Sifatli ta’lim taraqqiyot garovi
Yoshlar ijod saroyida “Ta’lim va mutaxassislik” X xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi.
Istiqlolning dastlabki yillaridayoq qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlar yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularga jahon andozalari darajasida bilim berish, o‘z qiziqishi va intilishiga mos tarzda kasb-hunar egallashga yaqindan ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va boshqa qator idoralar hamkorligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, ota-onalar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Mazkur an’anaviy xalqaro tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqini yanada kuchaytirish, ularni ta’lim sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish, mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan mutaxassisliklar va kasblar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishdan iboratdir.
Ko‘rgazmada mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, xorijiy universitetlarning yurtimizdagi filiallari, o‘quv markazlari, ijodiy studiyalar faoliyati bilan atroflicha tanishish imkoniyati yaratilgan. “Ta’lim” bo‘limida oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, xususiy maktablar va bolalar bog‘chalari, til o‘rganish markazlari, ijodiy klublar, studiyalar faoliyati haqida ma’lumot olish mumkin. “Mutaxassislik” bo‘limida biznes-ta’lim, chet elda o‘qish, xorijda treninglar, ta’lim va malaka oshirish, masofaviy ta’lim, malaka oshirish institutlari, kasbga yo‘naltirish va aholi bandligi markazlari faoliyati haqidagi stendlar o‘rin olgan.
O‘z muxbirimiz