Quloqda shovqin eshitilsa…

Inson hayoti davomida bir marta bo‘lsa ham «Qulog‘imda shovqin eshityapman, nega bunday bo‘lyapti?» degan savolga duch keladi. Avvalo, bu o‘ta noyob hodisa yoki kasallik emas, ko‘pincha tanamizdagi biron a’zoning kasallanishiga aloqador bo‘ladi.

Quloqdagi shovqin ilmiy tilda «tinnitus» deb ataladi. Bunga shang‘illash, g‘uvillash, shitirlash, vizillashlar ham kiradi. Bu holat tinch, ortiqcha shovqinlar yo‘q payt­da kuzatiladi. Ko‘pincha quloqdagi shovqin eshitish qobiliyatining pasayishi alomati hisoblanadi.
Agar shovqinga og‘riq va quloq qizarishi qo‘shilgan bo‘lsa hamda shovqin juda ichkaridan kelayotganini sezsangiz, bu oltingugurt tiqilmasi sabablidir. Ba’zan shovqin sababchisi quloq pardasining qattiq tovush yoki qattiq kavlab tozalash natijasida shikastlangani yoki yallig‘langani bo‘lishi ham mumkin. Shang‘illash va g‘ala-g‘ovur ovozlar baland musiqa tinglashni yoqtiruvchi va o‘ta shovqinli sharoitda ishlovchilarda kuzatiladi.

Quloq shang‘illashini keltirib chiqaruvchi kasalliklar ham bor.

  1. Migren (vaqti-vaqti bilan tutadigan qattiq bosh og‘rig‘i) – odatda boshning chap yoki o‘ng tomoni qattiq og‘rib, o‘sha tomon quloqda g‘alati tovushlar eshitiladi.
  2. Yurak-tomir kasalliklarida quloq tizimidagi shovqin yurak yurishi kabi dukillash tovushida bo‘ladi.
  3. Bo‘yin osteoxondrozida ham quloqda dukillash eshitiladi.
  4. Kamdan-kam holatlarda bu shovqinlar nevrinoma (eshitish nervida o‘sma) kasalligi alomati bo‘lishi mumkin.
    Sababini aniqlash uchun birinchi navbatda LOR shifokorga murojaat qiling. U eshitish yo‘lini tekshirib, tiqilma yo boshqa biron narsa bor-yo‘qligini aniqlaydi. Bundan tashqari, audiometriya (eshitishning sezuvchanlik darajasi) kabi qo‘shimcha tekshiruvlar ham o‘tkaziladi. Agar quloqdagi shovqin boshqa sabablar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, shifokor sizni shu yo‘nalishdagi mutaxassis – kardiolog yoki nevropatolog huzuriga yuboradi.
    Agar qulog‘ingizdagi shovqinlar tez-tez paydo bo‘layotgan bo‘lsa-yu o‘z vaqtida tekshirtirib davolamasangiz, quyidagi asoratlar yuzaga keladi:
    • tiniqib uxlashga halal beradi;
    • ishdan chalg‘itib, faolligingizni susaytiradi;
    • xavotir va stressni keltirib chiqaradi;
    • ba’zan depressiyaga ham olib keladi.

    Bu quloq saratoni kabi og‘ir kasallik bo‘lishi mumkin. Shu sabab eshitish va quloq bilan bog‘liq noxushliklarni sezishingiz bilan shifokorga murojaat qilishingiz lozim. Muolaja o‘tkazishdan bosh tortish natijasida miyaning eshitishga javob beruvchi qismi shikastlanishi va eshitish qobiliyati butunlay yo‘qolishi mumkin.
    Quloqda hech qanday sababsiz shovqin paydo bo‘lib, kuchayib borsa, uxlashingiz va diqqatingizni jamlashingizga xalaqit berayotgan bo‘lsa, shovqin bilan birga doimiy bosh og‘rig‘i, yurak sohasida sanchiq va og‘riqlar kuzatilsa, eshitish qobiliyati susaysa, bosh aylanib, ko‘z oldi qorong‘ilashsa yoki ko‘ngil aynishi paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilishingiz shart.

Durdona MUROTALIYEVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: