Ustoz ibrati kasb kamolotidir
Chilonzor tumanidagi 2-teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori, oliy toifali shifokor Dilbarxon Muhitdinova qariyb 15 yildirki, el salomatligiga posbonlik qilib kelmoqda. D.Muhitdinova poytaxtimizdagi 19-o‘rta umumta’lim maktabini imtiyozli tamomlab, 1991-yilda 1-Davlat tibbiyot institutining (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi) davolash fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.
Oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagach, “Teri va tanosil kasalliklari” kafedrasida klinik ordinaturani o‘tadi. So‘ngra, u o‘zining shifokorlik faoliyatini poytaxtimizning Olmazor (sobiq S.Rahimov) tumanidagi 4-teri-tanosil kasalliklari dispanserida shifokor-dermatolog sifatida boshladi. Mazkur dispanserda xizmat qilish yosh shifokorga oliy tibbiyot dargohi hamda klinik ordinaturada olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash imkonini berdi.
Dilbar opaning aholi salomatligini muhofaza qilish borasida olib borayotgan samarali faoliyati e’tiborga olinib, uni Chilonzor tumani 2-teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Uning o‘z sohasini puxta bilishi, xushmuomalaligi uni tez orada mazkur dispanserning bosh shifokori lavozimiga tayinlanishida muhim omil bo‘ldi. U qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, oliy o‘quv dargohida unga ta’lim bergan ustozlarining o‘gitlarini doimo yodda tutdi.
– Men o‘zimning birinchi ustozim, tibbiyot fanlari doktori, professor, malakali shifokor Radik Kapkayevni chuqur hurmat bilan yodga olaman, – deydi D.Muhitdinova. – Ustozim menga har bir bemorga alohida yondashish lozimligini, ayniqsa, bemorning kasalligi turi haqida zinhor o‘zga kishiga ma’lumot bermaslik, bemor bilan o‘ta sabrli hamda xushmuomala bo‘lish kerakligini uqtirar edi. Shifokorlik faoliyatimda ana shu maslahat va o‘gitlarga amal qilib kam bo‘lmadim.
Dunyoda shunday odamlar bo‘ladiki, ularning qalbi ezgulik nuri bilan yo‘g‘rilgan. Shu bois ular kechani kecha, kunduzni-kunduz demasdan ter to‘kishadi, o‘zlarining halovatlaridan kechib bo‘lsa-da fidoyilik ko‘rsatishadi. Ana shu fidoyilikdan ular ham ma’nan, ham ruhan ozuqa oladilar.
Bir so‘z bilan aytganda oliy toifali shifokor D.Muhitdinovaning el salomatligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari tahsinga loyiq.
Shavkat YOQUBOV