“O‘ZBEKISTON MATBUOTI” II MILLIY FORUMI
“Xalqaro biznes-markazi”ning majlislar zalida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zMAA, O‘zAAA, fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, EOAVMA va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston matbuoti” II Milliy forumi o‘tkazildi.
Forum ishida markaziy va hududiy bosma hamda internet nashrlar rahbarlari, axborot agentliklari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari, jamoat tashkilotlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumning maqsadi OAVni rivojlantirish, axborot sohasini demokratik isloh etish, mass-media va fuqarolik jamiyati o‘zaro aloqalari mexanizmlarini takomillashtirish, media sohadagi faoliyatning huquqiy va iqtisodiy asoslarini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarni muhokama etishdan iborat.
Forumda ta’kidlangandek, axborot sohasini demokratlashtirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni hal etishda fuqarolik jamiyatlari institutlari ham faol qatnashmoqda, ularning faoliyati OAVni yanada liberallashtirishga doir eng muhim masalalarni hal etish, fuqarolarning demokratik islohotlar jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
Bu sohada bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat- notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi va boshqa ko‘plab tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2011-2012 yillarda mamlakat davlat byudjetidan va qayd etilgan jamoat birlashmalari mablag‘laridan nodavlat OAVlarni qo‘llab-quvvatlashga to‘rt milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirildi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi tomonidan Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi bilan hamkorlikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘z faoliyati ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirildi. 2011-2012 yillar davomida 120 nafardan ziyod vazirlik va idoralar axborot xizmatlari rahbarlari OAV, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirib, matbuot xizmatlari ish faoliyatining zamonaviy shakllari va usullari bilan tanishdilar, Germaniya, AQSH, Fransiya kabi davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgandilar.
Nodira Urmanova