Xorijlik shifokorlar yurtimizda

bemor bolalarni malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda

Barkamol avlod orzusi – ajdodlarimizdan meros, xalqimizga xos ezgu maqsad. Shundanmi, ota-bobolarimiz oila qurayotgan yoshlarning nasl-nasabiga e’tibor qaratgan. Zero, har bir insonning hayotdagi eng katta maqsadi baxtli oila qurish, sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazish va ularning kamolini ko‘rishdir. Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi qator xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hukumatimiz qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida bemor bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida loyihalar joriy etmoqda. Xususan, o‘tgan yillar mobaynida jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “Friedensdorf international” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tug‘ma yurak, qo‘l, oyoq, bo‘g‘imlar, teri kuyishi asoratlari bilan xastalangan bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan qo‘shma loyihalari bunga misoldir. Qolaversa, jamg‘arma uzoq yillardan buyon Koreya Respublikasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar va universitetlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotir.

Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilning 19-26 yanvar kunlari Koreya Respublikasi “Ewha Womans University” gospitalining malakali shifokorlari respublikamizdagi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Tibbiy-ijtimoiy markazi hamda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani bolalar shifoxonalarida bo‘lishadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ayni paytda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasida aholiga samarali tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Ixtisoslashgan bo‘limlarda mijozlarga tezkor, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qulay sharoit yaratilgan. So‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar har qanday kasallikni bir zumda aniqlab berayotir.

Ushbu markazda “Ewha Womans University” gospitalining malakali urolog, kardiolog, pediatr, oftalmologlaridan jamlangan 19 nafar mutaxassis bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Mazkur universitet yuqori malakali shifokorlari tomonidan urologiya sohasida jarrohlik amaliyoti ham o‘tkazilib, davra suhbati uyushtirildi. Unda sohaning dolzarb muammolari, tibbiyot xodimlari oldidagi maqsad va vazifalar, kasalliklarni davolashning yangicha uslublari haqida klinika xodimlariga ma’ruzalar o‘qildi. Ikki davlat tibbiyot xodimlari o‘rtasida fikr almashildi.

– “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi taklifiga binoan o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda davolash amaliyotlarini olib bordik. Ushbu klinikada asosan yurak va buyrak kasalliklari bilan og‘rigan bemor bolalarni ko‘zdan kechirdik, – deydi “Ewha Womans University” gospitali professori, jarroh Ku Yong Juong. – Maqsadimiz Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlash hamda tajriba almashishdir.

Yana o‘qing:  TIBBIYOTGA OID XALQARO KO‘RGAZMA

Ana shunday xayrli ishlar natijasida O‘zbekiston nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilgan jahon reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan eng ilg‘or o‘n mamlakat qatoriga kiritilgani ham bejiz emas. Zero, sog‘lom va barkamol farzand nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning bebaho boyligidir.

– Yurtimizda inson salomatligini muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, istiqlol yillarida bu borada ko‘pgina e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirildi. Xususan, tibbiyot muassasalarining xorijiy texnologiyalar bilan boyitilgani, chekka-chekka qishloqlardagi QVPlarga ham “Salomatlik-2” loyihasi asosida zamonaviy tibbiy uskunalar berilgani so‘zimiz tasdig‘idir. Qolaversa, shifokorlarning kasb mahoratini oshirishga e’tibor kuchaydi. Xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi kun sayin oshmoqda, – deydi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori To‘lqin Hoshimov. – Ayni paytda bolalarning urologik hamda o‘n ikki barmoqli ichak tug‘ma nuqsonlari bilan bog‘liq kasalliklar ham shu yerning o‘zida jarrohlik yo‘li bilan davolanmoqda. Imkonsiz deb hisoblangan operatsiya ham bugun xorijlik hamkasblarimiz hamkorligida muvaffaqqiyatli amalga oshirildi. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning shifo izlab, uzoq-uzoqlarga borishiga hojat qolmayapti. Hamkorligimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aslida shu.

Amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar samarasida bolalar urologik kasalliklarining keskin kamayishiga erishilmoqda. Natijada jismoniy va ma’naviy barkamol avlod voyaga yetayotir.

Janubiy Koreyaning “Ewha Womans University” gospitali malakali mutaxassislari va yurtimiz shifokorlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Tibbiy-ijtimoiy markazida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.

Bugun va ertaga Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasida mutaxassis-shifokorlar ushbu xayrli ishni davom ettirishadi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: