O‘quvchilarga xos kasallik
Yangi o‘quv yili boshlangach bolalarda o‘quvchilarga xos kasalliklar ham sekin-asta o‘z rivojlanishini boshlab yuboradi. Ularni bu kasalliklardan omon saqlash uchun oldini olish tadbirlarini kanda qilmaslik lozim.
Jumladan, uzoqni ko‘ra olmaslik, skolioz (umurtqa pog‘onasining qiyshayishi), gastrit hamda ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko‘ra, har besh bolaning biri umurtqa pog‘onasi muammolaridan qiynalsa, har uchtadan bittasini oshqozoni bezovta qiladi.
O‘quv yili, ayniqsa, birinchi sinf o‘quvchilari uchun qiyin kechadi. Yangi kun tartibi, darslar, tanish bo‘lmagan sharoit tufayli bolaning ruhiy holatida o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu esa, o‘z navbatida, asab tizimiga ham ta’sir qilib, oshqozon ichak, og‘iz quloq burun tizimi surunkali kasalliklarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, gavda holati va ko‘rish qobiliyatida ham o‘zgarishlar ro‘y beradi.
Surunkali gastrit kasalligiga ko‘pgina o‘quvchilar chalinishi mumkin. Bola o‘qituvchi bilan til topisha olmasligi, sinfdoshlari bilan tortishib qolishi, yomon baho olishi kabi holatlarda asabiylashadi. Bu esa oshqozon-ichak tizimida turli buzilishlarga olib keladi. Turli «fast-fud» yoki qovurilgan taomlar bilan ovqatlanish, irsiy moyillik natijasida kasallik yanada zo‘rayadi.
Ota-onada surunkali gastrit bo‘lsa, bolada ham bu kasallikka chalinish xavfi ortadi. Bolaning surunkali infeksiyalar – tish kariyesi, bodomsimon bezlar yallig‘lanishi, gaymorit kabi xastaliklarga chalinishi esa kasallikning yanada jiddiy tus olishiga sabab bo‘ladi.
Gastrit alomatlari har doim ham ko‘zga tashlanavermaydi. Gastritga chalinganda bolada quyidagi alomatlar kuzatiladi:
• rangi o‘zgaradi;
• ishtahasi yo‘qoladi;
• tez toliqadi;
• jig‘ildoni qaynab, ko‘p kekiradi;
• ko‘krak chuqurchasida noxushlik sezib, qorni dam bo‘ladi;
• ko‘ngli ayniydi;
• qabziyat (ich qotishi)dan qiynaladi.
Kasallik qo‘zg‘alganda esa bu alomatlar kuchayadi.
Tavsiya: bolani ertalab nonushta qilishga o‘rgating. Unga foydali (grechka, guruchli) bo‘tqa tayyorlab berishdan erinmang. Bolaning portfelida doim qaynatib sovutilgan suv bo‘lsin. Tanaffus paytida yeyishi uchun ham biror yegulik bering. Yegulik quruq pechene yoki shokoladdan iborat bo‘lmasin. O‘quvchi farzandingizga olma yoki yogurt, pishloqli non, hech bo‘lmaganda quritilgan meva berib yuboring.
1-sinf o‘quvchilarining har uchtadan birida skolioz alomatlarini (elka va qomati bukchaygan, boshi egilgan bo‘ladi, oyog‘ini sudrab yuradi) ko‘rish mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu muammo chuqurlashib boraveradi. Eng avvalo bolaga qomatini to‘g‘ri tutishni o‘rgating: devorga suyanganda uning gardani, yelkalari, kurak suyagi, dumbasi va tovoni devorga tegib turishi kerak. Buning uchun ko‘krak kerish, boshni baland tutish talab etiladi. Bunday holatda turish albatta chiroyli, ammo bola shu tarzda yurishga ham o‘rganishi lozim.
Mushaklar o‘rganmagani uchun bu avvaliga biroz qiyin kechishi mumkin, ammo farzandingizning umurtqa pog‘onasi haqida qayg‘ursangiz, bolaga shunday yurishni o‘rgating. Aks holda, umurtqa pog‘onasida qiyshayish yuzaga keladi, ichki a’zolarida o‘zgarish sodir bo‘lib, eziladi. Bu esa ko‘pgina kasalliklarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ko‘krak qafasining orqa mushaklarini mustahkamlash lozim. Bu ayniqsa umurtqa pog‘onasi o‘sib borayotgan bolalar uchun muhim. Skolioz kasalligiga chalingan yoki moyilligi bor bolalarga suzish mashqlari tavsiya etiladi. Shuningdek, o‘quvchi bolaning suyaklari salomatligi uchun turli jismoniy mashqlar (ertalabki gimnastika) bilan shug‘ullanish foydali.
Tavsiya: farzandingizning portfeliga ahamiyat bering. Uni iloji boricha yengillating. Bolaning maktab sumkasi ryukzak shaklida bo‘lgani yaxshi. Dars tayyorlayotganida stuldan oyoqlari osilib turmasligi, suyanchig‘iga suyanib, tirsaklarini erkin ravishda stolga qo‘ya olishi lozim. Shuningdek, bolaning taomnomasida kalsiyga boy (tvorog, pishloq) mahsulotlar bo‘lishi zarur.
Maktab davri boshlangan ilk kezlarda o‘quvchi bolaning ko‘zlari ancha toliqadi. O‘qish, yozish kabi mashqlarning barchasi yaqin masofadan amalga oshiriladi. Shu sababdan miya ko‘zlarga tushayotgan og‘irlikni yengillatish uchun yaqindan ko‘rishni osonlashtirib qo‘yadi. Natijada, bola uzoqni yaxshi ko‘ra olmaydi. Bola maktabdan uyga qaytishi bilan televizor yoki kompyuter ekraniga tikilishi ham ko‘zlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tez-tez kasallanadigan bolalar uzoqni ko‘ra olmaslik dardiga ko‘proq uchraydi.
Tavsiya: har kuni bolaga ko‘z o‘tkirligi uchun mashq qilishni odat qildiring. Buning uchun o‘ng va chap ko‘z yordamida navbatma-navbat kitob o‘qish lozim. Kitobni jajji o‘quvchining qarshisiga tik holatda qo‘ying. Bola harflarni bemalol ko‘ra oladigan 35 sm. uzoqlikda o‘tirsin. O‘ng ko‘zini yopib, ikkinchi ko‘zi bilan 10-15 daqiqa kitob o‘qiting. So‘ng chap ko‘zi bilan ham xuddi shunday o‘qisin. Bunda ko‘z mushaklari mustahkamlanadi, ko‘rish o‘tkirlashadi. Shuningdek, bola tanaffus paytida, uyqu oldidan ko‘zlarini yumib, ko‘z soqqasini aylantirishi, harf yoki sonlarni «yozishi» mumkin. Bu ham ko‘z mushaklarini baquvvatlashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi.
Bola kuniga 15 daqiqadan ortiq televizor ko‘rmasligi, monitorga tikilib o‘tirmasligi kerak. Taomnomasida vitamin va antioksidantlarga boy mahsulotlar: yong‘oqlar, o‘simlik yog‘lari, askorbin kislotali mevalar bo‘lishi lozim.
Bola injiq va asabiy bo‘lib qolishining sababi tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar yoki kichkintoy tabiatidagi nuqsonlarga bog‘liq, deb hisoblanadi. Ammo bu har doim ham to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Ba’zi hollarda bu bolaning ortiqcha charchayotgani, maktabdagi ruhiy siqilish daragi bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun ota-ona o‘z farzandiga e’tiborli bo‘lishi, bola o‘zini qiynayotgan muammolar haqida ularga ayta bilishi lozim. Bolaning dars tayyorlashi va baholari bilangina emas, maktab hayoti haqida ham qiziqib ko‘ring.
Maktab nevrozlarining asosiy sabablari: ortiqcha toliqish, uyquga to‘ymaslik, juda ko‘p shug‘ullanish, qo‘shimcha to‘garak yoki darslarga qatnashi… Albatta, bolaning maktabda o‘qishi muhim, ammo bu salomatligiga zarar qilmaydigan tarzda amalga oshirilishi lozim.
1-sinfga borgan bolada o‘quv yili so‘ngiga kelib, uzoqni ko‘ra olmaslik – miopiya kasalligi vujudga kelishi mumkin. Shuningdek, uzzukun kompyuterga tikilish, televizor ko‘rish ham bu kasallikni keltirib chiqaradi.
Bu ko‘z kasalligiga chalinishning yana bir xavfli davri – 11 yosh. Bolada o‘smirlik davri boshlanadi, organizm faol ravishda o‘sa boshlaydi, tez charchaydi, darslar og‘irlashib boradi. Natijada butun organizm, jumladan, ko‘zlar ham stress holatiga tushadi.
Afsuski, miopiya kasalligidan butunlay qutulib bo‘lmaydi. Tish va bodomsimon bez kasalliklari, immunitet pasayib ketishi miopiyaning rivojlanishiga olib keladi.
Bu kasallikka chalingan bolalarning ko‘rish qobiliyatini 18 yoshdan so‘ng jarrohlik yo‘li bilan to‘g‘irlash mumkin.
Bolalardagi ko‘rish qobiliyatini ko‘zoynak yoki linzalar yordamida saqlab turish kerak. Albatta maktab yoshidagi bolalar uchun linzaga nisbatan ko‘zoynak taqish xavfsiz.
Tadqiqotlar natijasida kechki linzalar kashf qilingan. Bu linzalar miopiya rivojini sekinlashtiradi. Shuningdek, bola kompyuterda o‘tirganda maxsus nurfiltrli (antiblik) ko‘zoynak taqishi, doimiy sport bilan (og‘ir atletika, boksdan tashqari) shug‘ullanishi zarur. Bolani yilda bir marta mutaxassis shifokorga ko‘rsating.
Muhabbat NASIVALIYEVA,
oliy toifali bolalar shifokori