Vatan posbonlariga havas
Vatan himoyachilari kuni oldidan joylarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy qismlarida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar” kunida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi
322-umumta’lim maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida Vatanimiz mudofaa qudratini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarga zarur sharoitlar yaratilishi borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
40 nafar maktab o‘quvchisiga muddatli harbiy xizmatchilar, serjant va ofitserlar harbiy nazariy va amaliy tushunchalar berishdi.
Ushbu tadbirda o‘quvchilar Ona Vatanimizni himoya qilish, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash har bir yigit uchun yuksak sharaf ekanini, mazkur harbiy qismda ana shunday mard va jasur, o‘ktam yigitlar harbiylik sabog‘ini olib, davlatimiz, xalqimizga xizmat qilishga bel bog‘lab turganiga havas bilan qarashdi.
G‘ayrat ASHUROV