Ona suti – ne’matlarning a’losi

Emizikli onalarga tavsiyalar

Har bir yigit-qiz oila qurar ekan ularni nuroniy otaxon va onaxonlar “o‘zidan ko‘paysin”, deya duo qilishadi. Pok niyatlar ijobati ila vaqti-soati yetib qutlug‘ xonadonda chaqaloq “inga” si eshitiladi.

Ha, farzandlarimiz umrimiz davomchilari va hayotimiz shamchirog‘i. Har bir farzand ota-ona bag‘rida bekamu ko‘st va sog‘lom o‘ssin, deya tilak bildiramiz. Zero, muqaddas hadislarda ham onalar ulug‘lanib “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, deyilgan. Chunki onalar farzandni dunyoga keltirish va uni emizib boqishda ko‘p mashaqqat chekishadi.

Shuningdek, bolajon xalqimiz go‘daklarni suyib “Bola-poshsho” deya e’zozlaydi. Quyida Sog‘lom bola yili munosabati bilan go‘dak uchun ona sutining ahamiyati xususida ayrim ma’lumotlarni berishni joiz deb bildik.

Jajji farzandni emizib boqish ona va bola o‘rtasida mehr rishtalarini bog‘laydi. Ko‘krak suti bolalar uchun eng yaxshi ozuqa hisoblanadi. Sigir suti va hatto echki suti, shuningdek, bolalarning sun’iy sutli ozuqalari, quruq sut, choy, shirin suyuqlik, suv, sut mahsulotlari tarkibiga ko‘ra hech qachon ko‘krak sutining o‘rnini bosolmaydi. Ona suti chaqaloq hayotining dastlabki olti oyi mobaynida juda ham muhim ozuqa hisoblanadi. Go‘dak bu davrda ko‘krak sutidan boshqa ozuqa va suvga o‘zida ehtiyoj sezmaydi. Onaning tabiat tomonidan tuhfa etilgan bu mo‘jizaviy ne’mati mittivoy vujudida yengil hazm bo‘ladi. Uning sog‘lom rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Yana uni turli yuqumli kasalliklardan asraydi. Bir so‘z bilan aytganda ona suti, ayniqsa, og‘iz suti go‘dakka ilk emlashday ta’sir etadi.

Shuningdek, jaziramada va quruq havoda ham ona suti chaqaloqning suyuqlikka bo‘lgan talabini qondiradi hamda uni chanqatmaydi. Jajjigina vujud onasining bag‘rida yayraydi va o‘zini himoyalanganday sezadi. Go‘dakka olti oylik bo‘lgunicha ko‘krak sutidan boshqa suyuqliklar berish uning me’da-ichak tizimiga salbiy ta’sir etadi va diareya (ichketar) ni keltirib chiqaradi.

Ozuqaviy qiymati ona sutiga yaqinlashtirilgan quruq sutli aralashmalar juda qimmat. Bir quti shunday aralashma bir necha kunga yetmaydi. Uni yil davomida sotib olishga ancha mablag‘ ketadi.

Shu sababli va onaning turli kasalliklari tufayli emizishga mon’yelik bo‘lmasa yoxud ba’zi yosh onalarning “qomatim buziladi”, degan xavotirlarining oldini olish maqsadida shifokor-mutaxassis albatta ko‘krak sutining afzalliklari xususida ayollarga tushuntirishi shart va zarur.

Yana o‘qing:  UYINGIZDA GO‘DAK TUG‘ILDI (davomi)

Chaqaloq tug‘ilgan zahotiyoq uni onasining qorniga yotqizish kerak. Go‘dakni barvaqt emizish uning sarg‘ish rangli quyuq og‘iz sutidan bahramand bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Og‘iz suti tarkibida go‘dakni turli yuqumli infeksiyalardan asrovchi antitanachalar juda mo‘l bo‘ladi. Shuningdek, mittivoy qancha tez onasini ema boshlasa, unda ko‘krak suti ko‘payadi va bachadon qisqarishi ham tezlashadi. Tug‘ruqdan so‘ng onaning bachadoni qancha tez qisqarsa unga infeksiya tushish xavfi kamayadi hamda kuchli qon ketishining oldi olinadi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq onasining bag‘rida imkon qadar ko‘proq bo‘lishi kerak. Ona farzandi bilan bitta xonada bo‘lishi zarur. Chunki, bolani erkin emizish shart, ya’ni, go‘dak qachon xohlasada shunda emishi darkor. Chaqaloqni tez-tez emizish ona sutini ko‘payishiga yordam beradi. Onaning ruhiy holati go‘dakka ham ta’sir etadi. Emizikli onalar behudaga asabiylashavermasdan xotirjam bo‘lishga harakat qilishlari lozim. Behalovatlik ko‘krak sutining kamayib ketishiga sabab bo‘ladi. Darvoqe, to‘yib uxlamaslik va oqilona hamda sifatli, to‘yimli ovqatlanmaslik ham ona salomatligiga salbiy ta’sir etadi.

Yosh go‘dagi bor onalar achchiq va sho‘r, marinadlangan tuzlamalar hamda ziravorlar (murch), lavr yaprog‘i, sarimsoqpiyoz, xom piyoz, dudlangan oziq-ovqat mahsulotlari, kofe, gazli ichimliklar, turli sun’iy bo‘yoqlar solingan (“Koka-kola”, “Fanta” va shu kabi) suyuqliklar va yel hosil qiluvchi mosh, loviya, no‘xat, o‘rik, turshak kabi mahsulotlarni iste’mol qilish hamda bodring, qovun, tarvuz, uzum yeyishdan, sovuq suv ichishdan tiyilishlari zarur. Chunki, foydali va zararli barcha moddalar chaqaloq vujudiga ona suti orqali so‘riladi. Yel hosil qiluvchi mahsulotlar go‘dakning ichini dam qiladi va ichaklarda og‘riq paydo bo‘ladi. Shunday payti chaqaloqning qorni tarang bo‘lib, u oyoqlarini qorniga yig‘ib, chinqirib yig‘laydi. Ona arpabodiyon damlab ichsa (bir choynakka bir osh qoshiq arpabodiyon urug‘i solinadi) ham ko‘krak sutini ko‘paytiradi, ham chaqaloqning qorni dam bo‘lmaydi. Sedana ham ona sutini ko‘paytiradi.

Emizikli ayollar qaynab sovutilgan suv yoki xona haroratidagi buloq suvini ichishi zarur. Qaynatilmagan sovuq suv ham chaqaloqning qornida og‘riq qo‘zg‘atadi.

Ko‘krak suti ko‘payishi uchun emizikli go‘dagi bor ayollar issiq, sariyog‘ solingan sut, qaynatma sho‘rva va suyuq ovqatlarni ko‘p iste’mol qilishlari kerak. Yana tug‘ruqdan keyingi chilla davrida ona va bolaning salomatligini asrash juda muhim. Chunki, bu davrda ularning immuniteti past va aurasi ( biomaydoni) zaif bo‘ladi. Oila a’zolari va xonadondagi yoshi kattalar yangi bo‘shangan ona hamda uning chaqalog‘ini turli infeksiyalar yuqishi (gripp, O‘RVI-o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), stress (ruhiy zo‘riqish), toliqishdan asrashlari zarur. Ona to‘yib uxlasa va tiniqib dam olsa hamda sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilsa farzandini parvarish qilish uchun o‘zida kuch topaoladi.

Yana o‘qing:  Imperator vorisiga tahdid solgan xastalik

Chilla yara (diatez) nasl suradi. Ayrim chaqaloqlarda shu konstitutsion anomaliyaga irsiy moyillik bo‘lsa, onalar go‘dagi ma’lum yosh (ba’zi holatlarda besh yoshgacha)ga yetguncha parhezga qat’iy amal qilishlari shart. Yana go‘dagini emizib boqayotgan onalarga ot va echki go‘shtlarini iste’mol qilish man etiladi. Chunki, bu go‘shtlar issiq mijozli hisoblangani bois surunkali kasalliklar va bodni qo‘zg‘aydi. Diatezi mavjud chaqaloqlarning onasiga tuxum va allergen mahsulotlar, qizil rangli meva-sabzavotlar, asal yeyish ham mumkin emas. Chunki, har qanday allergen mahsulotlar teri qichishiga sabab bo‘ladi va chilla yara go‘dakni bezovta qiladi. Uning uyqusi buzilib, asabiylashadi hamda rivojlanishi susayadi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki ona suti tarkibida bolaning aqliy qobiliyatini o‘stiruvchi touring moddasi bor. Emizikli onalar mayiz, tvorog, qatiq, qaymoq, baliq, go‘sht mahsulotlari, meva-sabzavotlar (sabzi ham sutni ko‘paytiradi) iste’mol qilishlari zarur. Ammo nomlari yuqorida qayd etilgan mahsulotlarni ona tanovvul qilsa, ya’ni bodring, qovun, tarvuz, uzum chaqaloqning ichi buzilishi (diareya)ga sabab bo‘ladi.

Ona go‘dagini emizayotganda tanasini to‘g‘ri tutishi zarur. Chaqaloq onasi bag‘rida o‘zini erkin tutadi va kayfiyati ham yaxshi bo‘ladi. Agar chaqaloqni noto‘g‘ri emizsa onaning ko‘kragida og‘riq paydo bo‘ladi. Keyinchalik bu ko‘krak so‘rg‘ichida yoriq paydo bo‘lib, ushbu sohaga infeksiya tushishi natijasida mastit sut bezi yallig‘lanishi rivojlanishi mumkin. Bu xastalik rivojlanmasligi uchun ona shaxsiy gigiyenaga katta e’tibor berishi shart. Hamisha qo‘llarini sovunlab yuvib, tirnoqlarini kalta olishi hamda qo‘l terisiga oziqlantiruvchi krem surtishi lozim. Har safar go‘dagini emizganidan so‘ng ona ko‘kragini iliq suv bilan yuvishi darkor. So‘ngra tabiiy tolali paxmoq sochiq bilan uni yengil bosib-bosib artadi va sut beziga sterillangan o‘simlik yog‘ini surtadi. Bu esa ko‘krak so‘rg‘ichini yorilishdan va so‘rg‘ich atrofidagi jigarrang yupqa terini shikastlanishdan asraydi. Chaqaloq parvarishi bilan band bo‘lgan onalarga kashandalar bilan hatto bir xonada o‘tirish mumkin emas. Sababi yopiq xonada tamaki tutunini hidlab o‘tirgan ayol ham passiv chekuvchilar qatoriga kiradi. Tamaki tutunining chaqaloq miyasiga qay darajada salbiy ta’sir etishi ko‘pchilikka ma’lum. Endi spirtli ichimliklar haqida aytmasa ham bo‘laveradi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: