Homilador ayolda qandli diabet aniqlansa…
Har kuni ko‘plab homiladorlar va ularning yaqinlari bilan muloqotda bo‘lamiz. Ular orasida turli yondosh kasalliklarni boshdan kechirayotganlar ham bor. Aytaylik, qandli diabet bilan xastalanganlar. Ayrim homiladorlar nihoyatda qo‘rquv ichida bo‘lishadi, ba’zilar mutlaqo e’tiborsiz qarashadi. Aslida bu ikki yondashuv ham noto‘g‘ridir. Qandli diabet qayd qilingan homilador ayol shifokor tavsiyalariga bekamu ko‘st amal qilishi lozim.
Homiladorlikda pregestatsion va gestatsion qandli diabet qayd qilinadi. Pregestatsion, ya’ni homiladorlikdan oldin aniqlangan qandli diabetdir. Odatda, ertalab nahorga tekshirilganda qonda qand miqdori 3,3–5,5 mmol/l, ovqatlanib 1 soat o‘tgach aniqlanganda esa 7,0 mmol/l dan kam bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda 2015 yil «NICE»(National Institute for Health AND CLINICAL EXCELLENCE) tavsiyalariga asosan nahorga qonda qand miqdori 5,6 mmol/l yoki undan yuqori (7,0 mmol/l gacha) yoki glyukoza tolerantlik testini o‘tkazib, 2 soatdan so‘ng qand miqdorini tekshirganda 7,8 mmol/l yoki undan yuqori (11,1 mmol/l gacha) bo‘lsa, gestatsion,
ya’ni homiladorlik vaqtida aniqlangan qandli diabet hisoblanadi.
Gestatsion qandli diabet uchrashi mumkin bo‘lgan xavf guruhiga semizlik (tana vazni indeksi 30 kg/m2), qarindoshlarida qandli diabeti bo‘lsa, ushbu homiladorligida yoki oldingi tug‘ruqlarida yirik homila bo‘lgan (4500 g)lar, ko‘psuvlik aniqlangan holatlar, o‘lik homila tuqqanlar, nuqsonli homila tuqqanlar kiradi.
Qandli diabet aniqlangan homilador ayollar quyidagi tekshiruvlardan o‘tishi kerak bo‘ladi: umumiy qon tahlili, umumiy peshob tahlili, peshobda atsetonni aniqlash, bioximiyaviy tahlil, qon ivish vaqtini aniqlash, qonda glikirlangan gemoglabinni tekshirish, Reberg sinamasini o‘tkazish. Shuningdek, homila ultratovush, doplerometriya tekshiruvi, buyraklar ultratovush tekshiruvi, oyoqlar doplerometriya tekshiruvlari qilinishi lozim. Tor mutaxassislardan endokrinolog, okulist, terapevt, kardiolog, nefrolog, nevropatolog ko‘riklaridan o‘tkazish zarur.
Homiladorlikda qand miqdorining oshishi qon aylanish jarayoni o‘zgarishiga, qon ivish tizimi buzilishiga, qon tomirlar devorlarida o‘zgarishlarga, ko‘z to‘r pardasidagi o‘zgarishlarga, ko‘rish qobiliyatining buzilishiga, buyraklar funksiyasi buzilishiga, koma holatlariga va eng og‘ir asorat moddalar almashinuvi buzilishi natijasida diabetik ketoatsidozga olib keladi.
Oddiyroq qilib aytganda, homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi glyukoza (qand) miqdorining baland bo‘lishi homilaning nuqsonlar bilan rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon o‘tmaydi, glyukoza, keton tanachalari esa bemalol o‘tadi. Ona qonida qand miqdorining ko‘payishi homila qonida insulini miqdorining oshishiga, keyinchalik homilada gipoglikemiya (qand miqdorining kamayishi)ga olib kelishi mumkin. Bu esa homila nobud bo‘lishiga yoki chaqaloq gipoglikemiya bilan tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, bunday og‘ir oqibatlarning oldini olish uchun nima qilish kerak? Homilador ayoldan qanday me’yorlarga rioya qilish talab etiladi? Agar ayolda oldindan qandli diabet bo‘lsa, homilador bo‘lishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishi, zarur muolajalarni olishi va butun homiladorlik davrida nazoratda bo‘lib, o‘z sog‘lig‘ini tez-tez tekshirtirib turishi va shifokor tavsiyalariga to‘liq amal qilishi zarur. Qaysi shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turishi kerakligini yuqorida aytib o‘tgan edik. Homiladordagi o‘zgarishlarga qarab shifokor tavsiyalari ham o‘zgarib boradi. Parhez, jismoniy harakatlar tartibi ham o‘zgarishi mumkin. Ba’zida qand miqdorini bir kunda bir necha bor tekshirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, har bir trimestrda insulinga ehtiyoj turlicha bo‘ladi. Insulin dozasini endokrinolog tavsiya qiladi.
Shuningdek, davolash jarayonida diyeta muhim ahamiyat kasb qiladi. Qandli diabet aniqlangan homilador ayollar quyidagi mahsulotlarni doimiy iste’mol qilib borishlari lozim: kuniga 3-4 bo‘lak qora non, grechka, perlovka, 200 gramm yog‘siz tvorog, 30 gramm qattiq pishloq, 2 osh qoshiq smetana, 1 stakan qatiq, pomidor, baqlajan, bodring, ko‘katlar, qovoq, karam, moshxo‘rda, mastava, no‘xat sho‘rva, borsh, qiymali sho‘rva, yog‘siz go‘shtli, ko‘katli sho‘rva, dimlama, do‘lma, yog‘siz go‘shtliteftel, nordon olma, kivi, olcha, nashvati, behi, yog‘siz mol go‘shti, tovuq, kurka go‘shti, yog‘siz barcha turdagi baliqlar, quruq mevalardan kompotlar, choy, ayron. Haftada bir marta qabul qilish mumkin bo‘lgan mahsulotlar: makaron, 10-12 ta chuchvara, ko‘k somsa, 1 dona qovoqli somsa , 1 stakan sut, manti, yarim porsiya palov, xurmo, o‘rik, shaftoli, qulupnay, tarvuz, apelsin, mandarin, olxo‘ri, anor, 200 gr. gilos, 6-7 ta turshak.
Qandli diabet aniqlangan ayollarga quyidagi mahsulotlar mumkin emas:
pryaniklar, bulochkalar, quymoqlar, go‘shtli somsa, kartoshka, manniy qurpasi, muzqaymoq, qaymoq, pechenyelar, tortlar, pishiriqlar, banan, uzum, qovun, g‘oz, o‘rdak go‘shtlari, kolbasa, mayonez, anjir, gazli ichimliklar.
Qandli diabet aniqlangan ayollarga kun davomida 30-90 daqiqa davomida yurish tavsiya qilinadi. Ushbu tavsiyalarga amal qilinsa, o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlab, shunga yarasha zarur tadbirlar amalga oshirilsa, homiladorlik davri yengil kechadi.
Qandli diabetli ayollarda tug‘ruq jarayoni boshlanishi bilan insulinga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Shuning uchun soatiga qonda qand miqdorini nazorat qilib turish kerak. Qand miqdoriga qarab, tug‘ruq vaqtida ham muolajalar tavsiya etiladi. Bu muolajalar chaqaloqning sog‘lom tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Anglashiladiki, qandli diabetli homilador ayol birinchi navbatda taomnomasiga e’tibor qaratishi, tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tib turishi lozim. Shunda bexatar onalik va bolalik ta’minlanadi.
Bugun tibbiyot rivojlangan. Ko‘plab kasalliklarni asoratsiz davolash imkoniyati bor. Sog‘lom farzand ko‘rish istagidagi ayollar tavsiyalarimizga amal qiladilar degan umiddamiz.
Feruza RO‘ZMETOVA,
Xorazm viloyati perinatal markazi shifokori