O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari: kimlar ko‘proq chalinadi?
Ushbu kasalliklarning kech bahor va yoz, kuz mavsumlarida ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin:
– Havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda insonlarning qaynatilmagan suvni ko‘p miqdorda ichishlari natijasida oshqozondagi xlorid kislotasining konsentratsiya pasayib ketishi va buning natijasida organizmning qarshilik kuchi (immunitet) pasayadi va kasalliklarga chalinishga zamin yaratadi;
– Yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilish;
– Ho‘l mevalar va qovun-tarvuzlarni yaxshi yuvmasdan iste’mol qilish;
– Ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘linganda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinmaganligi;
– Belgilanmagan ochiq suv havzalarida cho‘milgan paytlarda suv bilan mikroblarning organizmga tushishi;
– 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlash jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari hamda saqlash sharoitlariga rioya qilmaslik;
– Kasallikni tashuvchi pashshalarning ko‘payishi.
O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalingan bemorlarda umumiy holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq bo‘lishi, ishtaxasizlik, ich ketishi va uning natijasida bemor tanada suvsizlanish paydo bo‘lishi, natijada hayotiy zarur organlarning funksional o‘zgarishlari kuzatilishi mumkin.
Agarda umumiy xolsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilishlari zarur bo‘ladi. Aks holda o‘z bilganicha, noto‘g‘ri muolaja qilish, antibiotiklardan o‘rinsiz foydalanish yoki o‘z vaqtida davo-choralari ko‘rilmasligi oqibatida og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotiga qaraganda salomatlikni asrash 10-15 foiz tibbiyot xodimlarining xizmati, 65-70 foiz holatlarda esa, kundalik sog‘lom turmush tarzimizga bog‘liq. Shuning uchun, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklaridan saqlanishda quyidagilarga amal qilish kerak:
– Suvni qaynatilgan holda ichish;
– Birinchi galda ozodalikka rioya qilish, ayniqsa, qo‘llarni ovqatdan oldin sovunlab yuvish zarur. Umuman ishda, jamoat joylarda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish kerak;
– Bozorlardan ho‘l mevalarni xarid qilayotganingizda ta’mini tatib ko‘rmaslik, aksincha mevalarni yaxshilab yuvib iste’mol qilish;
– Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlar hamda har xil turdagi salatlarni iste’mol qilmaslik;
– Ochiq suv havzalarida cho‘milganda suvning tozaligiga va cho‘milish jarayonida suv yutmaslikka e’tibor berish kerak;
– Sovutgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilinishi va tez-tez yangilab turilishiga e’tibor berish;
– Qovun-torvuzlarni kesishdan oldin oqar suvda tozalab yuvish;
– Ho‘l mevalar hamda poliz mahsulotlarini iste’mol qilinganidan so‘ng qaynatilmagan suvni ichish yoki ovqatlanish tartibiga rioya etmasdan yog‘li ovqatlar bilan birga iste’mol qilmaslik kerak;
– Kundalik turmush tarzini to‘g‘ri rejalashtirish, jismonan faol bo‘lish. Jismoniy harakat insonning himoya kuchi (immunitet) ortishiga sabab bo‘ladi;
– Atrof-muhitni, yashash xonalarni va aholi umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta’minlash;
– Pashshalar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Ko‘p yillik kuzatishlar natijalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ular orasidan 1 yoshgacha bo‘lganlari yuqumli ichak kasalliklari bilan kasallanishning asosiy qismini tashkil etmoqda. Bu esa shundan dalolat beradiki, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni oziqlantirishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, qo‘shimcha ovqatlarni ko‘p miqdorda tayyorlash va uzoq muddat turib qolishi, saqlash sharoitlariga e’tibor bermaslik sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, bolalarni oziqlantirayotganda onalarning to‘g‘ri parvarishi alohida o‘rin tutadi. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘krak suti bilan boqilishi, 6 oydan keyin beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, ovqatlarni tayyorlashda bir martalik rejimiga rioya etilishi va shu maqsadda ishlatiladigan polietilen va shisha idishlar tozalab yuvilishi hamda qaynatilishini ta’minlashlari zarur.
Nargiza NURULLAYEVA,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi vrach epidemiologi