Teri oqarishi va uyquchanlik kamqonlik belgisimi?
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalar kamqonlik xastaligiga chalingan. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlar orasida ko‘p uchraydi.
Buni bir necha omillar bilan izohlash mumkin. Ya’ni kundalik iste’mol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi ko‘plab xastaliklar qatori kamqonlikni keltirib chiqaradi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tug‘ilgan bolalarda ham bu xastalik ko‘p kuzatiladi.
Bu dard bilan og‘rigan bolalar turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo‘rtlashadi.
Til yallig‘lanib, og‘iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo‘ladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og‘rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha bo‘lgan va og‘ir kamqonlikka chalingan go‘daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.
Bundan tashqari, asabiylik, bo‘r yoki kesak yeyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Xastalikning og‘ir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish kuzatilishi mumkin.
Kasallikka tashxis qo‘yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.
Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bemor bola ko‘proq toza havoda sayr qilishi, o‘rtacha jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg‘onishi lozim.
Anemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil go‘sht, loviya, no‘xat, qorabug‘doy unidan tayyorlangan non, qo‘ziqorin, quritilgan mevalar va ko‘katlar bo‘lishi kerak.
S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulg‘or qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga so‘rilmaydi.
Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.
Aziza MAHMUDOVA,
tibbiyot fanlari doktori