Hushyorlik – kasallikka qarshi kurashishning asosiy sharti
Qishning sovuq kunlarida gripp va o‘tkir respirator infeksiyali kasalliklar bilan xastalanish ko‘rsatkichi birmuncha oshadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, shu kunlarda sayyoramiz aholisi orasida mavsumiy grippning A(HINI) shtammi keng tarqalmoqda. Mamlakatimiz aholisi o‘rtasida ham mavsumiy gripp bilan kasallanish uchrab turibdi. Bunday bemorlarga o‘z vaqtida samarali tibbiy yordam ko‘rsatish barobarida ushbu kasallikning epidemik tusda tarqalib ketishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika gripp milliy markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ravshan RAHIMOV bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz salomatligini asrash, sanitariya-epidemiologik holatni bar-qarorlashtirish, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligi ta’minlanmoqda. Shu kunlarda butun dunyo miqyosida mavsumiy gripp bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirilayotir.
Gripp yuqumli virusli kasallik bo‘lib, ob-havoning o‘zgarishi bilan qo‘zg‘alish va tez tarqalish xususiyatiga ega. Bu xastalik asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Gripp immuniteti past, surunkali kasalliklar bilan xastalanganlar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar va bolalarda og‘irroq kechishi mumkin. Shu bois bunday xastalik o‘z vaqtida aniqlanib davolansa, grippdan -keyingi asoratlarning oldini olgan bo‘lamiz.
Bu yerda tibbiyot, ta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalarida keng qamrovli profilaktika ishlari muntazam amalga oshirilmoqda. Grippga qarshi emlash tadbirlari belgilangan reja asosida o‘tkazildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, kollej va litseylarda ertalabki tibbiy tahlil olib borilgani, gripp alomatlari aniqlanganlarga shu yerning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Gripp bilan xastalangan bemorlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shifoxonalarda qo‘shimcha o‘rinlar va dori-darmon zaxiralari yaratildi. Virusologiya laboratoriyalarida tibbiy tahlil ishlarini tez va samarali amalga oshirish uchun yetarli miqdordagi diagnostikum va test-sistemalar mavjud. Birlamchi tibbiyot maskanlari, klinikalar, ixtisoslashgan shifo muassasalari, shoshilinch tibbiy yordam markazlari va boshqa qator shifoxonalarning shifokorlari gripp epidemiologiyasi, diagnostikasi va davolash usullari bo‘yicha malaka oshirdi.
Aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida soha olimlari va mutaxassislar ommaviy axborot vositalari orqali muntazam chiqishlar uyushtirmoqda.
Grippga qarshi kurashda har bir inson kasallikning dastlabki belgilarini yaxshi bilishi kerak. Ushbu kasallik yuqqanda insonda bosh va mushaklar og‘rig‘i, ishtahasizlik, holsizlik, tumov, yo‘tal, haroratning oshishi, ich ketishi kuzatiladi. Bunday hollarda zudlik bilan hududdagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorni uyga chaqirish tavsiya etiladi. Bugungi kunda barcha birlamchi tibbiyot maskanlarida faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlari va oila shifokorlari bunday bemorga birlamchi yordam ko‘rsatish borasida yetarli bilim va malakaga ega. Klinikalar va davolash muassasalari yuqumli kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmonlar bilan ta’minlangan.
Ta’kidlash joizki, gripp bilan kasallanganda dori-darmondan o‘z bilganicha foydalanish maqsadga muvofiq emas. Gripp bilan xastalangan bemor albatta shifokorni chaqirib, vrach tavsiyasi va nazorati ostida davolanishi lozim. Hozirgi kunda shifokorlar bunday tavsiyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida mahallalar, ta’lim maskanlarida muloqotlar, uchrashuvlar tashkil etmoqda.
Gripp epidemiologiyasi, klinik xususiyatlari, oldini olish va davolashda qo‘llaniladigan preparatlarning shifobaxsh-ligini o‘rganish grippdan keyingi asoratlarning oldini olishda muhim omil sanaladi. Bu borada uslubiy tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish ham muhim ahamiyatga ega. Shu yo‘nalishdagi vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida tashkil etilgan bizning markazda ilmiy-amaliy, uslubiy ishlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
Hozirgi kunda Respublika gripp milliy markazining joylarda oltita tayanch punkti faoliyat yuritmoqda. Ushbu ilmiy-uslubiy markazlarning barchasi tadqiqotlarni o‘z vaqtida samarali amalga oshirish uchun zarur laboratoriya va diagnostika vositalari bilan ta’minlangan. Ilmiy izlanishlarni tajriba-sinovdan o‘tkazishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Bioorganik kimyo va Biokimyo institutlari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar yaxshi samara berayotir. Olimlar va yosh tadqiqotchilarimiz bu borada taraqqiy etgan mamlakatlarda erishilayotgan yutuqlar bilan tanishish, yurtimizda qo‘lga kiritilayotgan yangiliklarni keng targ‘ib etish maqsadida xalqaro konferensiya va ilmiy-amaliy seminarlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Hozirgi kunda mutaxassislar kasallikning oldini olish va kurashning eng maqbul usuli sifatida qator tavsiyalar ishlab chiqib, targ‘ib etmoqda. Buning eng maqbul usullaridan biri yuzga niqob taqib yurishdir. To‘g‘ri va ratsional ovqatlanish va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, to‘yib uxlash, badantarbiya ham profilaktikaning muhim shartlaridan biri. Bu mavsumiy gripp va o‘tkir respiratorli kasalliklarning oldini olishda eng samarali usul hisoblanadi.
Bundan tashqari, emlash tadbirlarini o‘tkazish, tozalikka rioya etish, xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, xonalarni shamollatish epidemiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsiy gigiyena qoidalarini doimo yodda tutish lozim. Iqlimga mos kiyinish, ovqatlanish me’yori va qoidalariga to‘la rioya etish doimiy e’tiborda bo‘lishi zarur.
O‘z salomatligiga e’tiborli, jismonan faol, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, uning xulosalariga to‘la amal qilgan inson tashqi ta’sirlarga bardoshli bo‘ladi. Faqat ana shunday yuksak tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarziga rioya etish orqali o‘zimizning va kelajak avlodlarimizning salomatligini himoyalashga erishamiz.
O‘zA muxbiri Bahor XIDIROVA yozib oldi.