Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar: nima mumkin emas?
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan «Bolaning sog‘lom ovqatlanish haftaligi» munosabati bilan vazirlik Matbuot xizmati go‘dakning sog‘lom ulg‘ayishida ona sutining ahamiyati, uning foydali jihatlari hamda bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning qo‘shimcha ovqatlanishi, qaysi ovqatlar berilishi va qaysilarini berib bo‘lmasligi, ovqatlantirish gigiyenasiga doir mutaxassislarning tavsiyalarini taqdim etdi. Quyida ushbu ma’lumotlar bilan tanishasiz.
Muhim va kerakli maslahatlar
Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning qo‘shimcha ovqatlanishi bo‘yicha tavsiyalardan ota-onalar uchun qator muhim va kerakli maslahatlar o‘rin olgan.
Xususan:
Chaqaloq olti oyga to‘lgach, shifokor tavsiyasi asosida unga ona sutidan tashqari bo‘tqa, sharbat va pyure ko‘rinishida qo‘shimcha ozuqalar berish mumkin. Sababi, tez rivojlanayotgan murg‘ak organizmning ehtiyojlari ona suti bilan to‘la qoplanmaydi.
Go‘dakni qo‘shimcha taom bilan ona sutidan oldin oziqlantirish kerak. Bolaga bunday yegulik ikki hafta davomida berilgach, uchinchi haftadan bir martalik qo‘krak bilan ovqatlantirish o‘rniga almashtiriladi. Ular tarkibi sabzavot bo‘tqalaridan tashkil topgan bo‘lishi lozim.
Dastavval, bo‘tqa oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi. Shuni yodda tutish lozimki, bu yoshdagi go‘dakka bir paytning o‘zida ikkita qo‘shimcha taom berilmaydi. Bola birinchi qo‘shimcha ozuqaga ko‘nikkach, ikkinchisiga o‘tish mumkin.
Kichkintoy 7 oylik bo‘lgach, unga ikkinchi qo‘shimcha taom – bo‘tqalar (mannali, grechkali) berilib, 2 hafta ichida ikkinchi galdagi ona suti u bilan almashtiriladi. Ushbu davrda qaynatilgan tuxum sarig‘ining yarmini haftasiga ikki marta, keyin kunora berish mumkin.
Bola 8 oyga to‘lganda taomnomaga uchinchi qo‘shimcha yegulik sifatida qatiq va tvorog kiritiladi. Dastlab, qatiq oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik esa kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi.
– 9-oydan boshlab non (pechenyelar), olma bo‘lakcha shaklida;
– 10-oylikdan boshlab go‘sht qiymasi frikadelkalar;
– 12-oylikdan – bug‘da pishgan kotletlar beriladi.
Bolaga choy berish maqsadga muvofiq emas. Uning o‘rniga meva sharbati, qaynatilgan suv ichiriladi.
Eng maqbul taom
Bolalarni sog‘lom ovqatlantirish – o‘ta muhim va nozik jarayon. Chunki ularning ichki a’zolari kattalarnikidan farqlanadi. Shu bois kundalik turmushimizda iste’mol qilinadigan barcha oziq-ovqatlarni kichkintoylar organizmi oson qabul qila olmaydi.
Boz ustiga, ba’zi taomlar jajji o‘g‘il-qizlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Shundan kelib chiqib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 6 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni to‘g‘ri ovqatlantirish bo‘yicha ota-onalarga zarur tavsiyalar berib keladi.
Ularning xulosasiga ko‘ra, olti oygacha bo‘lgan go‘daklar uchun eng yaxshi va maqbul taom – bu ona suti. Qo‘shimcha ovqatlarni esa ayni shu davrdan boshlab bolajonlar ratsioniga kiritish maqsadga muvofiq. Ular yog‘siz va yaxshilab ezilgan meva, go‘sht, sabzavot pyurelari, pishloq va yogurtlar bo‘lishi mumkin.
Ammo bu davrda quyidagi oziq-ovqatlar kichkintoylarga berilmasligi kerak:
– asal va asal qo‘shilgan mahsulotlar, shu jumladan, pishiriqlar (tarkibida botulizmni keltirib chiqaruvchi sporalar bo‘lishi mumkin);
– sigir suti (ichakda qon ketish ehtimolini yuzaga keltiradi, qolaversa, qiyin hazm bo‘ladi);
– ovqatdan zaharlanish xavfi bo‘lgan ovqatlar (xom yoki chala pishirilgan go‘sht);
– pishirish yoki qaynatish jarayonida sarig‘i qotmagan tuxum;
– pasterizatsiyalanmagan sut mahsulotlari;
– o‘rmon qo‘ziqorinlari;
– konfetlar, saqich, qattiq pechenye va qotirilgan non bo‘laklari;
– tarkibida kofein moddasi mavjud ichimliklar, shu jumladan choy (ularni ikki yoshgacha bermaslik zarur).
Qo‘shimcha ovqat qanday tayyorlanadi?
Bir yoshgacha bo‘lgan farzandingiz uchun qo‘shimcha yegulik hozirlayotganda uning qaynatilgan va bug‘da pishirilgan bo‘lishi, tuzsiz va shakarsiz tayyorlanishi, qirg‘ichdan o‘tkazilishi (ezilishi), eng muhimi, yangi mahsulotlar tanlanishiga alohida e’tibor bering.
Shuningdek:
– bolani ovqatlantirishda uning qo‘llari tozaligi;
– taom pishiriladigan qozon va idish tovoqlarning alohida bo‘lishi;
– kichkintoy ovqatlanadigan likopcha alohida yuvilib, quritilishi;
– yuvilgan idishlarning usti yopiq bo‘lishini nazorat qilishingiz kerak.
Qo‘shimcha ovqatni boshlashdan oldin pediatr bilan maslahatlashing. Mutaxassis sizga uni nimadan boshlashingizni, qancha miqdorda va go‘dakka necha marta berishingizni aniqlab beradi.
Qo‘shimcha ozuqalar kunlik taomnomaga kiritilgan paytda ko‘krak suti asosiy ovqat bo‘lib qoladi. Bolaning tishi chiqayotgan payti, profilaktik emlashlar o‘tkazgan kunlari, kunning issiq paytida bunday ovqatlarni go‘dakka berishni boshlash maqsadga muvofiq emas.
Qolaversa:
– yangi qo‘shimcha ovqat berish oralig‘i o‘rtacha 10-12 kun bo‘lishi lozim;
– har doim taomlantirish chog‘ida uning haroratiga e’tibor bering;
– go‘dakka beriladigan yegulik imkon boricha bir marta iste’mol uchun mo‘ljallanishi zarur;
– bir kun avval tayyorlangan ovqatni isitib berish mumkin emas;
– ertalab beriladigan taom kechqurun pishirilmaydi;
– qo‘shimcha taomni kunning birinchi yarmida bergan maqsadga muvofiq.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati