Antibiotiklarni sut, choy, qahva va sharbatlar bilan ichsa bo‘ladimi?

Dardga chalinganimizda, tezroq sog‘ayib, oyoqqa turishni xohlaymiz. Og‘riqlardan ham qancha erta xalos bo‘lsak, shuncha yaxshi. Ammo buning eng to‘g‘ri yechimi – antibiotiklar emas! Ayniqsa, o‘zboshimchalik bilan bunday preparatlarni qo‘llab sog‘aymoqchi bo‘lganlar qattiq yanglishadi!

Xo‘sh, antibakterial preparatlarning qanday nojo‘ya ta’sirlari bor? Ulardan foydalanishda nimalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim?


Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi bo‘lim boshlig‘i Elvira Svechnikova bu boradagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Antibiotiklarni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida dunyoda yiliga 700 ming kishi hayotdan ko‘z yumishi qayd etilgan, – deydi mutaxassis. – Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, agar antibakterial vositalardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.
Shu bois, bunday preparatlarni faqat shifokor ko‘rsatmasiga binoan qo‘llash shart. Qolaversa, vrach qabuliga kelib, «Tezroq tuzalsam bo‘lgani, menga antibiotik yozib bering» deb iltimos qilgan bemorlarni ko‘rganmiz.
Bu ham noto‘g‘ri qaror. Chunki siz talab qilganingiz uchun ayrim shifokorlar maxsus ko‘rsatmalarsiz mikroblarga qarshi vositalarni ham buyurishi ehtimoli yo‘q emas.

Qolaversa, kuz-qish mavsumida o‘tkir respirator virusli kasalliklar ko‘payishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda ayrim ota-onalar o‘zi, yaqinlari, ayniqsa, farzandlari betob bo‘lib qolsa, isitmasi chiqsa, darrov antibiotiklar bilan davolashga urinadi.

Birinchidan, bunday dorilar virus emas, bakteriyalarga qarshi qo‘llanilishini unutmaslik lozim. Shu bilan birga, bu juda og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ichak disbakteriozini keltirib chiqaradi. Ba’zilari esa jigarga jiddiy ziyon yetkazadi.
Bundan tashqari, ushbu vositalarni noo‘rin qo‘llash oqibatida anafilaktik shok, ya’ni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaksiya yuzaga kelishi xavfi bor. Shu sababli ota-onalarga shifokor tavsiyasisiz farzandlariga antibiotik bermaslikni doimo uqtirib kelamiz.

Shuningdek, dorixonaga kirib, biror preparatni xarid qilayotganingizda, farmatsevt tomonidan uning muqobili sifatida boshqa dori tavsiya qilinsa, albatta, shifokor bilan maslahatlashishingiz zarur. Yoki belgilangan dozaga qat’iy amal qilish uchun mutaxassisdan tarkibi va faol moddasi bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirishingiz talab etiladi.
Agar, xastaligingiz antibiotiklarni talab etsa, davolash samarali bo‘lishi uchun, avvalo, bunday dorilarga sezuvchanlikni aniqlash maqsadida bakterial sinama topshirish kerak. Ushbu tahlil natijalari shifokorga zarur preparatni tanlashga yordam beradi.

Belgilangan dozaning to‘g‘ri qabul qilinishiga ham har doim etiborli bo‘lish shart! Chunki uning me’yordan ko‘pi salomatlikka ziyon yetkazsa, kam dozasi patogen bakteriyalarga ta’sir qilmasligi mumkin.
So‘nggi yillarda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda ularning davolovchi ta’siri bir necha barobar pasayib ketadi yoki bakteriyaga qarshi hech qanday samara bermay qo‘yadi. Oqibatda muolajaga «chap beradigan» infeksiyalar tufayli bemor nobud bo‘lishi mumkin.
Zamonaviy tibbiyot, avvalo, imkon qadar antibiotiklardan foydalanmaslik tarafdori. Eng zarur hollarda esa preparatni qo‘llashda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish shart.

Yana o‘qing:  Ortiqcha semizlik muammosi

Xo‘sh, ular nimalardan iborat?
Preparatning qondagi konsentratsiyasini bir me’yorda ushlab, antibiotikni aniq vaqtda qabul qilish kerak. Misol uchun, agar dorini kuniga bir marta ichish buyurilgan bo‘lsa, keyingi dozani 24 soat o‘tgach, qabul qilish zarur. Agar kuniga 2 mahal bo‘lsa, u har 12 soatdan keyin ichiladi.
Antibiotikdan foydalangach, bemor ahvoli yaxshilansa, muolajani to‘xtatib qo‘ymaslik kerak. Chunki bu holat sog‘ayganlikni bildirmaydi. Ehtimol infeksiya zaiflashgan, ammo butunlay yo‘qolmagan bo‘lishi mumkin.
Tabletka shaklidagi preparatlar suv bilan ichiladi. Bu jarayonda sut va sut mahsulotlari, choy, qahva, sharbatlardan foydalanish taqiqlanadi. Infeksiyaning tanadan tezda chiqib ketishi uchun esa ko‘p miqdorda suv ichish lozim.

Agar antibiotik qabul qilingach, to‘rt kun ichida bemor ahvoli yaxshilanmasa, shifokor bilan maslahatlashish zarur. Bu holatda mutaxassis dozani o‘zgartirishi yoki boshqa dori preparatini buyurishi mumkin.
Bemorlar avvallari qanday dori vositalaridan qancha dozada va qanday kasalliklarni davolashda foydalanganini, agar nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgan bo‘lsa, bu bo‘yicha qayd­larni yozib borishlari maqsadga muvofiq. Yaroqlilik muddati o‘tgan dorilarni aslo qo‘llab bo‘lmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: