Multimedia ishlanmalari ta’lim samaradorligini oshiradi
Ayni paytda yurtimizdagi qariyb barcha maktablarda zamonaviy kompyuter sinflari tashkil etilgan. Ularning barchasi Ziyo.net tarmog‘iga ulanib, elektron darslik va multimedia vositlari bilan ta’minlangan. Keyingi yillarda ta’lim tizimidagi islohotlar natijasida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish keng yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2004 yilga nisbatan poytaxt umumta’lim maktablarini kompyuterlar bilan ta’minlash darajasi 63 foizga, multimedia texnik vositalari 71 foizga oshgan. Shuningdek, muntazam ravishda o‘tkazilgan o‘quvlar va malaka oshirish kurslari natijasida o‘qituvchilarning kompyuter savodxonligi 74 foizga, internet resurslaridan foydalanuvchilar soni 65 foizga ortgan.
Poytaxtimizdagi Mirobod tumani 31-umumta’lim maktabida 2014 yil – Sog‘lom bola yiliga bag‘ishlab Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan “Media darslar – ta’lim sifatini oshirish omili” mavzusida amaliy seminar tashkil etilishidan maqsad ta’lim jarayoniga Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, dars mashg‘ulotlarida media vositalaridan, elektron resurslaridan, internet ma’lumotlaridan samarali foydalangan holda ta’lim sifatini oshirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarni belgilashdan iboratdir.
Tadbirga Xalq ta’limi vazirligi, Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi, Respublika ta’lim markazi, Toshkent davlat pedagogika universiteti kafedrasi professor-o‘qituvchilari, poytaxtimizdagi axborot texnologiyalari yunalishidagi kasb-hunar kolleji o‘qituvchilari, shahar malaka oshirish instituti vakillari taklif etildi.
Seminarning birinchi qismida Mirobod tumanidagi 31-umumta’lim maktabida tajribali o‘qituvchilar tomonidan informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, tarix, ona tili, ingliz tili fanlaridan media darslar, ochiq dars mashg‘ulotlari namoyish etildi. Shuningdek, Toshkent va Navoiy shahridagi ilg‘or o‘qituvchilar bilan axborot texnologiyalarini keng joriy etish buyicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali bog‘lanib, videoseminar uyuushtirildi.
Seminarning ikkinchi qismida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan poytaxtdagi umumta’lim maktablarida ta’lim jarayoniga Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilishi, o‘qituvchilarning kompyuter savodxonligini oshirish, ularning sifat tarkibini yaxshilash, yaratilayotgan yangi elektron resurslardan keng foydalanish, o‘tkazilayotgan seminar va tadbirlarning samaradorligi tahlil etildi. Mavjud muammolar e’tirof etilib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Shuningdek, seminarda ta’lim jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishda ta’lim boshqaruv idoralari va pedagoglar oldiga qo‘yilgan qator vazifalar xususida, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kompyuter texnologiyalari buyicha mahoratini yuksaltirishga qaratilgan metodik tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan ta’lim sifatini takomillashtirish, ularning kasbiy mahoratini oshirish, DTS va darsliklarni takomillashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
T.ORTIQOVA