Gepatit S kasalligidan to‘liq sog‘ayishning imkoni bor
Gepatit S – bu jigarning yallig‘lanish bilan kechuvchi gepatit S virusi chaqiradigan yuqumli kasallikdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga asosan dunyoda 58 mln. nafar inson surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan bo‘lib, shundan 3.2 mln. nafarini bolalar va o‘smirlar tashkil etadi. Jahonda har yili 1.5 mln. yangi kasallanish holatlari qayd qilinadi.
O‘tkir virusli gepatit S bilan kasallangan bemorlarning 30 foizi 6 oy ichida to‘liq sog‘ayadi. Ammo qolgan 70 foiz bemorlarda kasallik surunkali shaklga o‘tadi. Surunkali virusli gepatit S bilan kasallangan bemorlarning 15-30 foizida 20 yil ichida jigar sirrozi rivojlanadi.
Bugungi kunda bu kasallikdan to‘liq sog‘ayishning imkoni bor. Hatto, in’yeksiya ham olmasdan virusga qarshi tabletkani shifokor ko‘rsatmasiga asosan 12 hafta davomida to‘g‘ri qabul qilish bilan kasallikdan tuzalish mumkin. JSSTning ma’lumotiga asosan gepatit S virusiga qarshi dori ichgan insonlarning 95 foizdan ortig‘i kasallikdan to‘liq sog‘ayadi.
Dori vositalarini qabul qilish tartibi va qoidalariga to‘la rioya qilgan holda yuqori samaraga erishish mumkin. Bemorda qo‘shimcha hamroh kasalliklar ya’ni qandli diabet yoki onkologik kasallik bo‘lganda ham gepatit S virusiga qarshi dorilarni qabul qilishi mumkin. Faqat davolanish infeksionist tavsiyasi va nazorati ostida amalga oshirilishi kerak.
Bepul dorilarni qayerdan olsa bo‘ladi?
2022 yil 16 maydagi «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarori asosida har yili gepatit V va S virusiga qarshi 1 mln. aholi skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar natijasida gepatit S virusi aniqlangan bemorlarga davlatimiz tomonidan bepul virusga qarshi dorilar beriladi.
O‘tgan yilda 10 mingdan ortiq bemorlarga gepatit S virusiga qarshi dorilar bepul berildi. 2023 yil uchun ham markazlashgan holda xarid qilingan gepatit S virusiga qarshi dorilar respublikamizning barcha hududlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yuboriladi. Gepatit S virusi bilan nazoratga olingan bemorlar yashash hududidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasidan dorilarni bepul olishlari mumkin bo‘ladi.
JSST tomonidan virusli gepatitlarning V va S turlarini eliminatsiya qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga binoan 2030 yilga qadar skrining darajasini 90 foizga, davolash bilan qamrab olish ishlarini 90 foizga, yangi kasallanish holatlari qayd qilinishini 90 foiz hamda o‘lim holati ko‘rsatkichlarini 65 foizga kamaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Umid ISMOILOV,
tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor