Bahora – kumush medal sovrindori
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida yosh shaxmatchimiz Bahora Abdusattorova kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda bolalar sportini jadal rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalash va o‘zbek sportining jahondagi nufuzini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, shaxmat kabi yuksak intellektual salohiyat va o‘tkir aql-zakovat talab etadigan sport turida muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.
Dunyoning 120 mamlakatidan eng iqtidorli shaxmatchilar ishtirokida o‘tkazilgan nufuzli musobaqaning o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan qizlar bahsida ishtirok etgan B.Abdusattorova latviyalik Darya Litvyakova, isroillik Michal Lahav, irlandiyalik Diana Mirza, kanadalik Kiyu Jou, ozarbayjonlik Narmin Mammadova, rossiyalik Anna Vasenina hamda jamoadoshlari Nilufar Yoqubboyeva va Gulruhbegim Tohirjonova ustidan g‘alaba qozonib, xitoylik Lan Yao va ozarbayjonlik Gunay Mammadzoda bilan durang o‘ynadi. Musobaqa davomida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan gretsiyalik Stavroula Solakidou bilan bir xil – to‘qqiz ochko jamg‘argan hamyurtimiz qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri