Imkoniyati cheklangandir, ammo imkoniyat cheklanmagan
Insonning taqdiri tug‘ilmasidanoq belgilangan bo‘ladimi? Yoki hamma narsa uning o‘ziga, harakatiga bog‘liqmi? Bu ikki sababning u yoki bunisini to‘g‘ri deydiganlar ko‘plab topiladi. Ammo oramizda shunday kishilar borki, ularning hayoti, jismoniy va ruhiy holatini kuzata turib, ichingda bir og‘riq turadi. Xuddiki, uzoq muddat davrini suradigan yaradek, simillab, sekin-sekin zabt etuvchi bu tushunarsiz dard turfa xayollar tomon olib ketadi.
Har gal ishga otlanarkanman, o‘rta yoshli ayol nogironlar aravachasida o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlar chamasidagi qizni sayrga olib chiqqanini ko‘raman. Qiziq, uning bu holga tushib qolishiga kim aybdor? Tug‘ma nogironmi? Yoki biror ko‘ngilsiz holat sodir bo‘lganmikan? Shu kabi savollar bilan ishxonaga yetib kelganimni ham bilmay qolaman. Nima bo‘lganda ham u qizdan ota-onasi yuz o‘girmagan, unga bor mehrini baxsh etib, oq yuvib, oq tarab ulg‘aytirmoqda. Biroq yurtimizda faoliyat yuritayotgan mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan murg‘ak yoshlarning ko‘pi ota-ona mehridan benasib ulg‘aymoqda. Ularga davlat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, qulay shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Zero, mamlakatimizda hech bir bola e’tibordan chetda qolgan emas. So‘zimiz tasdig‘ini Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan viloyat psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan tipdagi bolalar uyida yaratilgan shart-sharoitlarda ko‘rish mumkin.
– Muassasamizda ellik nafardan ziyod bola tarbiyalanmoqda, – deydi bolalar uyi bosh shifokori Feruza Umarova. – Ularning yoshi, aqliy rivojlanishiga qarab olti guruhga ajratganmiz. 48 nafar malakali pedagog ularning tarbiyasi bilan shug‘ullansa, 4 nafar shifokor hamda 17 nafar hamshira bolalarning salomatligini doimiy nazorat qilib bormoqda. Tarbiyalanuvchilarga qulay shart-sharoit yaratilgan. Bunda homiylarning ham hissasi katta bo‘layotir. Qolaversa, ikki nafar bolaning oyog‘iga protez qo‘yishda ham ularning beminnat yordami asqotdi. Kamila bolalar uyiga kelganida yuzi kuygan, ayanchli holatda edi. Bosqichli plastik jarrohlik yo‘li bilan asl qiyofasini qaytarishga kirishganmiz. Natija yomon emas. Homiylarning sa’y-harakati bilan olti yoshli qizcha o‘zining holatini tiklamoqda.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar tomonidan muassasa maishiy texnika vositasi bilan ta’minlangan. Har bir xona chang yutgich, zamonaviy televizorlar bilan jihozlangan. Bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar uchun barcha imkoniyatlar muhayyo. Logoped, difektolog xonalari tashkil etilgan. Har bir tarbiyalanuvchining nutqiy savodxonligini oshirish maqsadida yakka tartibda mashg‘ulotlar olib boriladi.
– Psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar bilan ishlashning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor, – deydi muassasa katta tarbiyachisi Dilorom Inog‘omova. – Birinchi navbatda ularga onalarcha munosabatda bo‘lish lozim. Ruhiyati, jismoniy holatidan kelib chiqib mashg‘ulotlar o‘tamiz. Maqsadimiz ham bolalarni imkoniyatidan kelib chiqib, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsata oladigan, fikrini erkin ifoda etadigan darajaga olib chiqishdir. Shu maqsadda she’r yodlash, qo‘shiq aytish, raqs kabi mashg‘ulotlar muntazam faoliyat yuritmoqda. Bolalarning erkin unib-o‘sishi uchun uy sharoitini yaratishga harakat qilganmiz. Qolaversa, tarbiya jarayonida milliy urf-odat va an’analar, oilaga, ota-onaga muhabbat, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi ezgu fazilatlarimizga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Axir, har bir bola hayotidan mamnun bo‘lib yashashi, ulg‘aygach jamiyatga nafi tegishi lozim.
Muassasada bolalarning jismoniy rivojlanishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida jismoniy davolovchi xona hamda bolalar maydonchasi tashkil etilgan. U yerda zamonaviy sport inventarlari, ochiq cho‘milish havzasi bolalar ixtiyorida. Bolalar uyi maxsus yotoq mebeli va yurishga ko‘maklashadigan aravachalar, turli o‘yinchoqlar, sifatli kiyim-kechaklar bilan ta’minlangan. Quvonarlisi, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar harakatchan, san’atga, adabiyotga mehri baland. Ular chizgan rasmlar, ertak qahramonlari qiyofasini yaratishga intilishi, qog‘oz yordamida turli gullar yasashini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bu bolalar yetti yoshga to‘lgach, ruhiy va jismoniy imkoniyatiga qarab, muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlariga o‘tkaziladi, boshqalari esa ota-onasi qaramog‘iga qaytariladi. Hozirda sakkiz nafar bola maktabga tayyorlanmoqda. Ular o‘qigan she’rlar, aytgan qo‘shiqlaridan bilish mumkinki, pedagog-tarbiyachilar, logoped-difektologlar mehnati besamar ketmagan.
– Xonalar jihozlanishi, bezatilishiga e’tibor qildingizmi? Ular bolaning xotirasi va nutqi o‘sishiga yordam beradi, – deydi tarbiyachi Shohsanam Ho‘jamberdiyeva. – Devordagi ko‘rgazmali qurollar, turli hayvonlar rasmini ko‘rib, uning nomini to‘liq talaffuz qilishga intiladi. Hayvonot va nabotot olami haqida tasavvur paydo bo‘ladi.
Muassasa tarbiyachilari har besh yilda malaka oshirishadi. Qolaversa, Respublika reablitatsiya markazi bilan hamkorlikda turli seminar-treninglar tashkil etilib, xodimlarning tajribasi mustahkamlanmoqda. Shuningdek, bolalar uyi Toshkent viloyati Tibbiyot boshqarmasi hamda Qibray tuman Tibbiyot birlashmasi bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Malakali shifokorlar bolalarning salomatligidan doimiy xabardor.
Ha, Toshkent viloyati psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar ixtisoslashtirilgan tipdagi bolalar uyida tarbiyalanuvchilar qulay muhit va zamonaviy shart-sharoitda ulg‘aymoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Xo‘sh, bu norasidalarning nogiron tug‘ilishi boisi nima?
– Har bir bolaning ota-onasi, ularning odob-axloqi bilan yaqindan tanishamiz. Mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilaridan surishtaramiz, – deydi Feruza Umarova. – Ma’lum bo‘ladiki, ularning aksariyati giyohvandlik va spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan. Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh tufayli farzandlari nosog‘lom tug‘ilgan. Shuningdek, homila vaqtida ma’lum sabablarga ko‘ra onaning sog‘lig‘iga e’tiborsizligi, o‘tkir virusli grippga chalingani, shu bilan birga bolaning o‘zi bir yoshgacha bo‘lgan davrda xastalikning og‘ir turini boshidan o‘tkazgani bois shunday vaziyatlar ro‘y bergan. Ma’lumki, o‘tkir virusli gripp bolaning aqliy rivojlanishiga katta ta’sir etadi. Shu bois har bir ota-ona muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib tursa, o‘zining taqdiri, bolasining kelajagi haqida qayg‘ursa, o‘ylaymanki, bu kabi holatlarga barham berilgan bo‘lardi.
Darhaqiqat, oila totuv va ahil, haqiqiy tarbiya o‘chog‘iga aylansa, farzand sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayadi. Zero, 2014 yilning – “Sog‘lom bola yili” deb nomlanishida ana shunday ezgu g‘oya mujassamdir.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri