Buqoq nasldan naslga o‘tadimi?
Buqoq kasalligi nasl suradi. Jumladan, buqoqning tugunli, autoimmun tireoidit va yoyma zahar turi ota-onadan bolaga ham o‘tishi mumkin. Biroq salomatlikka e’tiborli bo‘linsa, shifokor ko‘rigidan tez-tez o‘tib turilsa, xastalikning bolaga o‘tish xavfi kamayadi.
Buqoq kasalligi bolalarda ham ko‘p kuzatiladi. Ayniqsa, yurtimizda bolalar va o‘smirlar orasida buqoqning endemik turi juda ko‘p uchraydi.
Buqoqning oldini olish uchta shaklda – ommaviy, guruhli va individual tarzda amalga oshirilishi mumkin. Ular orasida eng samarali usul birinchisi hisoblanadi. U har bir odam iste’mol qiladigan mahsulotga oz miqdorda yod qo‘shish orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, bugungi kunda yurtimizda aholi yodlangan osh tuzidan foydalanadi.
Shuningdek, guruhli choralarni qo‘llashda xastalikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar orasida yod preparatlarini ishlatish mumkin. Bu, birinchi navbatda, bolalar va o‘smirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, kasallikning oldini olishda individual choralar ham qo‘llaniladi. Ya’ni buqoqni davolash va oldini olish uchun preparatlardan foydalanish mumkin. Ammo dori vositalarini tibbiy tekshiruvdan o‘tgach va mutaxassis tavsiyasi bilan buqoqning darajasi va turiga qarab qo‘llash lozim. Aks holda nojo‘ya ta’sir etib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Feruza HAYDAROVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari