Go‘dak parvarishi – onalarning shirin tashvishi
Go‘dak hayotining dastlabki yili eng mas’uliyatli davr hisoblanadi. Bu davrda bolaning jismoniy va aqliy rivojlanishiga asos solinadi. Chaqaloq uchun tabiiy, binobarin u tug‘ilganidan boshlab beriladigan eng to‘g‘ri ozuqa bu ona sutidir. Ko‘krak suti orqali go‘dak barcha o‘ziga kerakli oqsil, aminokislota va vitaminlar, mikro va makro elementlarni oladi.
Ona suti tarkibidagi vitamin va mineral tuzlar o‘suvchi organizm talabini to‘liq qondiradi. Unda kalsiy va fosfor kerakli nisbatda bo‘ladi. Shuning uchun ko‘krak suti emgan bolalar raxit bilan kam kasallanadi. Ularda kamqonlik kasalligi ham kam uchraydi. Har bir yangi bo‘shangan ona go‘dagining to‘yib va erkin emishi uchun ko‘krak suti ko‘p ajralib chiqishiga e’tibor qaratishi kerak. Laktatsiyaning to‘liq bo‘lishiga ko‘pgina omillar ta’sir qiladi. Bularga birinchi navbatda emizikli onaning ovqatlanishi, kun tartibiga qat’iy amal qilishi, markaziy asab tizimining holati, ochiq havoda sayr kiradi.
Tug‘ruqxonalarda yosh onalar uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bu mashg‘ulotlarga onalar qatnashishdan erinmasliklari kerak. Yuqorida aytganimizdek, go‘dak hayotining dastlabki davri eng ma’suliyatli davr hisoblanadi. Chaqaloqning tana a’zolari va tizimlarining tuzilishi va faoliyati bir qator xususiyatlarga ega. Uning qonida eritrotsitlar miqdori ko‘proq, shunga muvofiq tarzda kislorod va karbonat angidrid gazini tashuvchi gemoglobin, kasallik keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlarga qarshi kurashuvchi leykotsitlar miqdori ortiq bo‘ladi. Chaqaloqda moddalar almashinuvi juda jadal bo‘lib, yurakning bir qisqarishida undan otilib chiqadigan qon miqdori kam bo‘ladi. Bu yurak qisqarishining katta tezligi hisobiga to‘ldiriladi. Tomir urishi esa buning ko‘rsatkichi hisoblanadi. Go‘dak hayotining birinchi oyida uninig tomiri bir daqiqada 120-160 martagacha uradi. Chaqaloq emishni boshlagan dastlabki kunlardanoq me’da-ichak tizimi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Chaqaloqning normal terisi yumshoq, qizg‘ish, mayin tuklar bilan qoplangan bo‘ladi. Terining tuzilishi murakkab. Go‘dak terisi katta odamning terisidan besh marta yupqadir. Toza va zararlanmagan teri organizmga kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar kirishidan saqlaydi. Ichki a’zolarning kasallanishi moddalar almashinuvi o‘zgarishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu esa teridan bilinadi. Agar bola terisining och pushti rangi oqara boshlasa yoki sarg‘aya boshlasa, tezda neonatolog bilan maslahatlashish zarur.
Go‘dakning kindigi u tug‘ilganidan so‘ng 3-5 kundan so‘ng tushadi. Kindik butunlay 12-14 kundan so‘ng bitishi mumkin. Agar kindikdan yoqimsiz hid kelsa, yoki uning atrofi qizarsa, mutaxassisga murojaat kilish kerak.
Yangi tug‘ilgan go‘dak o‘ziga kerakli miqdorda uxlaydi. Uning uyqu vaqti kattalarning uyqusidan farqli bo‘lib, individual holatga ega bo‘ladi. Ayrim go‘daklar ko‘proq kunduzi, boshqalari esa kechasi uxlashadi. Asta-sekin bu holat o‘zgaradi va go‘dakning uyg‘oqlik davri uzayib, uyqusi tunga o‘tadi. Go‘dak uxlaydigan xona keng va yorug‘, ozoda bo‘lishi kerak. Uning to‘shagi qattiq va tekis bo‘lishi zarur. Chaqaloq tug‘ilgach birinchi oyda unga yostiq kerak emas. Bolani faqat sovqotib qolmasligini emas, balki isib ketmasligini ham nazorat qilish kerak. Chaqaloq tanasining me’yordagi harorati 36.5 SOdan 37,5 SOgacha bo‘ladi. Tana haroratining bu darajadan ortishi odatda kasallikni bildiradi. Bola tagligini almashtirishda onalar go‘dakni najasiga e’tibor qilishlari kerak Yangi tug‘ilgan chaqaloqning uch kungacha dastlabki najasi (mekoniy) ajralib chiqadi. Keyinchalik uning axlati sarg‘ish rangli, suyuq konsistensiyali bo‘ladi. Ko‘krak suti bilan ovqatlantirishda najas bir kecha-kunduzda 6-8 martagacha keladi. Go‘dakning tagi ifloslanganda albatta yuvish zarur. Chaqaloqning najasi yashil tusli va shilimshiq aralash bo‘lsa, me’da-ichak tizimi faoliyati buzilishidan darak beradi. Ichning tez-tez kelishi, uning tashqi ko‘rinishining o‘zgarishi kasallik belgisidir. Bunday holda vrachga murojaat qilish kerak.
Chaqaloqlar uchun pampers tagliklarini uch soatdan ko‘p qo‘llash tavsiya etilmaydi. Chunki, kechayu kunduz pampers tutilganda bolaning nozik terisida allergik toshmalar toshishi mumkin. Buni oldini olish uchun tagliklar uchun mo‘ljallangan bolalar kremini surtish mumkin. O‘g‘il bolalar uchun pampers tagliklari zararli degan gaplar ilmiy asoslanmagan. Shuning uchun me’yorida pampers tutish (sayrda, mehmonga borganda, kechasi) zarar emas. Chaqaloqlarni tug‘ilgan kunidanoq yo‘rgaklamasdan, erkin kiyintirish lozim. Yo‘rgaklash bolaning qornini va ko‘krak qafasini qisib qo‘yib, erkin nafas olishini qiyinlashtiradi. Bolaning tabiiy yotishiga xalaqit beradi, qon aylanishini buzadi, chaqaloq o‘zining qo‘l va oyoqlaridan qo‘rqib, ularga o‘rganaolmaydi.
Go‘dakni tez-tez cho‘miltirib turish zarur. Shunda u yaxshi uxlaydi. Yana cho‘miltirish tufayli go‘dak chiniqib boradi. Chunki, teri ham nafas oladi. Tagi quruq, to‘yib emgan va sog‘lom go‘dak tinch uxlaydi. Har doim go‘dakni bir vaqtda, kechki emizish oldidan cho‘miltirgan ma’qul. Suv harorati 37 SO, xona harorati 25-26 SObo‘lishi kerak. Cho‘miltirishni boshlashdan oldin suvni haroratini termometr bilan o‘lchab olish kerak. Agar termometr bo‘lmasa, suvning haroratini tirsakni botirib ko‘rib aniqlash mumkin. Harorat 37 SObo‘lganda, suvning issiq-sovuqligi tirsakka sezilarsiz bo‘ladi.
Go‘dak juda ko‘p, ya’ni katta odamlarga qaraganda uch marta tezroq nafas oladi. Chaqaloqning nafas olishi bir tekis bo‘ladi. Lekin arzimas tashqi va ichki sabablarga ko‘ra uning tezligi tez o‘zgaradi. Yillar o‘tgan sari ularning ko‘krak qafasi o‘sib kengayadi. Nafas olish yo‘llari kengayadi va o‘pkaning hajmi ham ortadi. Go‘dak ulg‘aya borgach nafas olishi kamayadi, lekin chuqurlashadi. Bolalarda kattalarga qaraganda normal nafas olishga ko‘rsatiladigan to‘siqlar ko‘proq bo‘ladi. Moddalar almashinuvi yuqoriligi ularning organizmida hamma ichki imkoniyatlardan foydalanishga majbur qiladi. Go‘dakning nafas olish tizimi faoliyatining tez-tez buzilishi ham shundan kelib chiqadi. Ularda yuqori nafas olish yo‘llarining, bronxlar va o‘pkaning yallig‘lanishi tez rivojlanadi.
Bolaning ochiq havoda albattta sayr qildirish kerak. Toza havo go‘dakning sog‘ligi va immunitetini mustahkamlabgina qolmay, bolani chiniqtirishda ham muhim o‘rin tutadi. Toza havo jajji organizmda qon aylanishini yaxshilaydi, ishtahani va uyquni ravon bo‘lishini ta’minlaydi. Ochiq havodagi uyqu eng foydali hisoblanadi. Chaqaloq uyqusida tez o‘sadi. Shuning uchun uni ochiq havoda ko‘proq uxlashiga harakat qilib, ona havo iliq kunlari 2-3 soat sayr qilishi kerak. Bolani qanday rivojlanayotganini bilish uchun bola 1 oylikka to‘lguncha, hudud pediatri va patronaj hamshirasi muntazam ravishda uyda go‘dakni nazorat qilib turadi. Poliklinikada bolaning jismoniy ko‘rsatkichlari nazorat qilinib, 1 oydan so‘ng bolaning og‘irligi va uzunligi o‘lchanadi. Bola gavdasining og‘irligi, hayotining birinchi haftasida kamaygan bo‘lishiga qaramay, keyinchalik ko‘payib boradi. Keyingi uch haftada go‘dak og‘irligi o‘rta hisobda 600 grammga, yoki tug‘ilgan vaqtidagi tana og‘irligiga nisbatan 20 foizga ko‘payadi. Uning bo‘yi 3 sm.ga o‘sadi.
Onaga bola parvarishi, uni emizish va keyinchalik go‘dakka qo‘shimcha ozuqalar berish, emlash, kasallik belgilari haqida zarur maslahatlar beriladi. Kasallikning belgilarini bilishda onalar ziyrak bo‘lishlari kerak. Chaqaloqdagi bitta kasallik bir necha belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘p tinmay yig‘lash, tana haroratini me’yordan ko‘tarilishi yoki pasayib ketishi, qusish, nafas olishning buzilishi, talvasa, ko‘krakni emmaslik, bolani terisini rangi o‘zgarishi (ko‘karishi, sarg‘ayib ketishi, oqarib ketish) va hakozo. Shunday hollarda tezda bolalar shifokoriga murojaat qilish kerak.
Feruza NAZAROVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
shifokor-neonatolog