Tarbiyaning ikki pallasi

Farzand tarbiyasi nihol parvarishiga o‘xshaydi. Uning to‘g‘ri yoki egri bo‘lib o‘sishi, shubhasiz, tarbiyachiga va muhitga bog‘liq. Darhaqiqat, tarbiya juda nozik masala. Xalqimizda “qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bor, demak, farzand bolaligidan ota-onasiga taqlid qilib ulg‘ayadi. Keyinchalik atrof-muhit ta’siriga tusha boshlaydi. Shu bois ota-ona farzandiga faqat nasihatu o‘gitlari bilan emas, balki yaxshi fazilatlari bilan ham o‘rnak bo‘lmog‘i lozim.

Oilada o‘g‘il va qiz farzandlar tarbiyasida o‘ziga xoslik mavjud. Lekin kattani hurmat, kichikni izzat qilish, halollikka, mehnatsevarlikka o‘rgatish kabi umumiy xususiyatlarni ularda baravar shakllantirish lozim. Ularning xato va kamchiliklarini o‘z vaqtida tushuntirish orqali bartaraf etish to‘g‘ri bo‘ladi. Ayniqsa, qizlarni yoshligidan saranjom-sarishtalikka, mehnatni sevishga, odobli bo‘lishga o‘rgatish, oilaviy hayotga tayyorlash maqsadga muvofiq. O‘g‘il bolalarni esa kelajakda oilaboshi bo‘lishini uqtirib borish, unda ishbilarmonlik, mas’uliyat hissi hamda mustaqil fikrlash sifatlarini shakllantirib borish kerak. Shunda kelajakda u berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida, puxta bajarishga o‘rganadi, erkin fikrlaydigan bo‘ladi. Ammo ba’zi ota-onalar farzandini shaxs sifatida qabul qilmaydi.

Birinchi tarbiya usuli:

– O‘g‘lim, yoki qizim! Men senday paytimda unday edim, bunday edim. Sen qachon odam bo‘lasan? Hayotiy tajribamdan senga maslahat bersam-u hech qulog‘inga gap kirmasa. Mana bu ishlarni kechgacha bajar! Men hayotimda qilgan xatolarni sen takrorlama. Buning uchun sen falon-falon ishlarni qilma, deydi-da qator qilinishi kerak bo‘lmagan ishlarni bir-bir sanaydi, (odamlarni sifatlay ketadi) mana bulardan ehtiyot bo‘l va hokazo.

Ikkinchi tarbiya usuli:

Aziz jigarbandim! Sen judayam yaxshi, aqlli, iqtidorli, chiroyli, kuchli bolasan! Seni kelajak hayotingda qanchadan-qancha zo‘r, olamshumul voqealar kutmoqda! Sen hali bu go‘zal va maftunkor dunyoda qanchalik ajoyib joylarni, turli mamlakatlarni ko‘rasan! Hayot yo‘lingda ko‘plab yaxshi, mehribon va sadoqatli do‘stlar uchraydi. Seni yorqin kelajak kutmoqda. Barcha orzu-niyatlaringga erishishing uchun sharoitlar mavjud. Sen vaqtdan unumli foydalanib, faqat o‘qishing, o‘rganishing kerak.

Ayting-chi, siz farzandlaringiz bilan qanday gaplashasiz? Birinchi usuldami yoki ikkinchisida, degan savol bilan ko‘pchilikka murojaat qildim. Kichik so‘rovnomada ikkinchi uslubni tarbiya jarayonida qo‘llaganlar kamchilikni tashkil etdi. Ko‘pchilik esa birinchi tarbiya uslubining hayotdagi natijalaridan misollar keltirdi. “Axir ota-ona farzandiga uni kelajakda nima kutayotgani, yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolar to‘g‘risida bildirib qo‘yishi shart. Boshqalarning xatolarini takrorlamasliklari uchun farzandlariga hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashish lozim”, degan xulosani berishdi. Ammo quyidagi suhbatdoshlarimiz farzand tarbiyasi jarayonida ko‘proq ikkinchi uslubni ma’qul ko‘rarkan:

Yana o‘qing:  “Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q...”

Ulug‘bek Ibodinov,

jurnalist:

Ikkinchi uslub to‘g‘ri deb o‘ylayman. Uch yashar qizimizning tinimsiz beradigan savollariga javob berishga harakat qilaman. Uning qiziqishlarini hurmat qilgan holda sharoit yaratib beraman. So‘ragan o‘yinchoqlarini bugun bo‘lmasa, maosh olganda, albatta olib kelishga va’da beraman. Keyin so‘zimning ustidan chiqib, o‘yinchoq hadya qilaman. Bu bola uchun ham tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, bir so‘zlikka o‘rgatadi. Misol uchun, bir kuni rasm chizish uchun bo‘yoq so‘raganida o‘sha kuniyoq unga mo‘yqalam va bo‘yoq olib berdim. Qizim xursand bo‘lib, rasm chizishga tushib ketdi.

Kayfiyat – salomatlik uchun juda muhim. Shuning uchun ham oilamizda hech kimning kayfiyatini tushirmasdan, ba’zi tushunmovchiliklarni ham yotig‘i bilan hal qilishga harakat qilamiz. Bolaning ham ruhan, ham jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun ota-onaning oiladagi bir-biriga bo‘lgan munosabati muhim ahamiyatga ega.

Nigora Shomurodova,

psixologiya fanlari nomzodi:

Insoniyat kamolotida mukammal tarbiya berish, benuqson kamolotga erishish istagi qadimiy va ezgu masalalardan biridir. Tarbiya jarayonida ongli munosabatni mazmunan ifoda eta olish, amalda ko‘rsata bilish, bola qalbini oldindan ko‘ra olish uchun, avvalo, ota-onalar tarbiyali, saviyali va farzandni shakllantirishga nisbatan qurollangan bo‘lishlari zarur. Inson tarbiyasida uni qamrab turgan ijtimoiy muhitdagi ustuvor siyosiy qarashlar, zamon talab etayotgan ehtiyojlar tizimi va unga nisbatan bildirilayotgan ishonch muhim ahamiyat kasb etadi.

Buni esa bolaning ongu shuurini shakllantirish barobarida singdirish darkor. Bola shaxsiga murojaatda ham, uning imkoniyatlarini baholab borishda ham juda katta bo‘lgan maqsadlarni bildirish, shu maqsadlarni ijrochisi u ekanligini ta’kidlab borilishi, buning uchun uning imkoniyatlari bemalol yetishini bot-bot eslatib turilsa o‘ziga, ichki imkoniyatlariga nisbatan sub’yektiv ishonch hissi paydo bo‘ladi.

Qalban ochilmagan bolaga hech qanday faoliyat turini mustaqil bajarishni talab qilib bo‘lmaydi. Boladagi individual psixologik sifatlarni tarkib topishi va namoyon bo‘lishida o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllantirish, qo‘llab-quvvatlash, o‘z-o‘ziga bo‘lgan tanqidiy munosabatni ham qo‘llab turishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Ko‘p hollarda bolalardagi o‘ziga bo‘lgan bahoning past va ishonchsiz bo‘lishi, kattalardan “shafqat kutish”ga, “e’tiborli bo‘lishga” nisbatan umidlarining so‘nishi evaziga kelib chiqadi. Bunday ehtiyojlarning qondirilmasligi bola ruhiy taraqqiyotida psixik so‘nishni, atrofdagilardan uzoqlashishni, muloqot qila olmaslikni (ya’ni deprivatsiyani) keltirib chiqaradi. Deprivatsiya jarayonining yuzaga kelishi tufayli bolada autizm namoyon bo‘lib, bola o‘zini ko‘pchilikdan, begonalardan olib qochadigan bo‘lib qoladi.

Yana o‘qing:  Sog‘lom va barkamol ulg‘ayayotgan bolalar

O‘z hissiy kechinmalari va taassurotlarini muloqot orqali bemalol ifodalashda to‘siqlarga uchraydi va tobora bu boladagi muloqotdan cheklanishni keltirib chiqaradi. Bola shaxsidagi ijtimoiylashuv jarayonining jadal kechishida uni ko‘pchilik bilan muloqot qila olish imkoni yaratilishi, o‘z tengqurlari bilan faoliyat yuritishiga sharoit hozirlash muhim ahamiyatga ega.

Odatda ota-onalar tarbiya jarayonini tashkil etish va ta’sir etish doirasiga ko‘ra 3 toifaga ajratiladilar: 1-ideal ota-onalar ya’ni, farzandlari uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, yetarlicha vaqt ajratib muloqot qila oladigan ota-onalar; 2-mas’uliyatsiz ota-onalar ya’ni, majburiyat yuzasidangina ota-ona sifatida ta’sir qilishga harakat qiladiganlar; 3-befarq ota-onalar farzandlari uchun qayg‘urmaydigan, ota-ona sifatida ibrat-namuna bo‘la olmaydiganlar.

Farzandining so‘zlariga quloq tutilsa, u bilan birgalikda muloqot tashkil etilsa, ota-onaga bo‘lgan ishonch va maqsad sari intilish anglangan mazmunga ega bo‘ladi. Bu esa eng to‘g‘ri tashkil etilgan tarbiyaviy ta’sirdir. Voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va deviant hulq ko‘rinishlarini yuzaga keltiruvchi sub’yektiv sabablaridan biri ham ota-onalarning bola bilan qiziqmasligi, uning hayotiga, faoliyatiga befarqligi tufayli kelib chiqadi.

Reymajon Nurmetova,

Bog‘ot tuman tug‘ruqxonasi neonatolog-shifokori, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya jamg‘armasi Bog‘ot tumani tayanch maskani direktori:

Ham pediatr, ham ona sifatida bolani, albatta, chaqaloqligidan, hattoki allomalarimiz aytganiday onaning qornidaligidan (homiladorlik davridan) boshlab tarbiyalash kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Bo‘lajak ota-onaning bir-biriga bo‘lgan munosabati, albatta, uning zurriyodiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Demak, samimiy munosabat yaxshi tomonga, qo‘pol munosabat esa shu farzandning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning nosog‘lom dunyoga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bola tarbiyasi juda keng ko‘lamli tushuncha. Birinchi navbatda uni sog‘lom dunyoga keltirish, to‘g‘ri tarbiyalash uchun oilada sog‘lom muhit yaratish zarur.

Umuman, tarbiya borasida ikkita uslub bilan chegaralanib bo‘lmaydi. Har bir bola bo‘lajak shaxs. Bir-biriga o‘xshash inson yo‘q. Shuningdek, bola ham. Ular bilan o‘ziga xos muomala qilaverish kerak. Biz ota-onalar farzandlarimizni kimlarningdir xatolaridan o‘rganib yashashga emas, o‘ziga ishonch bilan yashashga, hayotda optimist bo‘lishga, boshlagan ishini oxiriga yetkazishga o‘zida ishonch va kuch topa bilishga, sabr-qanoatga o‘rgatsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda zurriyodimiz faqat muvaffaqiyatga ishonch bilan yashashga o‘rganadi. Lekin sen eng zo‘rsan, iqtidorlisan, chiroylisan deb “eng” so‘ziga urg‘u beraversak ham uning manmanlikka berilib qolishiga yo‘l qo‘yib bergan bo‘lamiz. Hamma narsaning me’yori yaxshilikka yetaklaydi. Zero, asalning ham ozi shirin deydi xalqimiz.

Sahifani Muhabbat Xo‘jamurodova tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: