Liz Burbo: O‘zingni sev, deydi vujuding
Afsuski, an’anaviy tibbiyot hamda “tabiiy tibbiyot”ning ba’zi yo‘nalishlari hali-hanuz kasallik alomatlarining asl (metafizik) sababini aniqlamay turib, u bilan kurashib kelmoqda. Bu esa samolyot kabinasi signal tablosidan qandaydir kichik qizil chiroqni olib tashlash bilan barobar gap. Ha, xavf-xatardan xabar beruvchi signal g‘oyib bo‘ladi, biroq bu, albatta, jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
KAMQONLIK (ANEMIYa)
Anemiyada, ya’ni kamqonlik kasalligida qonda qizil qon tangachalari kamayadi. Qizil qon tangachalari organizm hujayralariga kislorod yetkazib, ulardan karbonat angidridni siqib chiqaradi. Anemiya alomatlariga: teri va shilliq pardalarning rangsizligi, nafas olish va yurak urishining tezlashishi, kuchli charchoq kiradi. Bundan tashqari, kamqonlik kasalligi bilan xastalangan bemorlar bosh og‘rig‘i va aylanishi, quloq shang‘illashidan (bosh miyaga kislorod yetishmaslik belgilari) aziyat chekishi mumkin.
His—tuyg‘udagi to‘siq
Metafizikada qon hayot quvonchini ifodalaydi. Qoni kam bemor hamisha hayotdan g‘amgin yuradi. Bunday inson qiyinchiliklarga keskin munosabat bildiradi, yoyinki umuman yashashni istamaydi. U o‘zini tobora qamrab olayotgan g‘amginlik hissiga qarshi tura olmaydi, oqibatda, o‘z xohish va ehtiyojlaridan voz kechadi. U bora-bora so‘na boshlaydi.
Mental to‘siq
Agar sizda anemiya kasalligi mavjud bo‘lsa, demak, o‘z hayotingizni nazorat qilish va o‘zgalar izmidan chiqish vaqti keldi. Hayotdan zavq olishga to‘sqinlik qilayotgan salbiy fikrlarni ongli ravishda qabul qiling. Kayfiyatni ko‘tarsangiz qondagi qizil qon tangachalari ham ko‘payadi.
KO‘RICHAK (APPENDITSIT)
Appenditsit – bu yo‘g‘on ichakning bir qismi bo‘lgan appendiksning yallig‘lanishi. Kasallik qorin bo‘shlig‘ida og‘riq, ovqat singmasligi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, ichaklarning berkilib qolishi, qabziyat bilan kechadi; ba’zi ovqat xillarini ko‘ngil ko‘tarmaydi. Agar bemor o‘z vaqtida operatsiya qilinmasa, appenditsit jiddiy asoratga – peritonit (qorin pardaning yallig‘lanishi)ga olib kelishi mumkin.
His—tuyg‘udagi to‘siq
Inson o‘z g‘azabini ichida saqlaganda appenditsit yuzaga keladi, chunki qat’iyatsizlik va o‘zgalarga tobelik hissi unga o‘z g‘azabini namoyon etishga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, bunday kishi uni qattiq ranjitayotgan biror bir kimsadan qo‘rqib turadi-yu, biroq unga nisbatan bo‘lgan munosabatini oshkor etishga, his-tuyg‘ularini yuzaga chiqarishga jur’at etmaydi. G‘azab tuyg‘usi, qo‘rquv, odatda, appenditsitning birinchi xurujidan avval bo‘lib o‘tgan voqea bilan bevosita chambarchas bog‘liq.
Mental to‘siq
Appenditsit jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkinligini inobatga olgan holda siz, birinchi navbatda, ichingizda yig‘ilgan salbiy tuyg‘ulardan xalos bo‘lishingiz, ularni so‘z bilan ifodalashingiz lozim. Siz uzoq vaqt o‘zingizni tiyib kelayapsiz, bu holat davom etaversa, portlashingiz turgan gap. Sizda g‘azab va qo‘rquv tuyg‘ularini yuzaga keltirayotgan vaziyatlarni chetlab o‘tmang; o‘zingiz va boshqalarning nomukammalligini tan olgan holda ushbu hodisalarni ichki xotirjamlik va mehr tuyg‘usi ila yashab o‘tishga harakat qiling.
Hilola SOLAYEVA
tayyorladi