Qulaylik ish samaradorligini oshiradi
Yurtimizda inson salomatligini asrash ustuvor maqsad sanaladi. Ayniqsa, ona va bola salomatligini mustahkamlash bugungi kunda tibbiyot xodimlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Shu bois sog‘liqni saqlash tizimida ushbu yo‘nalishda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika Aholi reproduktiv salomatligi markazining to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan yangi binoga ko‘chirilishi ham ushbu ezgu ishlarning uzviy davomidir.
– To‘liq ta’mirlangan, zamonaviy shart-sharoitlarga ega binoga ko‘chib o‘tishimiz ishimizga mas’ullik hissini oshirish bilan birga faoliyatimizda ko‘pgina qulayliklar yaratadi, – deydi markaz direktorining o‘rinbosari Ro‘ziqul Fozilbekov. – Xususan, zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangani, zarur ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlangani, ma’naviyat xonalari tashkil etilgani shular jumlasidandir. Bu esa aholi orasida tar-g‘ibot ishlarining samarali o‘tishiga xizmat qiladi.
Ma’lumki, yurtimizda ona va bola salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu maqsadda hududiy markazlarimiz tomonidan erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, homilador ayollarni muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, aholi orasida tibbiy madaniyatni shakllantirish, bolalarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda bir necha yildan buyon hududlarda tibbiy ko‘riklar tashkil etish, davlat byudjeti tomonidan homilador ayollar uchun polivitaminlar va tug‘ruq yoshidagilarga kontratseptiv vositalar tarqatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil ham shunday ishlarni izchil davom ettirish, faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishni rejalashtiryapmiz.
Ta’kidlash joiz, Respublika Aholi reproduktiv salomatligi markazining tashabbusi bilan mamlakatimizdagi davolash-profilaktika muassasalarida reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha aholiga zamonaviy usul va texnologiyalar yordamida maslahat va tibbiy ko‘mak berilmoqda. Shuningdek, inson sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini tashkil etish va o‘tkazish, sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarida zamonaviy kontratseptiv vositalardan samarali foydalanish amaliyotini tatbiq etishda jonbozlik ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda markazda akusher-ginekolog, bolalar ginekologi, pediatr, endokrinolog, urolog, dermatolog, onkoginekolog, psixonevrolog kabi yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Bu esa ona va bola salomatligi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolatdir.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri