Yosh oila – yosh nihol
u qachon ulkan chinorga aylanadi?
O‘z jismidan ikki-uch barobar katta va og‘ir yukni ko‘targancha odimlayotgan chumolini hech kuzatganmisiz? U tengsiz azoblar bilan xas-cho‘plar oralab o‘z uyasi tomon ilgarilaydi. Shunday paytda chumolining og‘zidan o‘ljasini olmoqchi bo‘lib ko‘ring-chi?! Mittigina jonzot o‘z nasibasini osonlikcha berib qo‘ymaydi, oyoqlari yerdan uzilsa-da, unga yopishgancha turaveradi. Nima uchun? U bunga shunchalik muhtojmi? Yo‘q, albatta. Ammo shu hasharotda ham yashash uchun kurashish instinkti mavjud. Bu hol, hattoki, o‘simligu daraxtlarda ham
uchraydi.
Bog‘imizdagi ikki olma daraxti orasidan bir terak unib chiqdi. U daraxtlar soyasida judayam nimjon, quyosh taftidan bebahra o‘sardi. Ikki-uch yil o‘tib, shahardan qishloqqa borganimda, bog‘ni aylana turib, yana o‘sha terakka ko‘zim tushdi. Taajjub! O‘sha nimjon nihol bir-biriga chirmashib ketgan olma shoxlarining orasidan o‘tib, ko‘kka bo‘y cho‘zibdi. Buni qarang-a, hayotga ishtiyoq qanchalik kuchli! O‘simlik va hayvonlarga xos biofillik (hayotni sevish) odamzotda ongli ravishda kechgani bois bir necha barobar yuksakroq bo‘lmog‘i kerak. Ammo ko‘ksi tog‘dek ba’zi yoshlar kundalik turmushda uchragan kichikkina to‘siqni-da zabt etolmay, tushkunlikda qolganiga guvoh bo‘lamiz. Ne-ne mashaqqatlar bilan tiklangan oila qo‘rg‘oni falakning salgina epkinidan osonlikcha darz ketadi. Hatto muhabbat ila bog‘langan ikki qalbning muqaddas rishtasi qattiqroq tortilish payti kelganda tez uziladi…
Chambarchas ikki omil
– Mamlakatimizda fuqarolar erkin va teng huquqlidirlar, – deydi pedagogika fanlari nomzodi Farida Egamberdiyeva. – Bugun sobiq tuzumdagi kabi “olma pish, og‘zimga tush” qabilida ish tutmoq va yashamoq yaramaydi.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy tizimida keng islohotlar olib borildi. Natijada aholi turmush darajasining o‘sganligini barchamiz ko‘rib va bilib turibmiz. Bu yutuqlarga osonlikcha erishilayotgani yo‘q, albatta. Bular ming-minglab kishilarning uyquyu halovatdan kechib, tinimsiz mehnat qilayotgani samarasidir. Ammo shunday kimsalar uchrab turibdiki, ularning xatti-harakatini ko‘rib, yuritayotgan fikr-mulohazasini eshitib, kayfiyating buziladi. Ba’zan ko‘cha-ko‘yda, tanish-bilishlar davrasida yosh oilasining parokandaligi, iqtisodiy tanazzuli sababini “yashash qiyin bo‘lib ketdi” deya izohlayotgan kishilarga ko‘zimiz tushadi. Shunda ularga qarab achinasan kishi.
Ba’zi oilalarning katta dabdababozlik bilan to‘y qilib, so‘ngra iqtisodiy tang ahvolga tushib qolayotgani, oqibatda esa yangi ko‘chirib o‘tqazilgan yosh nihol misol yosh oilaning moddiy, ma’naviy-ruhiy inqirozga yuz tutayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ba’zan oiladagi moddiy yetishmovchilik yoshlardagi ishbilarmonlik mahorati, iqtisodiy bilim, ijtimoiy-siyosiy ong va dunyoqarash yetarli darajada shakllanmaganidan, nikohdek muqaddas rishtaga mas’uliyatsizlik bilan qarashdan, farzandlar oldidagi burchga sadoqatsizlikdan kelib chiqadi. Nima bo‘lganda ham, fikrlash qobiliyatiga ega inson o‘z taqdirini o‘zi belgilay olishi, o‘zi uchun qulay yashash sharoitini yarata bilishi bor gap. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Mustahkam oila va baxtli turmush, avvalambor, oila quradigan yoshlarning o‘ziga, ularning aql-zakovati, ma’naviy fazilatlariga, oila, jamiyat oldidagi o‘z burchi va mas’uliyatini chuqur anglab yetishiga bog‘liq”.
Oila mustaHkamligi garovi
– Oila qo‘rg‘onining mustahkamligi poydevorining baquvvatligiga bog‘liq, – deydi Shayxontohur tuman markaziy poliklinikasi nikohlanuvchi shaxslar bo‘yicha mas’ul shifokori Mastura Abdurahimova. – Bu poydevor esa nafaqat muhabbat, o‘zaro ishonch, balki jismonan va ma’nan salomatlik asosidagi munosabatlardan tiklanadi. Oila bo‘sag‘asidagi yoshlarning nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mana shunday ishonchli munosabatlarga asos bo‘ladi.
Istiqlol bergan buyuk ne’matlardan biri kelajak avlodga davlat miqyosida sog‘lom munosabatning qaror topganidir. Yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirish, onalik va bolalikni muhofazalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, barcha tuman poliklinikalarida maxsus komissiyalar tuzildi. Hozirda katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlar yashash joyidagi muassasalarda besh yo‘nalishda – sil, OITS, narkologiya, teri-tanosil va ruhiy kasalliklar bo‘yicha FHDYo yo‘llanmasiga ko‘ra bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Bu esa, avvalo, sog‘lom oilani shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi, irsiyat bilan bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi. Bunday tadbirlar mustahkam oilaning tayanchi, sog‘lom avlodning garovi ekani, shubhasiz.
SoG‘lom muHit asosi
– Mamlakatimiz Prezidenti “Yosh oilani hayotning turli to‘fonlaridan asrash, uning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun yelkadosh bo‘lish, bu borada zarur ko‘mak, maslahat ko‘rsatishda mahallaning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi”, deya ayni haq gapni aytgan. Ba’zan turmushimizda uchraydigan kichik-kichik muammolar er-xotin o‘rtasida jiddiy tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi, – deydi Hamza tumani bosh imom-hatibining xotin-qizlar bo‘yicha bosh maslahatchisi To‘tiniso Masaidova Bu esa yosh oilalarning buzilib ketishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shunday paytda katta hayot tajribasiga ega bo‘lmagan, turmushning mayda chigalliklariga bosiqlik va keng mulohaza bilan yondashmaydigan yoshlarga to‘g‘ri maslahat berish kerak. Bugun xuddi shu vazifani har bir mahallada obro‘li, hayotiy tajribasi bor, diniy va dunyoviy bilimlarga ega kishilardan tuzilgan Yarashtirish komissiyasi bajarmoqda.
Ajrashmoqchi bo‘lgan oila dastlab o‘zi yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat etadi. So‘ngra er-xotinga uch oylik muddat beriladi. Bu orada Yarashtiruv komissiyasi o‘sha oila bilan maxsus shug‘ullanadi. Agar shunda ham er-xotin fikridan qaytmasa, ariza FHDYo bo‘limi yoki sudga oshiriladi. Bugungi kunda ko‘plab nizolar yarashuv bilan hal qilinmoqda.
– Yaqinda tumanimizdagi “Bahor” mahallasida yashovchi yosh oiladan ariza tushdi, – deya gapida davom etadi maslahatchi opa. – Ajralish tarafdori – kelin. Eri topar-tutarmon, guldek farzandlari bor. Holatni o‘rganib bildik-ki, yaqinda qayin opa o‘z oilasidan ajrashib, qaytib kelgan. Ikki orada mayda muammolardan nizo kelib chiqqan. Turmushning achchiq-chuchugini totib ko‘rmagan kelin ajrashishga qaror qilgan. Biz unga oilaning muqaddasligi, otasiz yo onasiz o‘sishning farzand ruhiyatiga salbiy ta’sirini tushuntirdik. Qayin opa bilan ham suhbatlashib, maslahatlar berdik. Ariza qaytarib olindi va oila hozir avvalgidek totuv hayot kechirayapti. Demakki, o‘zaro bir-birini tushunish – ma’naviy-ruhiy sog‘lom muhitning asosi, hamdamu hamjihat er va xotin esa oila ayvonini ushlab turguvchi mustahkam ustunlardir.
Oila – katta jamiyatning kichik bir bo‘lagi. Jamiyatning obod va farovon bo‘lishi, avvalo, ushbu kichik jamiyatning tinch va totuvligiga bog‘liq. Zotan, ahil oilada sog‘lom muhit qaror topadi. Sog‘lom muhitdagina odob-axloqli, mehnatsevar, o‘z xalqining milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan qaraydigan yoshlar kamolga yetadi. Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, mas’uliyatni to‘liq his qiladigan, turmush talotumlariga tayyor, kurashlarda ruhiyu qaddi bukilmas yoshlar esa mustahkam oila qo‘rg‘onini bunyod etishga qodirdir.
Dilshodbek KARIM