XX asr o‘zbek adabiyotida Bobur siymosi
XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek poemachiligida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan poemalar alohida tizimni tashkil etadi. A.Mahkamning “Tavajjuh”, I.To‘lakovning “So‘nggi kecha”, T.Nizomning “Uch so‘z” asarlari shular jumlasidandir.
Asqar Mahkamning “Tavajjuh” poemasi tasavvufiy mazmun-mohiyati bilan alohida ajralib turadi. Shoir Bobur hayotining millat va Vatan taqdiridagi g‘oyat muhim nuqtalarini, ruhiy holatlarini qalamga oladi. Xususan, asarning “Mirzo Bobur tazarrusi”, “Mirzo Boburning muroqabasi”, “Mirzo Boburning piri Shayx Hikmatulloh ibn Ziyodullohga maktubi” fasllarida ana shu ruh yorqin seziladi. Poema insonning yashashdan maqsadi, ruh va nafs munosabati masalalarini badiiy talqin etishni ko‘zlaydi.
Poema Boburga bag‘ishlangan tarixiy mavzudagi asarlardan farqlanib turadi. Chunki unda tarixiy voqealar tasviriga keng o‘rin berilmagan. Balki ularga ba’zi ishoralar bor. Poemaning “Mirzo Boburning qazo va qadar haqida o‘ylaganlari” qismida Ibrohim Lo‘diy bilan Bobur munosabatiga ishora qilib o‘tilgan:
Ibrohim Lo‘dining yoy o‘qi yanglig‘
janub bodi qoldi so‘ngagim aro.
Poemaning yana bir muhim jihati, boshidan oxirigacha g‘azalning qofiyalanish shakli saqlanganligi bilan belgilanadi. Buni mumtoz adabiyotdagi an’ananing yangilangani sifatida ham baholash mumkin. Chunki butun boshli dostonni bir xil shaklda – g‘azal qofiyasidan foydalangan holda yaratish shoir uslubining betakror xususiyati sifatida namoyon bo‘ladi.
“Tavajjuh”dagi maktublarda murojaat ruhi ustuvor. Ayni choqda Boburning o‘z-o‘ziga qarata aytgan fikrlari ham o‘rin olgan. Shu tarzda shoh va shoir Boburning qalb dunyosi manzaralari, uning ona yurtidan ayrilgach, musofirlikda chekkan iztiroblari, o‘kinch va armonlari talqin qilingan.
Shoir Bobur hayotining millat va Vatan taqdiridagi g‘oyat muhim nuqtalarini, ruhiy holatlarini qalamga oladi. Mirzo Bobur maktublari orasida Alisher Navoiyga yo‘llangan xat muhim o‘rin tutadi.
Mazkur maktubda Bobur o‘zining piru ustozi Alisher Navoiyga dardlarini, alamli kechinmalarini to‘kib soladi. U ulug‘ shoirning millat, Vatan oldidagi xizmatlarini e’tirof etgan holda xalqning fojialarini ham qalamga olgan:
Hazratim, sahroyi turk lisonini
samumdan samoga eltdi ta’bingiz.
E’tibor berilsa, xatda dastlab Alisher Navoiyning o‘zbek tilini yuksaltirishdagi xizmatiga urg‘u berilgan.
Hazratim, Siz ilk bor sargashta turkning
To‘zonlarin asta yuzdan artdingiz
Sahroyi go‘rlarda yotgan o‘likning
Tomiriga kirib bordi baytingiz.
Alisher Navoiy turkiy tilning boy til ekanini isbotlab, o‘z asarlarini shu tilda bitganligi ma’lum. Shoir shunga asoslanib, o‘zbek xalqini “sargashta turk” deydi. A.Navoiy esa parokanda xalqning tilini yuksaklikka ko‘tarish orqali uning yuzidagi to‘zonlarni artdi. Shu tarzda g‘aflatda yotgan – o‘zbekning tomiriga Navoiy baytlari singa bordi.
Yakqalam qildingiz, ey piri fano,
Siz darvish siyrati ila Karbalo
Dashtida topdingiz so‘fiy turklarni.
Alisher Navoiy baytlari yetib bormagan birorta turkiy xonadon yo‘q. “Turk nazmida men tortib alam, ayladim ul mamlakatni yak qalam”, – deb yozadi shoir. A.Mahkam yuqoridagi misralarda xuddi shunga ishora qiladi.
Pirim, Siz yakqalam qilgan bu yurtlar
yakka-yakka bo‘lib so‘ydi bir-birin.
qonga botdi devon ichra surudlar
oyoq osti bo‘ldi Qoshg‘ariy tili.
Bu satrlar tarix sahifalaridan so‘zlaydi. Navoiy yashagan davrda o‘zaro taxt talashishlar avj oldi. Shoir “qonga botdi devon ichra surudlar” der ekan, turkiy tilda yaratilgan nazm durdonalarini nazarda tutadi. M.Qoshg‘ariy o‘zbek tili lug‘atini tuzib, xalqqa taqdim etgan. Shuning uchun shoir “Qoshg‘ariy tili” – turkiy tilning oyoq osti bo‘lganligidan o‘kinadi.
Yoki:
Qirg‘iy ko‘zlarida yondi jaholat,
Tomirlarin yordi sahroyi qoni.
Bunda ham tarixiy voqelikka ishora mavjud. Ya’ni qirg‘iy ko‘z deyilganda Shayboniyxon nazarda tutilmoqda. U – sahroyi o‘zbeklardan.
Shuningdek, poemada Boburning o‘z Andijoniga sadoqati ifoda etilgan:
Bizni azal zulmparvar demishlar,
men-da bu oyinga amal qilmayman.
Bunda Bobur fe’l-atvoriga xos muhim jihat yuzaga chiqqan. Zolim shohlarga nisbatan zulmparvarlik qo‘llangan. Bobur adolatsizliklarga guvoh bo‘lgani uchun shoirona qalb va yuksak aql bilan ularning oldini olishga, xalqparvar bo‘lishga harakat qilgan. Shu jihatga ko‘ra u o‘zini shoh Shayboniy bilan bir qatorda ko‘rmaydi.
Umuman olganda, A.Mahkam maktub usuli orqali Boburning millatparvar, vatanparvar sifatidagi siymosini va uning o‘z zamondoshlariga munosabatini ifoda etadi. Boburning o‘kinch va alamlarga to‘la maktublarida tarixiy shaxslarga murojaat etish orqali millatning fojialarga to‘la murakkab davrlarini qalamga oladi. Asarning tasavvufiy mazmun-mohiyati ham shu monologlarda aks etgan.
Dilrabo QUVVATOVA,
Buxoro davlat universiteti o‘zbek filologiyasi kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi