Zominda uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyat hokimligi, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi vakillari ishtirokida Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan Duoba qishlog‘ida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
5175 nafar aholiga ega mahallada 4 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 ta dam olish maskani, 2 ta pansionat, 3 ta bolalar sog‘lig‘ini tiklash lageri, 150 ta mehmon uyi va kempinglar mavjud.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi turli xalqlar madaniyati va milliy an’analarini rivojlantirishga yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilganligini ta’kidlashdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik g‘oyalarini hurmat qilish, ajdodlarimiz an’analarini asrab-avaylash, millat va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, eng yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi hamda yosh sportchilarning chiqishlari tadbir ishtirokchilarining katta e’tiborini tortdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan nashr etilgan “Sakkiz elning sakson ulug‘ siymosi”, “Sakkiz elning son-sanoqsiz o‘giti” va “Sakkiz elning sakson sakkiz ertagi” Zomin tumani o‘rta ta’lim muassasalariga va Jizzax viloyati milliy madaniy markazlariga topshirildi.
Tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilar hamda kitobsevarlar tanlovi g‘oliblariga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Zebo NAMOZOVA