Bolalar salomatligi yo‘lida samarali hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘rik va muolajalar bolalar salomatligini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishda muhim omil bo‘lmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bir necha yildan beri Koreya Respublikasining qator nufuzli klinika va universitetlari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Jumladan, o‘tgan 2013 yilda Koreya Respublikasining In Xa Universiteti gospitali malakali shifokorlari yurtimizning bir necha hududlarida bo‘lib, jami 820 nafar bemorlarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edi.

Shuningdek, “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Bundan Cha gospitali malakali shifokorlari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida jami 50 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bor bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik natijalariga ko‘ra 6 nafar bemor bolalar Koreya Respublikasi klinikalarida sog‘lomlashtirildi. Joriy yilning 19-26 yanvar kunlari Koreya Respublikasining Ewha Womans University gospitali malakali shifokorlari yurtimizda bo‘lib, jami 400 nafardan ortiq bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazdi.

Ana shunday xayrli ishlarning davomi sifatida 10 fevral kuni Yonsey universiteti qoshidagi “Severance” gospitali shifokorlari yurtimiz tibbiyot mutaxassislari bilan hamkorlikda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining tibbiy-ijtimoiy markazida voyaga yetmagan bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Tadbir doirasida malakali pediatr, kardiolog, neyroxirurg, terapevt, radiolog, oftalmolog va boshqa mutaxassislar qabuli tashkil etildi.

– Mamlakatingizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldim, – deydi “Severance” gospitali direktori Dong Su Kim. – Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tibbiyot markazlari aholining barcha qatlamlarini to‘la qamrab olgan. O‘zbekistonga tashrifimiz bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish, hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi.

Tibbiy ko‘riklar bilan bir qatorda xorijlik shifokorlar Toshkent pediatriya tibbiyot institutida vrach, tibbiyot xodimlari, talaba va magistrlar uchun “Bemor bolalarda tug‘ilish va tug‘ma yurak nuqsonini bartaraf etish davrida gemodinamik asoratlari va adaptatsiyasi” va “Inson organizmidagi tug‘ma anomaliyalar” mavzularida ma’ruzalar o‘qidi.

Shuningdek, Koreya Respublikasining malakali mutaxassislari rejaga muvofiq Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Yana o‘qing:  Ona va bola salomatligi – doimiy e’tiborda

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: