Bola necha yoshdan sport bilan shug‘ullanishni boshlagani ma’qul?

Farzandlar sog‘lom o‘sishi uchun ularning to‘g‘ri ovqatlanishi bilan birga, jismoniy faolligi muhim ahamiyatga ega. Shu bois ota-onalar o‘g‘il-qizlari uchun sport to‘garagi tanlashda ularning yoshi, bo‘yi, jismoniy imkoniyatlari, xohishi va ayniqsa, mavjud kasalliklarini inobatga olishi zarur.

Xususan, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan faqat badantarbiya mashqlari bajariladi. 4-5 yoshli o‘g‘il-qizlarni esa avval gimnastik mashg‘ulotlarda «toblab», tanasini chiniqtirish maqsadga muvofiq. Sababi, bu yoshdan keyin suyakning qayishqoqligi kamayib, bola ko‘pgina mashqlarni bajarishga qiynaladi.
Insonning asab tizimi asosan 5-6 yoshdan mustahkamlana boshlashini inobatga olsak, sport bilan shug‘ullanish uchun bu palla eng maqbul davr hisoblanadi. Chunki bola bu vaqtda murabbiy bergan vazifalarni bajara oladigan yoshga yetadi. 6 yashar bolaning xohishiga ko‘ra istalgan sport to‘garagiga berish mumkin. Ammo bu davr­da ular uchun eng foydalilari – suzish, badiiy gimnas­tika va futbol.
Bolalarda ko‘p uchraydigan skolioz kabi xavfli kasallik­larni 6-12 yoshgacha suzish, turnikda mashqlar bajarish va yengil atletika yordamida davolash mumkin. Ko‘rish qobiliyati past o‘g‘il-qizlar esa 9-11 yoshda stol tennisi va katta tennis bilan faol shug‘ullanishi lozim.
Salomatlik uchun barcha sport turi foydali bo‘lsa-da, ulardan ayrimlarini ma’lum davrlarda cheklash maqsadga muvofiq. Masalan, tanasining rivojlanishi kechikayotgan 12-14 yosh oralig‘idagi o‘g‘il-qizlarga karate, taekvondo, dzyudo kabi og‘riq beruvchi usullarga boy sport turlari tavsiya etilmaydi. Aks holda bolaning bo‘yi o‘smay qolishi mumkin.
Xuddi shunday 9-12 yoshda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish ham ma’qul emas. Chunki bu bolaga «og‘irlik» qilib, buyragi atrofini yog‘ qoplashiga olib keladi.

O‘smirlik davrida-chi?


O‘smirlik davrida bolalarga asab tizimidagi qo‘zg‘alish­lar ko‘pincha salbiy ta’sir eta boshlaydi. Shu bois bu davr­da ularni sokin sport turlariga jalb qilish kerak. Xususan, 12-18 yoshli qizlarga aerobika, o‘g‘il bolalarga yengil atletika bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi.
Bu o‘smirga ichki xotirjamlik bag‘ishlab, «o‘tish davri»ni yengillashtiradi. Asab tizimida ro‘y beradigan stress­larga chidamlilikni oshiradi, ortiqcha hissiyotlarga berilmaslikka o‘rgatadi.
Bo‘yi o‘smayotgan bolalar birinchi galda ko‘p miqdorda mikroelement va vitaminlarga boy ovqat iste’mol qilish, qolaversa, suzish, turnikda tortilish, yugurish, futbol bilan muntazam shug‘ullanishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, haftada ikki marotaba ilik sho‘rva iste’mol qilish uning mushaklari rivojlanishi, suyaklari mustahkam bo‘lishi va bo‘y o‘sishiga ijobiy ta’sir etadi.
Ota-ona farzandini biror sport to‘garagiga bermagan taqdirda ham uning sog‘lom voyaga yetishi uchun har kungi badantarbiya mashg‘ulotlarini to‘xtatmasligini nazorat qilishi lozim. Tonggi mashqlar yosh organizmni chiniqtirib, qon aylanishini yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘tarib, kun davomida tetiklikni ta’minlaydi.
Qaysi sport turi bo‘lmasin, bolani 5-6 yoshidan jalb etish – to‘g‘ri qaror. Masalan, shaxmat va shashka mashg‘ulotlarini ham shu yoshdan boshlagan ma’qul. Sababi, bu yoshgacha aksariyat bolalarda bir joyda o‘tirolmaslik, asab tizimining qo‘zg‘aluvchanligi yuqori bo‘ladi.
7 yoshdan keyin esa unda diqqatni jamlash qobiliyati ortadi, bir joyda muqim o‘tiradi. Shunga qaramay, bolani aqliy sport o‘yinlariga berishdan oldin uning xotirasini hisobga olish kerak.
Boksga 6 yoshdan qabul qilinadi. Sababi, ayni shu davrda bolaning suyak va mushaklari hali qotib ulgurmagan bo‘lib, boks harakatlarini osonlik bilan bajaradi. Bu yoshgacha va undan keyin boks mashg‘ulotlariga kirishish va ushbu sport turida biror natijaga erishish qiyinroq kechadi.

Yana o‘qing:  FARRUX DO‘STOV BOSH SOVRIN SOHIBI

Tavsiyalar


Har qanday yoshda bolalarning sport bilan shug‘ullanishi ularning sog‘lom ulg‘ayishiga katta yordam beradi. Biroq bunda ayrim tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
Misol uchun, 2-3 yoshda bolajonlarning suzish bilan shug‘ullanishi ancha foydali. Boisi bu vaqtda jismoniy yukka suvda bardosh berish oson. Faqat tanani qiynash kerak emas.

4 yoshda: sport raqslari, ushu, gimnastika
Sport raqslari bolani qayishqoq qiladi va boshqa sport turlarini boshlash uchun yaxshi asos hozirlaydi. Gimnastikada esa ular o‘z harakatlarini uyg‘unlashtirishni o‘rganadi.

4-5 yoshda: suzish, gimnastika, akrobatika
Bu yoshda suzishga alohida e’tibor berish kerak. Agar qizlar qobiliyatlarini namoyon qilsalar, bir yildan keyin sinxron suzishga borishlari mumkin.

5 yoshda: karate
Karate mashg‘ulotlarida bolalar diqqatni jamlash, o‘z energiyasini zarur oqimga yo‘naltirishga o‘rganadi.

6 yoshda: tennis, stol tennisi
Tennis va stol tennisi bolalar uchun eng foydali sport turlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ular ko‘rish qobiliyatiga ijobiy ta’sir qiladi.

7 yoshda: badminton
Bu yoshda bolani tennisga berish yaramaydi. Avval badminton bilan shug‘ullansa, uning beli qotadi. Tezkorligi va tezligi oshadi. Bir yildan so‘ng esa tennisni bosh­lasa bo‘ladi.
Lekin qandli diabetga chalingan va yurak faoliyati izdan chiqqan bemor bolalarga faqat davolash jismoniy tarbiyasi ruxsat etiladi.


Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan bolalarga xokkey, futbol, basketbol, voleybol, shuningdek, zarbli va kontaktli yakkakurash turlari tavsiya etilmaydi.
Bola surunkali tonzillit, sinusit, gaymorit, nafas yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan bo‘lsa, sportning «sovuq» turlari – chang‘i, konki, suzish bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

Umurtqa pog‘onasida muammolar bo‘lgan bolalarga esa yengil atletika, tennis, badminton va velosiped uchish bilan shug‘ullanish maslahat berilmaydi.

Barno ODILOVA,
Sog‘liqni saqlash vazirligi
bo‘lim boshlig‘i

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: