Antibiotiklar virusli kasalliklarda aks ta’sir ko‘rsatadi(mi?)
Inson dardga chalinganida, xastalikdan tezroq sog‘ayib, oyoqqa turishni, og‘riqlardan zudlik bilan xalos bo‘lishni istaydi. Shunday vaziyatda aksariyat o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qo‘llab, tuzalish o‘rniga, aksincha, salomatligini butunlay yo‘qotganiga ko‘pchiligimiz guvohmiz.
Xo‘sh, antibakterial preparatlardan qaysi holatlarda foydalanishga ruxsat beriladi? Ularning qanday nojo‘ya ta’sirlari bor? Umuman, antibiotiklar haqida aholi nimalarni bilishi lozim?
Dunyoda antibiotiklarni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlar soni yiliga 700 ming kishini tashkil etadi. Ammo JSST bu raqamlar yanada oshib ketishidan jiddiy xavotirda.
Tashkilot xulosasiga ko‘ra, agar antibiotiklardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050 yilga borib uning asoratlari tufayli yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin. Xo‘sh, buning sababi nimada?
Tibbiyotda antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik degan atamalar bor. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo‘lsa, multichidamlilikda bemorga bu kabi hech bir dori ta’sir qilmay qoladi.
Masalan, so‘nggi yillarda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi ko‘plab bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lyapti.
Bunday vaziyatda bakteriya antibiotik haqidagi ma’lumotni gen darajasida eslab qoladi va o‘z «avlod»lariga meros qilib qoldiradi. Shundan so‘ng bakteriya shtammlari antibiotikni nofaol holatga o‘tkazuvchi fermentlar ishlab chiqaradi.
Shu tariqa hujayrada mazkur preparatlar buzishi kerak bo‘lgan metabolizm reaksiyalari o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi, hujayra qobig‘i orqali kiradigan antibiotik hujayrada to‘planishini kamaytiradi.
Natijada, ularning davolovchi ta’siri bir necha barobar pasayib ketadi yoki bakteriyaga qarshi hech qanday samara bermay qo‘yadi. Oqibatda muolajaga «chap beradigan» infeksiya tufayli bemor nobud bo‘ladi.
Muhabbat IBRAGIMOVA,
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi
boshqarma boshlig‘i