirgi kunda shifoxonada 177 nafar bemor davolanmoqda.

– Respublika ruhiy kasaliklar klinik shifoxonasi ruhiy erkaklar bo‘limi, ruhiy ayollar bo‘limi, chegaradosh bo‘lim hamda maxsus reabilitatsiya bo‘limidan iboratdir, – deydi bosh shifokor Abdulla Seyidov. – Muassasadagi bemorlar bepul davolanadi. Qabul qilinadigan dori vositalari ham davlatimiz tomonidan bepul ta’minlanadi. Bu esa yurtimizda inson qadri va uning manfaatini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining isbotidir.

Shifoxonadagi hayot bilan yaqindan tanishar ekansiz, undagi muhit dastlabki tasavvurning aksini namoyon etadi. Bu yerda orastalik, sokinlik hukm suradi. Shinam palatalar, muolaja xonalari, zamonaviy tibbiy anjomlar bilan jihozlangan fizioterapiya xonasi, elektroensefalogramma xonasi, shuningdek, elektrokardiografiya xonalari bemorlar xizmatida.

HAYOT HIKMATI

Tanish oilaning farzandlaridan biri ruhiy xasta. Xonadon kattalari unga parvona. Ota-ona dilbandini o‘z vaqtida shifokor nazoratidan o‘tkazib turishadi, oq yuvib, oq taraydi. Kimdir ularga hamdard bo‘lsa, yana birov yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning ayanchli oqibati naqadar mudhish ekanini ko‘nglidan o‘tkazadi. Oxirini o‘ylamay qilingan ish, bu oilaning bir umr tashvish bilan yashashiga sabab bo‘lmoqda.

– Ruhiy kasalliklar, psixozlar – bosh miya faoliyatining buzilishidan kelib chiqadigan kasalliklar ruhiy holatning funksional o‘zgarishlardan to uning butunlay buzilishigacha bo‘lgan holat hisoblanadi, – deydi shifoxona psixiatri Xayrulla Hamidullayev.

Shifokorning so‘zlariga qaraganda ruhiy xasta bemor voqelikni to‘g‘ri idrok eta olmaydi, shu jihatdan, u ichki kasalliklardan farq qiladi. Buning sabablari xilma-xil bo‘lib, ular orasida irsiy omil asosiy o‘rin tutadi. Oligofreniya, psixopatiya, maniakal-depressiv psixoz, epilepsiya va shizofreniyaning kelib chiqishida kishining nasl-nasabi muhim ahamiyatga ega. Shu jumladan, ruhiy xastaliklarning paydo bo‘lishi va avj olishiga yuqumli kasalliklar, bosh miyaning shikastlanishi, intoksikatsiya(zaharlanish), ruhiy iztiroblar ham sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, onaning homiladorlik paytida chuqur depressiya holatini boshidan o‘tkazishi, o‘tkir virusli xastaliklarga chalinishi yoki jismoniy shikastlanishi sababli homilaning zararlanishi ham bolaning ruhiy rivojlanishiga aks ta’sir etadi.

Yana o‘qing:  Bahor keldi seni so‘roqlab

– Ba’zi insonlar oila a’zolarida ruhiy xastalikning belgilari namoyon bo‘lganda darhol ruhshunos ko‘rigiga bormasdan aksincha o‘zibilarchilik bilan davo choralarini axtaradi, – deya so‘zida davom etadi shifokor. – Turli muolaja “marosimlari”ni o‘tkazishadi. Natija bo‘lmagach, so‘ngra shifokor huzuriga kelishadi. Afsuski, bu paytda kasallik so‘nggi bosqichlarga o‘tgan bo‘ladi. Bunda esa davolash muolajalari biroz qiyin kechadi.

Inson tabiati qiziq. Ba’zida u o‘zgalar hayotida yashayotgandek go‘yo. O‘z taqdiriga bek emas. Hamisha birovlar gap-so‘ziga, fikriga quloq soladi. Zarurat chog‘larida ham bizning shifoxonada davolanishga panja ortidan qarashadi. Eng achinarlisi shundaki, farzandidagi xastalik belgilarini yashirib, uylantirib qo‘yishadi, yoki uzatishadi. Natijada ikki oila baxtsizlikka uchraydi.

Shifoxonadagi bemorlarni kuzatar ekanman, bu dunyoga hech kim, hech qachon bejiz kelgan emas, degan hayotiy hikmat yodimga tushdi. Xatti-harakatlari va so‘zlarida chalkashlik, nigohlarida esa vahima va xadik bo‘lishiga qaramay, butkul sog‘ayib ketish ilinjidagi bu bemorlar to‘rt muchasi salomat, ammo hayotning turli qing‘irliklaridan qaytmaganlarga hayotni sevib, uning har bir oni aziz ekanini yodga solsa, boshqalarga har bir kunimiz osuda va salomat o‘tayotgani uchun cheksiz shukrona aytishga undaydi. Ehtimol bu hayot hikmatidir.

TUNNI TONGLARGA ULAB…

Har kuni turli yoshdagi ruhiy xasta bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning o‘zgaruvchan ko‘ngliga yo‘l topayotgan shifokorlarni kuzata turib, ularning faoliyati nechog‘lik mashaqqatli ekaniga guvoh bo‘lamiz. Ruhiy bemorni davolashda birinchi muolaja uning irodasini mustahkamlashdir. Buning uchun, avvalo, shifokorning o‘zi tajribali, chuqur bilim egasi bo‘lish bilan birgalikda mustahkam iroda sohibi bo‘lmog‘i lozim.

O‘tgan yili shifoxonadagi malakali shifokorlar ko‘magida ikki mingga yaqin bemorlar davolanib, uylariga qaytarilgan. Bunda esa Qahramon Qurbonov, Malika Zoirova, Atabek Mahmudov, Xayrulla Hamidullayev, Hayit Abdullayev, Rashid Isoqov, Svetlana Hayitmuhammedova Guljon Beshkempirova, Qunduz Husanova, Muzaffar Ulug‘xodjayev, Otabek Salimbekov kabi ko‘plab kasb fidoyilarining xizmati katta.

– Birgina ruhiy xasta bemorning sog‘ayib oilasiga qaytishida shifoxonamizning barcha xodimlari birdek mas’ul, – deydi Abdulla Seyidov. – Ammo muammoga bir tomonlama qarash noto‘g‘ri. Bemorning ruhiy holatini tiklashda uning atrofidagilar, oila a’zolari ham jonbozlik ko‘rsatishlari zarur. Shunday holatlar bo‘ladiki, qarilik tufayli xotirasi sustlashgan kishilarni ham shifoxonamizga olib kelishadi. Bu, albatta, farzandlarining ota-onasi salomatligidan qayg‘urishi omilidir. Biroq, uy sharoitida ularga shirinso‘zlik bilan yodidan ko‘tarilgan voqealarni eslatib turish, ruhiy holati yaxshiligini bot-bot ta’kidlash, yomon samara bermaydi. Qolaversa, bunday kishilarni sog‘lomlashtirish uchun mahallalarga, oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlariga maxsus ruhshunoslar jalb etilsa, o‘ylaymanki, maqsaddan holi bo‘lmaydi. Shunda ruhiy xasta bemorlar soni kamayishiga, ularning dardi zo‘rayishiga chek qo‘yilishi mumkin.

Yana o‘qing:  “Bilimlar kuni” – marralar sari

Darhaqiqat, Gulnoza kabi ruhiy holati buzilgan bemorlar Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasida davolanib, jamiyatning faol a’zosiga aylanmoqda. Bundan ko‘rinadiki, muassasadagi malakali shifokorlar inson taqdiri, uning kelajagiga befarq emas. Ularning sa’y-harakati tufayli qanchadan-qancha oilalarning tashvishi arib, baxtli va farovon yashashga bo‘lgan umidi qayta tiklanmoqda.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: