Uyqusizlikdan qutulish yo‘li oson
Olimlar xulosasiga ko‘ra, odam sutka davomida besh soatdan kam uxlasa, unda surunkali kasalliklar rivojlanish xavfi 20 foizga oshadi. Uyqusizlik asoratlari, ayniqsa, o‘rta va keksa yoshli insonlar salomatligiga ko‘proq xavf soladi.
Nosog‘lom turmush tarzi, xususan, asabiylashish, bezovtalik, uxlashdan avval me’yoridan ortiq ovqatlanish, yorug‘ muhit kabi omillar uyqusizlikka sabab bo‘ladi. Oqibatda:
– immunitet pasayib, inson turli kasalliklarga chalinishga moyil bo‘lib qoladi;
– foydali ish koeffitsenti kamayib, diqqatni jamlay olmaslik, xotira susayishi kuzatiladi;
– kam uxlagan inson yurak-qon tomir kasalliklariga chalinishi, bosh og‘rig‘i, depressiya, stressdan aziyat chekishi mumkin.
Odatda bir kecha-kunduzda qancha soat uxlash kerak?
– chaqaloqlar – 18-19 soat;
– bolalar – 11-12 soat;
– katta yoshlilar – 7-8 soat uxlashi me’yor hisoblanadi.
Jismoniy faollik, xususan, sport bilan muntazam shug‘ullanish uyqusizlikdan xalos bo‘lishda katta yordam beradi. Biroq bunday mashg‘ulotlarni uxlash oldidan bajarmaslik maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida tarkibida kofein bo‘lgan har qanday mahsulotni iste’mol qilish, uxlashdan avval esa qahva yoki achchiq choy ichish mutlaqo mumkin emas. Buning o‘rniga, yotishdan 5-10 daqiqa oldin tinchlantiruvchi mashqlar bajarish, sokin musiqa tinglash va iliq vanna qabul qilish uxlashga yordam beradi. Biroq shifokor ko‘rsatmasi bo‘lmasa, zinhor uxlatuvchi dorilarni qabul qilish kerak emas.
Eng muhimi, bir vaqtda uyquga yotib, bir vaqtda uyg‘onishga harakat qilish lozim.
Yoqutxon MAJIDOVA,
tibbiyot fanlari doktori, professor