Sog‘lom avlod – kelajak asosi

Ona va bola salomatligi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi darajasining eng muhim ko‘rsatkichidir. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda faol hayotiy pozitsiyaga ega sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Aholining reproduktiv salomatligini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishni yanada yaxshilash, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida davlat tuzilmalari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 23 apreldagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi ular orasida muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda jamg‘arma ayollar va bolalar salomatligini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Jamg‘arma mamlakatimizda davlat dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etish bilan birga, mustaqilligimizning dastlabki yillarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” degan olijanob g‘oya zamiridagi ezgu maqsad va vazifalarga mos keladigan loyihalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda.

Mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni amalga oshirishda jamg‘arma faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 2014 yil 30 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatning Sog‘lom bola yilida qabul qilinganida ham ramziy ma’no mujassam.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi Svetlana INOMOVA bilan jamg‘armaning kelgusi faoliyati xususida suhbatlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishining asoslari haqida so‘zlab bersangiz.

– Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari demokratik qadriyatlar, insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etib, fuqarolarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga sharoit yaratish, shuningdek, jamiyatda manfaatlar mutanosibligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Jamoat tashkiloti bo‘lgan bizning jamg‘armamiz ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Yana o‘qing:  Til o‘rganib, el bilib...

Jamg‘arma o‘z maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etish uchun davlatimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan tibbiyot, insonparvarlik, tarbiyaviy va investitsiya dusturlarini samarali amalga oshirmoqda. Bu borada jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 14 mintaqaviy filiali hamda 100 dan ortiq tayanch punkti faoliyat yuritmoqda.

Jamg‘arma tomonidan aholiga tibbiy yordam, ezgulik va mehr-shafqat ko‘rsatish, xalqaro hamkorlik, madaniyat va ma’rifat, sog‘lomlashtirish hamda sport yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan olijanob ishlar asosiy va yagona maqsad – har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda xayriya faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz. Mehribonlik uylari, maxsus maktab internatlari tarbiyalanuvchilari, nogiron bolalar, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Jamg‘armaning keng ko‘lamli loyihalari samaralari, eng asosiysi, xodimlarning samimiyat va mehr-shafqatga yo‘g‘rilgan faoliyati amalga oshirilayotgan ishlarda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, so‘nggi besh yilda bevosita jamg‘arma ko‘magida og‘ir tug‘ma nuqsonli 118 bola Germaniya va Janubiy Koreyadagi yetakchi klinikalarda davolandi, turli nuqson bilan tug‘ilgan 2 ming 200 dan ortiq bola esa mamlakatimizdagi shifoxonalarda muolaja oldi.

“Friedensdorf International” (Germaniya) xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda nogiron bolalar va kam ta’minlangan oilalarning bemor farzandlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

2013 yilda yuz-jag‘ida tug‘ma nuqsoni bor 237 bola mamlakatimizda muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Shuningdek, o‘tgan yili “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug‘ma ortopedik nuqsonli 227 nafar bolaga jarrohlik amaliyoti qo‘llanildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 22 fevraldagi qaroriga muvofiq, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan o‘ziga xos tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi yaratildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan ko‘chma brigadalar mutaxassislari bu boradagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ular oilalar salomatligi, ruhiy muhiti va ijtimoiy-iqtisodiy darajasini o‘rganadi. So‘nggi 16 yilda 3,2 milliondan ziyod kishi, asosan mamlakatimizning olis va chekka tumanlarida istiqomat qilayotgan ayollar va bolalar zamonaviy tashxis va davolash usullari yordamida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda sog‘lomlashtirildi. Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari bir vaqtning o‘zida aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini ham olib bormoqda. Bu borada mutaxassislar bilan suhbatlar, mahalla va ta’lim muassasalarida ma’rifiy tadbirlar tashkil etilayotir.

Yana o‘qing:  Barkamol avlod tarbiyasi yo`lida

Bu shunchaki raqamlar emas, balki har birining zamirida inson hayoti va taqdiri, shuningdek, jamg‘arma xodimlarining xayrli va ezgu ishlarni amalga oshirishga bo‘lgan cheksiz intilishi mujassamdir.

Ushbu yangi me’yoriy-huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati nimalardan iborat va u “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyatida qanday ahamiyatga ega?

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori jamg‘armaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydigan va tartibga soladigan asosiy hujjatga aylandi. Bu mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga qaratilayotgan alohida e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Mazkur qaror ona va bola salomatligini mustahkamlash, oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom avlodni tarbiyalash kabi muhim ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni bajarishdagi vakolatlarimizni yanada kengaytirdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu qaror bilan “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi to‘g‘risidagi Nizomning yangi tahriri qabul qilindi. Mazkur nizomga binoan jamg‘arma boshqaruvining oliy organi – ishtirokchilar konferensiyasi tugatildi va tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Shu choqqacha konferensiyada jamg‘arma boshqaruvi, boshqaruv raisi, taftish komissiyasi saylanib, ijrochi direktor tasdiqlanar edi. Endi ushbu vazifalar jamg‘arma boshqaruvining bosh organi – Vasiylik kengashi zimmasiga yuklatildi. Vasiylik kengashi tarkibiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, moliya institutlari, yirik kompaniyalar va jamoat tashkilotlari vakillari kiritildi. Uning vakolati sezilarli darajada kengaytirildi.

Masalan, Vasiylik kengashiga jamg‘arma faoliyati, uning amaldagi qonunchilik, jamg‘arma nizomi va Vasiylik kengashi qarorlariga muvofiqligini nazorat qilish, jamg‘arma nizomiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni tasdiqlash, Boshqaruv va taftish komissiyasini tashkil etish, tashkilot pul mablag‘lari va boshqa mulklaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, byudjetni tasdiqlash va boshqa bir qator vakolatlar berilgan.

Yangi qarorga muvofiq, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi vazifalari doirasi kengaytirildi. Jamg‘arma ko‘p bolali oilalar, ayollar, nogironlar, nogiron bolalar, go‘daklar uylari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, “Saxovat” va “Muruvvat” uy-internatlari, maxsus ta’lim muassasalarida istiqomat qilayotganlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatadi. Perinatal, reabilitatsiya va skrining markazlari, pediatriya davolash-profilaktika va boshqa muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda ularni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Jamg‘arma aholini virusli va yuqumli kasalliklardan himoya qilishni mustahkamlash, reabilitatsiya, nogironlikning oldini olish, shuningdek, onkologiya, silga qarshi kurash muassasalari va boshqa xizmatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy ahamiyatli kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha profilaktika ishlarining samarali tizimini yaratishga yordam beradi.

Yana o‘qing:  Toshda aks etgan inson ruhiyati

“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi to‘g‘risidagi Nizomning yangi tahririga muvofiq, jamg‘arma bundan keyin ham xayriya faoliyatini davom ettiradi. Fond mablag‘lari kelib tushish manbalaridan qat’i nazar, nizomda belgilangan maqsad va vazifalarga erishish yo‘lida sarflanishi shart. Shundan kelib chiqib, fond fuqarolar bilan huquqiy bitimlar tuzish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xayriya mablag‘larini, chet el fuqarolari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning pul mablag‘lari, adabiyot va san’at asarlari, ilmiy va loyihaviy ishlanmalari, mashinalari, uskuna va jihozlari, inshootlar va boshqa moddiy vositalarini jalb etishi mumkin. Bundan tashqari, davlat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘z loyihalari hamda dasturlarini amalga oshirish, kredit olish, nizomda belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida tashkilotlar tashkil etish va boshqa ko‘plab huquqlarga ega.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasining huquqiy maqomini oshirib, maqsad va vazifalarini kengaytirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan e’lon qilingan Sog‘lom bola yilida dasturlarimiz davom ettiriladi. Ayollar, bolalar va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni yanada ko‘proq tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.

O‘zA muxbiri Mehribon MAMETOVA suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: