Vitaminlar yetishmasligi xavfli, ko‘payib ketishi-chi?

Bugun ko‘pgina yurtdoshlarimiz o‘zida biron-bir kasallik alomatlarini sezganda yoki shunchaki profilaktika uchun shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan vitaminlar qabul qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Vitaminlarning yetarli miqdorda bo‘lishi inson organizmi to‘laqonli ishlashi uchun zarur, albatta. Ammo ularning dozasi oshib ketsa-chi?

Ta’kidlash joizki, u yoki bu vitamin yetishmasligi avitaminoz deb atalsa, uning ko‘payib ketishi gipervitaminoz deyiladi. Bu holat organizm zaharlanishi, ichki organlar faoliyati buzilishi va bosh­qa turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bunda yog‘da eriydigan, aniqrog‘i A, D, E va K guruh vitaminlari miqdorining oshib ketishi, ayniqsa, xavfli hisoblanadi. Sababi, ular suvda eriydigan vitaminlarga o‘xshab peshob orqali chiqib ketmay, organizmdagi yog‘larda parchalanadi va yog‘ to‘qimalarida to‘planadi.
Masalan, A vitamini teri salomatligi, ko‘rish qobiliyati va immunitet mustahkamligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Ammo uning ortiqcha miqdori bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, soch to‘kilishi, teri qurishi va tirnoq mo‘rtlashishiga olib keladi.
Qolaversa, ushbu vitaminni muntazam me’yordan ortiq qabul qilish jigarga zarar yetkazishi, suyaklar mo‘rtligi, shu jumladan, osteoporozni keltirib chiqarishi mumkin. Homilador ayollarda esa bu bola tug‘ma anomaliyalar bilan dunyoga kelishi xavfini oshiradi.


Yog‘da eriydigan moddalar turkumiga kiruvchi D vitamini organizmda metabolizm jarayonlari normal kechishiga yordam beradi va suyaklar sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi. Ammo uni ham haddan tashqari ko‘p qabul qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yumshoq to‘qimalar va qon tomirlarining kalsifikatsiyasi va ateroskleroz shular jumlasidan. Shu bilan birga, organizmda kalsiy miqdorining ko‘payishi buyrakda tosh­lar paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi.
E vitamini antioksidant xususiyatiga ega bo‘lgani tufayli ko‘pincha teri holatini yaxshilash va qarishni sekinlashtirish maqsadida qo‘llaniladi. Organizmda ushbu vitamin miqdorining ortib ketishi qon ivish jarayonini sekinlashtiradi, bu esa ichki qon ketish xavfini oshiradi. Undan farqli o‘laroq, K vitamini dozasining oshishi tromboz va boshqa qon tomir patologiyalarini keltirib chiqarishi mumkin.


Suvda eriydigan vitaminlarni qabul qilishda ham ehtiyotkor bo‘lish kerak. Xususan, C vitamini, ­ya’ni askorbin kislotasining asosiy funksiyasi – immunitet tizimini mustahkamlash, organizmni stressdan himoya qilish va kollagenni sintez qilish. Uning gipervitaminozi oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, diareya va meteorizmga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu holat ham, D vitamini kabi, buyrakda toshlar to‘planishi xavfini oshiradi.
B6 vitamini (piridoksin) aminokislotalar almashinuvi va neyromediatorlar sintezida ishtirok etadi. Biroq uni uzoq muddat davomida yuqori dozada qabul qilish tufayli sensor neyropatiya – asablarning shikastlanishi, qo‘l-oyoqlar uvishishi paydo bo‘ladi.

Sog‘lom bo‘lish uchun inson organizmida barcha vitaminlar me’yorida bo‘lishi kerak – undan kam ham, ko‘p ham emas! Vitaminlarni muntazam ichsam, har qanday darddan qutilaman, deb o‘ylash mutlaqo xato. Biron bir preparatni qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.


Eng asosiysi, salomatlikni mustahkamlash uchun vitaminlarning o‘zi kifoya bo‘lma­ydi. Bunga kompleks yondashish, ya’ni sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismonan faol bo‘lish kerak.

Yashin AHMATOV,

Respublika ixtisoslashtirilgan

kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

Qashqadaryo filiali direktori

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: