Armiyamiz – tinchlik va taraqqiyotimiz posboni

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 20 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlarni harbiy xizmatga saralash jarayoni boshlandi. Harbiy xizmatga otlangan yigitlar tibbiy ko‘rik va sinovlardan o‘tmoqda.

Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish – sharafli ish. Askarlik – barkamollik belgisi. Bunday baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Faqat jismoniy mashqlarda chiniqqan, ma’naviy va intellektual jihatdan kamolga yetgan yigitlargina harbiy forma kiya oladi.

Sobiq tuzum davrida yurtimiz o‘g‘lonlari o‘z tuprog‘i qolib, uzoq o‘lkalarda xizmat qilar edi. Bu turli millatga mansub yigitlarni jipslashtiradi, deb olamga jar solinsa-da, aslida hayotda mutlaqo aksi edi. Masalan, Markaziy Osiyodan borgan askarlar asosan qurilish batalonlariga, og‘ir ishlarga jalb etilar, ularga bepisand nazar bilan, “ikkinchi sort odamlar” sifatida qaralar edi.

Harbiy xizmatdagi nosog‘lom muhit oqibatida qancha yigitlar juvonmarg ketgani yoki uyiga mayib-majruh bo‘lib qaytganini ko‘pchilik iztirob bilan eslaydi. Birgina 1989 yilning o‘zida, tinchlik davrida, 430 nafar o‘zbekistonlik askarning nobud bo‘lgani buning dalilidir. O‘sha paytlarda ota-onalar farzandlarini armiyadan olib qolishga harakat qilgani, jo‘natsa ham, yig‘i-sig‘i, xavotir bilan kuzatgani bejiz emas.

Mustaqillik sharofati bilan xalqimiz tinchlik-xotirjamlikka, ro‘shnolikka erishdi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy armiyamiz tashkil etilib, g‘am-anduhlar, hadik va xavotirlar aridi. Endi O‘zbekiston o‘g‘lonlari o‘z yurtida, o‘z yurtiga, o‘z xalqiga, o‘z Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz sarhadlari va xalqimiz osoyishtaligi himoyasida sobit. Harbiy qism va bo‘linmalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit, yuksak madaniyat qaror topgan. Milliy armiyamiz safida xizmat qilayotgan yigitlar jismonan sog‘lom va baquvvat, yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lib yetishmoqda. Shu bois yoshlarimiz orasida armiyada xizmat qilishga qiziqish va intilish tobora kuchayib borayotir.

Davlatimiz mustaqillikning ilk yillaridan tinchlikparvar siyosat yuritib kelayotir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlar mamlakatimizda barqarorlikni ta’minlashning, fuqarolar va millatlararo ahillik, hamjihatlikning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yana o‘qing:  Shifoxonadagi “qorbobo”

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qonunda davlatimiz tashqi siyosatining asoslari, strategik ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro maydondagi maqsad va vazifalari bilan birga milliy xavfsizlikni ta’minlash, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash prinsiplari ham o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatimiz tashqi siyosati milliy manfaatlarning ustuvorligi, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish, bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillariga asoslanadi.

Konsepsiyada alohida ta’kidlanganidek, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini shakllantirishdan ko‘zlangan birdan-bir maqsad – davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinchligi va xavfsizligini mudofaa qilishdan iborat.

O‘zbekiston tinchliksevar siyosat yuritadi va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda, ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

O‘zbekiston o‘zining qo‘shni davlatlardagi qurolli mojarolarga va qarama-qarshiliklarga tortilishining oldini olish uchun tegishli chora-tadbirlarni ko‘radi. O‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’yektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Sir emaski, bugungi kunda yirik davlatlar o‘rtasida geosiyosiy raqobat tobora kuchayib bormoqda. Turli harbiy-siyosiy birlashmalar tuzilib, boshqalarni ta’qib ostiga olishga urinishlar sezilmoqda.

O‘zbekiston askari davlatimiz chegarasidan bir qadam ham tashqariga chiqmaydi. Faqat o‘z Vatani, o‘z xalqi tinchligi va daxlsizligini himoya qiladi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda qo‘lga kiritilgan yutuq va marralarning asosi, eng katta boyligimiz – yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikdir. Bu boylikni asrab-avaylash, mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.

Shu bois jamoatchiligimiz harbiylarni tinchlik-osoyishtalik posbonlari sifatida e’zozlaydi. 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini butun xalqimiz bayram qiladi.

Vatan faqat jang maydonida himoya qilinmaydi. O‘z ishini fidoyilik bilan bajarib, mamlakatimiz ravnaqiga faol hissa qo‘shish, doimo hushyor va ogoh bo‘lib, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash ham elu yurtni mudofaa qilishdir.

Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik ta’minlanib, barcha sohalarda ulkan yuksalishga erishilayotgan ekan, bu butun xalqimizning yutug‘idir. Bu bizni yagona maqsadga – yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni qadrlab, xalqimiz tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirishga undaydi.

Anvar SAMADOV,

Yana o‘qing:  Oqliq – mustahkam sog‘liq demakdir

O‘zA sharhlovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: